Kogon tumani

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Kogon tumani
Каганский район
Mamlakat Oʻzbekiston
Maqomi tuman
Tarkibida Buxoro viloyati
Maʼmuriy markazi Kogon
Asos solingan sanasi 1930
Rasmiy tillar Oʻzbek
Kogon tumani xaritada
Soat mintaqasi UTC+5

Kogon tumani - Buxoro viloyatidagi tuman. 1926 yil 29 sentabrda tashkil etilgan. Kogon tumani viloyatning Buxoro tumani, shim.da qisqa masofada Vobkent tumani hamda shim.-sharqda Amu-Buxoro mashina kanalining oʻzani orqali Navoiy viloyatining Qiziltepa tumani bilan chegaradosh. Maydoni 0,50 ming km². Aholisi 53,4 ming kishi (2002). Tumanda 9 qishloq fuqarolar yigʻini (Beklar, Sariyon, Bahouddin Naqshband, Kogon, Tutikunda, Siyozipoyon, Xoʻja Yakshanba, Yangi Hayot, Ubachoʻli) bor. Markazi — Kogon shahri

T a b i a t i . Tuman relyefi tekislikdan iborat. Yer yuzasining oʻrtacha balandligi 222 m. Quyimozor platosining eng baland joyi 252 m (Olchin tepaligi), Kogon shahridan janubidagi pastqam joylarning balandligi 215 m gacha (Kunjakoʻl pastqamligi). Iqlimi kontinental. Yillik oʻrtacha temperatura 15,G, yanvarniki 0°, iyulniki 29°. Minimal temperatura —25° (yanv. da), maksimal temperatura 46° (iyulda). Vegetatsiya davri 214 kun. Yiliga oʻrtacha 125–140 mm yogʻin toʻshadi. Yogʻinning koʻp qismi qish va bahorda yogʻadi.

Tuman Amu-Buxoro mashina kanali orqali suv bilan taʼminlanadi. Kanalning 10 km qismi tuman hududining shim.sharqiy chegarasidan oʻtadi. Quyimozor suv omboridan boshlangan kanalning bir qismi tuman hududini jan.dan kesib oʻtadi. Choʻl zonasida qorakoʻlchilik bilan bogʻliq chorva mollarining suv taʼminoti sizot va artezian quduqlar suvi yordamida amalga oshiriladi. Tumanning sugʻoriladigan yerlari Bu-xoro vohasiga tegishli boʻlib, u joylarda koʻp tarmoqli zovurlar sistemasi barpo qilingan. Ortiqcha suvlar zovurlar orqali jan.ga — Dengizkoʻlga yoʻnaltirilgan. Kuyimozor platosi (qirlari) va pastqam shoʻrxok, gips-qum-shagʻalli joylardan yaylov sifatida foydalaniladi.

Tuprogʻi och qoʻngʻir, qumoq choʻl tuprogʻi va shoʻrxok. Sugʻoriladigan yerlarda begona oʻtlarning yuzdan ortiq turi uchraydi. Choʻl zonasida gipsli toshloq yerlarda achchiqmiya, gulsapsar, shuvoq, astragal, tuyatovon, karrak, isiriq keng tarqalgan. Shoʻrxok yerlarda shoʻrajriq, yulgʻun, qamish, va boshqa mavjud. Qumoq joylarda yaltirbosh, arpagon, iloq va choʻlyalpiz qabilar oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan boʻri, tulki, chiya-boʻri, jayran va jayra, qushlardan soʻfitoʻrgʻay, chumchuq, zargʻaldoq, sudraluvchilardan gekkon kaltakesak, toshbaqa, sariq ilon, echkemar; kemiruvchilardan koʻrsichqon, kichik qoʻshoyoq, qumsichqon, tipratikan, kalamush va boshqa uchraydi.

Aho l i s i , asosan oʻzbeklar (92,5%), shuningdek, turkman, tojik, qozoq, rus, tatar, ukrain va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholi zichligi 1 km² ga oʻrtacha 106,8 kishi.

Xoʻjaligi. Kogon tumani xoʻjaliklari paxtachilik, gʻallachilik, bogʻdorchilik, sabzavotchilik va chorvachilikka ixtisoslashgan. Tumanda paxta tozalash, yogʻ, gʻisht zavodlari, parrandachilik f-kasi, 2 avtokorxona mavjud. Quyimozorda yigʻmatemir beton zavodi ishlab turibdi. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlaydigan agrosanoat tarmoqlari, 150 dan ziyod xususiy firma va korxona faoliyat koʻrsatmokda. Sanoat korxonalarining aksari qismi Kogon shahrida joylashgan.

Qishloq xoʻjaligining yetakchi tarmogʻi — paxtachilik. Jami ekin maydoni 16,1 ming ga, shu jumladan 8,4 ming ga yerga paxta, 5,6 ming ga yerga donli ekinlar, 0,5 ming ga yerga sabzavot, 1,3 ming ga yerga ozuqabop ekinlar ekiladi, 448 ga yer bogʻdan iborat.

Kogon tumanida 12 shirkat xoʻjaligi, 1 jamoa, 4 paychilik, 244 fermer, 156 dehqon xoʻjaligi bor. Tuman shirkat va shaxsiy xoʻjaliklarida 26,3 ming qoramol, 27,4 ming qoʻy va echki, 27,1 ming parranda mavjud (2002). Asalari boqiladi.

Kogon tumanidan (Kogon shahri orqali) qoʻshni mamlakatlarga boriladigan xalqaro temir yoʻl oʻtgan. Avtomobil transporti tumanni viloyat markazi Buxoro shahri hamda qoʻshni tuman markazlari va boshqa shaharlar bilan bogʻlaydi. Avtomobil yoʻllarining oʻz. 230 km dan ortiq. Tumanda 22 umumiy taʼlim maktabi, gimnaziya, 7 madaniyat uyi, 20 jamoat kutubxonasi, 28 sport inshooti, kasalxona (230 oʻrin), amboʻlatoriya, poliklinikalar mavjud.

Tarixiy-meʼmoriy yodgorliklardan Kogon shahri dagi tarixiy obidalar, Yangihayot qishlogʻidagi Sayid Amir Kulol, Qasri Orifon (Naqshband) qishlogʻidagi Bahouddin Naqshband meʼmoriy majmualari (14-asr) saqlangan.

Kogon tumanida "Mehnat bayrogʻi" gaz. chop etiladi (adadi 1180 nusxa).[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil