Qarshi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search
Qarshi
shahar
38°52′01″N 65°48′0″E / 38.86694°N 65.80000°E / 38.86694; 65.80000Koordinatalari: 38°52′01″N 65°48′0″E / 38.86694°N 65.80000°E / 38.86694; 65.80000
Mamlakat Oʻzbekiston
Viloyat Qashqadaryo viloyati
Aholisi
197 600
Vaqt mintaqasi UTC+5
Qarshi на карте
Qarshi
Qarshi

Qarshi (Naxshab, Navtaka, Nasaf, Behbudiy — 1926—1937-yillarda) — Oʻzbekiston Respublikasining Qashqadaryo viloyatidagi shahar (1926-yildan), viloyat markazi (1943-yildan).

Qashqadaryo vohasining markazida, Qashqadaryo boʻyida, xalqaro temir yoʻl va avtomobil yoʻllari kesishgan joyda. Maydoni 7,5 ming gektar. Aholisi 220 ming kishi (2005). Qarshi Oʻzbekistonning qadimiy shaharlaridan biri. U turli davrlarda Bolo, Nashebolo, Naxshab, Nasaf, nomlari bilan yuritilib, XIV asrdan Qarshi deb atala boshlagan.

Qarshi nomining kelib chiqishi toʻgrisida turli fikr va taxminlar mavjud. V. V. Bartold shaharning nomi moʻgʻul xoni Kepakxon qurdirgan Qarshi (qadimiy turkiychada saroy maʼnosini anglatgan) bilan bogʻliq deb taʼkidlaydi. Qutadgʻu bilig (Saodatga yoʻllovchi bilim) dostonida Qarshi atamasi saroy va qarama-qarshi turish maʼnosida qoʻllangan. Boburnomada ham bu nom moʻgʻul tilidan olinganligi taʼkidlangan. Keltirilgan taxminlarda atamaning qarshi — saroy, qasr maʼnolari koʻproq qoʻllanadi.

Dastlabki shahar Qashqadaryo vohasida Naxshab (suv obod qilgan, suv naqsh bergan manzil) nomi bilan miloddan avvalgi VII asrda Yerqoʻrgʻon oʻrnida vujudga kelib, uning atrofi qalʼa devori bilan oʻrab olingan (ushbu qalʼa devorlarining qoldiqlari arxeologlar tomonidan 1999-yilda oʻrganilgan). Naxshab soʻzi ilk bor hozirgi Afgʻoniston hududidan topilgan, miloddan avvalgi 328-yilda bitilgan, oromiy tilidagi hujjatda tilga olingan. Unda Xulma Bagavand hokimining Niksap (Naxshab) va Kish (Kesh, Shahrisabz) himoya devorlarini tuzatish uchun oʻz askarlarini joʻnatganligi xabar qilingan.

Shaharning yana bir nomi Novtak — Navtaka — yangi bino deb ham talqin qilinadi. Miloddan avvalgi VI asrda shahar kengayib, ichki devor bilan oʻralib (hozirgi saqlangan), maydoni 35 gektarni tashkil etgan. Iskandar Maqduniy bosqini davrida shahar vayron qilingan. Shundan keyin uning vohadagi yetakchi shahar sifatidagi maqomi pasayib borgan. Miloddan avvalgi III—II asrlarda shahar tashqi qalʼa devori bilan oʻralgan (maydoni 150 gektar boʻlgan). II—I asrlarda (hozirgi temir yoʻl stansiyasi hududida) yangi harbiy-siyosiy markaz maqomini olgan Zahhoki Moron qalʼasi bunyod etildi. Bu qalʼa ham Naxshab nomini olib asta-sekin kengaya bordi (qoldiqlari hozirgi Shulluktepa deb ataladi). Kidariylar oʻz qarorgohini 468-yilda yangi Naxshabga koʻchirdilar. 710-yilda arablar shahar (Naxshab arabcha talaffuzda Nasaf) va uning atrofidagi hududlarni bosib oldilar. IX—XIII asrlarda Naxshab (Nasaf) ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy jihatdan ravnaq topdi. X asrda Nasafda oʻsha davr musulmon olamida ilmiy kongress — majlisi tadris oʻtkazilgan. Oʻrta asrlarda Nasaf orqali Eron va Hindistonni Rossiya va Yevropa davlatlari bilan bogʻlagan muhim karvon yoʻllari oʻtgan, savdo-hunarmandchilik rivojlangan.

1220-yilda Nasafni Chingizxon qoʻshinlari vayron qildi. Undan keyingi davrda (XIV asrda) voha markazi 3 marta hozirgi Qarshi shahrining eski shahar qismi oʻrnida qayta tiklandi. Chigʻatoy ulusi xoni Kepakxon (1318—1326) Nasafdan 2 farsax (12—14 km) uzoqlikda qasr qurdirib, poytaxtni Qarshi deb atalgan bu qalʼaga koʻchirgan. Shahar hududidan topilgan arxeologik yodgorliklar, bino qoldiqlari Qarshida XIV asrning 1-yarmida bir qancha koshinkor imoratlar mavjud boʻlganligidan dalolat beradi. XIV asrning 2-yarmida shahar qoʻrgʻoni atrofi gʻisht va paxsa devor bilan oʻralgan, shaharda Odina masjidi qurilgan. Qalʼa atrofida 2,5–3 metr chuqurlikda xandaq qazilgan Xandaq ustida 4 ta koʻtarma koʻprik boʻlgan. Shahar qoʻrgoni hududi 40gektarni tashkil etgan.

XVI asrda shahar yaqinida yirik Namozgoh masjidi, hammom binolari qad koʻtargan. Ashtarxoniylar oʻzbek sulolasi davridan Qarshi Buxoro xonligi taxti merosxoʻrlari turadigan joyga aylandi. Imomqulixon davrida (1614—1615 yillarda) Qashqadaryodan Qarshi choʻliga kanal chiqarilgan. XVII—XVIII asrlarda Qarshi Qashqadaryo vohasidagi birinchi shaharga aylandi. Qarshi XVI asrdan XX asr boshlarigacha Buxoro xonligi, soʻngra amirligining Qarshi bekligi nufuzli markazi boʻlgan. Hunarmandchilik rivojlangan, pul zarb qilingan. Mangʻitlar oʻzbek sulolasi davrida Qarshida hammom, madrasa, xonaqoh, sardoba va sugʻorish inshootlari bunyod etilgan. Shahar va uning atrofi obodonlashgan.

Vengriyalik olim Herman Vamberi 1863-yilda Qarshida boʻlib, shaharda 10 ta karvonsaroy, katta bozor boʻlganligini yozadi. Aholisining 25 mingga yaqin asosiy qismi oʻzbeklar deb taʼkidlaydi. Paxta tozalash, yogʻ ekstraksiya, sut, pivo, motor taʼmirlash, taʼmirlashmexanika, uysozlik, plastmassa buyumlari zavodlari, goʻsht va un kombinatlari, tikuvchilik fabrikasi, qurilish materiallari, temir yoʻl transporti, toʻqimachilik korxonalari bor. 7 qoʻshma korxona, jumladan Uzbekiston—Turkiya qoʻshma korxonasi ishlab turibdi. Tuksiz gilamlar (paloslar) ishlab chiqariladi. Yerqoʻrgʻon ulgurji, Osiyo qurilish, Farhod xoʻjalik mollari bozorlari va boshqalar mavjud. Qarshi davlat universiteti, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, tibbiyot, pedagogika va boshqalar jami 13 kasb-hunar kolleji, 3 akademik litsey, 9 litsey va litsey-internat, 2 gimnaziya, 44 umumiy taʼlim, shuningdek, bolalar musiqa maktablari, 4 teatr (shu jumladan, viloyat musiqali drama teatri, viloyat qoʻgʻirchoq teatri va boshqalar), viloyat oʻlkashunoslik muzeyi, filarmoniya, 13 kutubxona, 5 klub, 3 madaniyat va istirohat bogʻi faoliyat koʻrsatadi. 22 kasalxona, ambulatoriya-poliklinika va boshqalar tibbiy muassasalar bor. Qarshi — Toshkent, Qarshi — Samarqand, Qarshi — Buxoro va boshqalar yoʻnalishlarda xamda tuman markazlariga avtobuslar va marshrutli taksilar qatnaydi. Qarshi aeroportidan Qarshi — Moskva, Qarshi — Andijon, Qarshi — Toshkent yoʻnalishlaridagi havo yoʻllarida samolyotlar qatnovi yoʻlga qoʻyilgan. Qarshida Koʻkgumbaz masjidi (XVI asr), qadimiy hammom (XVI asr), Qashqadaryo ustidagi qadimiy koʻprik (1583), Sharofboy madrasasi (XVIII asr boshlarida), Charmgar masjidi (XIX asr oʻrtalari), Bektemir madrasasi (1905), Xoja Abdulaziz madrasasi (XIX asr), Qilichbek madrasasi (XIX asr) va boshqa meʼmoriy obidalar saqlanib qolgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 29-sentyabrdagi „Qarshi shahrining 2700 yilligini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish toʻgʻrisida“gi qarori va Uzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 26-iyuldagi „Qarshi shahrining 2700 yilligini nishonlashga doir qoʻshimcha choratadbirlar toʻgʻrisida“gi qaroridan keyin shaharda keng koʻlamda tayyorgarlik ishlari boshlab yuborildi.

Koʻkgumbaz masjidi, tarixiy koʻprik va boshqalar meʼmoriy obidalar taʼmirlandi. Shaharda Nasaf, Geolog sport majmualari, tennis korti, yopiq choʻmilish havzasi, sport-sogʻlomlashtirish inshootlari, 20 ming oʻrinlik stadion, Olimpiya zaxiralari sport kolleji va boshqalar qurilmoqda. Viloyat teleradiokompaniyasi, Qarshi jamoatchilik va Qashqadaryo kabel televideniyelari ishlab turibdi.

Qarshidan Nasafiy taxallusi bilan koʻplab olimlar, shoirlar yetishib chiqqan. Shulardan Alisher Navoiyning „Majolis unnafois“ asarida tilga olingan Mavlono Soyiliy, Mavlono Mir Qarshiy, undan tashqari, Mahmud Nasafiy (musiqa va sanʼat sohasida), Qusam Shayxlar (diniy ilmlar sohasida) shuhrat qozonganlar.

Qadimiy Qarshi shahri 2006 yilda YUNESKO shafeligida 2700 yillik yubileyini nishonladi.

Tarixi[tahrir]

Ilk tarixi (er.av. VIII-II asrlar)[tahrir]

Qarshi shahrining tarixi eramizdan avvalgi VIII-VII asrlarga borib taqaladi. Yerqoʻrgʻonda olib borilgan arxeologik qazishmalar natijasida, ayni shu davrda Qarshi shahar sifatida shakllanganligi va qalin devor bilan oʻralganligi maʼlum boʻldi. Yirik savdo yoʻllariga yaqin joylashgan bu shahar Soʻgʻdiyonaning yirik shaharlaridan biriga aylandi.

Qarshi 545-539 yillarda Kir II sharqiy Eron viloyatlari va Markaziy Osiyodagi Xorazm, Soʻgʻdiyona, Margʻiyona viloyatlari va sak qabilalarini oʻziga boʻysindirdi. Naxshab ham Soʻgʻdiyonaning bir qismi sifatida Ahamoniylar hukmdorligi ostiga oʻtdi.

Naxshab eramizdan avvalgi IV asrda makedoniyalik Iskandar tomonidan ishgʻol qilindi. Iskandar, salavkiylar va Yunon-Baqtriya davrida bu yerda ellin madaniyati keng tarqaldi.

Islomgacha boʻlgan davr (er.av. II - eramizning VII asri)[tahrir]

Miloddan avvalgi II asrda Naxshab Parfiyona davlati tarkibiga kirdi. Bu davrda Naxshab ikki qatlamli devor bilan oʻralgan. Ikkinchi himoya devori 150 gektarga yaqin xududni tashqi xavfdan saqlab turgan. Yerqoʻrgʻon tashqi devori asosi 8 metr qalinlikda boʻlib, har 60 metrda yarim doirali minoralar boʻlgan. Devorning tepa qismida devor ichi koridori, oʻq-yoychilar xonalari mavjud boʻlgan.

Xionitlar va eftalitlar davrida Naxshab gullab yashnadi, Soʻgʻd vohasining savdo, hunarmandchilik markazlaridan biriga aylandi.

V asrda shaharda dahshatli yongʻin yuz berdi. Butun shahar yonig kul boʻldi. Undan keyin Naxshab tiklangan boʻlsa-da, turk hoqonlari va sosoniylar xujumlari natijasida xarobaga aylandi. Faqat VI asr oxiri VII asr boshlaridagina tashlandiq shahar xarobalari ustida kulollar maxallasi bunyod etildi va asta-sekin shahar oʻzini tiklay boshladi.

Islom fathidan keyingi Naxshab[tahrir]

VIII asrning boshida Mavarounnahrning boshqa shaharlari kabi Naxshab ham fath etildi. Shahar esa endi Nasaf deb atala boshladi. Shaharda ilk masjid qurildi. Istaxri, Ibn Xavqal va Muqaddasiy kabi musulmon joʻgʻrofiyunlarining bergan maʼlumotiga koʻra, Naxshab qalin devor bilan oʻralgan va toʻrt darvozaga ega boʻlgan.

Savdo yoʻllarining xavfsizligi, tarixda birinchi chek tizimi yoʻlga qoʻyilishi, islomdan oldingi savdogarlardan olinadigan soliqlarning bekor qilinishi butun xalifalikda boʻlgani kabi Nasafda ham savdo-sotiq va hunarmandchilikning rivojlanishiga olib keldi.

IX asrning boshida Nasaf Somoniylar tarkibiga kirdi. XI asrda qoraxoniylar qoʻliga oʻtdi. Moʻgʻullar bosqini arafasida Nasaf Xorazm sultonligi tarkibiga kirar edi.

Moʻgʻullar davrida Nasaf (XIII-XIV asrlar)[tahrir]

XIII asrning 20-yillarida Nasaf Chingizxon tarafidan vayron etildi. Aholining koʻpchiligi qirib yuborildi. Masjid va madrasalar vayron etildi.

XIV asrning boshlariga kelib Nasaf oʻzining mavqeini birmuncha tiklay boshladi. 1320 yilda Chigʻatoy ulusini qoʻlga kiritgan Kebekxon Nasafni oʻzining poytaxtiga aylantirdi. Nasafga muhabbati baland boʻlgan Kebekxon undan biroz quyiroqda saroy qurdirdi va bu saroy el orasida "Qarshi" yani moʻgʻulcha 'saroy' degan nom bilan mashhur boʻldi. Nasaf aholisi sekin-asta Qarshi atrofiga koʻchib oʻta boshladi. Mana shu paytdan boshlab Qarshi Nasafning ikkinchi nomiga aylandi va XIX asrga kelib Nasaf nomini isteʼmoldan chiqardi.

Qiziq maʼlumot: Kebekxon pul islohoti oʻtkazgan. Uning chiqargan pullari xalq orasida "kepaki" deb atala boshlangan. Qizigʻi shundaki, rus tilidagi "kopeyka" soʻzi bilan bu soʻz talaffuz jihatdan juda yaqin. Kebekxon davrida moʻgʻullarning Rusya ustidagi taʼsirini hisobga oladigan boʻlsak, "kopeyka"ning "kepaki"dan olingani unchalik ajablanarli emas.

Temuriylar davrida Nasaf (XIV-XVI asrlar)[tahrir]

Amir Temur strategik ahamiyatga molik boʻlgan Nasafni himoya devori bilan oʻratdi. Ammo, Amir Temurning vatani boʻlgan Keshning mavqei koʻtarilishi natijasida Nasaf biroz etibordan qoldi. Shuning uchun temuriylar davridan biron koʻzga koʻrinarlik yodgorlik qolmagan.

Shayboniylar, ashtarxoniylar davrida Qarshi (XVI-XVIII asrlar)[tahrir]

Qarshi shayboniylar hukmronligi ostiga oʻtgandan soʻng tez rivojlana boshladi. Shayboniylar davrida Qashqadaryo daryosi ustiga koʻprik qurildi va bu inshoat hozirgacha saqlanib qolgan. Undan tashqari Koʻkgumbaz jome' masjidi kabi obidalarning koʻpchiligi aynan shayboniylar davrida barpo etilgan.

Qarshi Buxoro amirligi davrida (XVIII-XX asrlar)[tahrir]

1785 yilda Amir Shoh Murod oʻzini amir deb e'lon qildi va Buxoro xonligi amirlikka aylantirildi. Buxoro amirligi davrida Qarshi amirlikning ikkinchi ahamiyatga ega boʻlgan shahriga aylandi. Hatto nufuzi va hajmi jihatdan Samarqandni ham ortda qoldirgan Qarshi, Buxoro amirligi valiahdlarining (yani taxt vorislarining) rasmiy qarorgohi boʻlib qoldi.

Oxirgi Buxoro amiri Said Olimxon 1898 yildan 1910 yilgacha Nasaf voliysi vazifasini bajardi.

Shoʻrolar davrida Qarshi[tahrir]

1919 yilda Mahmudxoʻja Behbudiy Qarshida qatl etilgandan soʻng, shahar 1926 yildan 1937 yilgacha Behbudiy deb atala boshladi.[1] Ammo, keyinchalik aholi koʻnikkan Qarshi nomi qaytarildi.

Shoʻrolar davrida Qarshi asosan qishloq xoʻjaligiga asoslangan Qashqadaryo viloyatining markaziga aylandi. Shaharda boshqa shaharlar kabi shoʻrolar arxitekturasiga oid binolar qurildi. Bir-biridan uncha farq qilmaydigan, koʻrimsiz koʻp qavatli binolar oʻzbek mahallalariga muqobil oʻlaroq koʻplab qurila boshladi. Bu esa Qarshining qadimiylik ulugʻvorlik siyogʻini yoʻqotishiga olib keldi. Ba'zi masjid-madrasalar omborxona hatto qiynoqlar qoʻllanadigan turmaxonalarga aylantirildi. "Toshturma" degan sovuq nomga ega boʻlgan bunday turmalardan biri shaharning 2700 yilligi yubileyiga qadar oʻz vazifasini bajarib keldi.

Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obʼyektlari[tahrir]

"Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obʼektlari" milliy roʻyxatiga Qarshida joylashgan 28 arxeologiya va 25 arxitektura yodgorliklari, 6 monumental sanʼat yodgorliklari va 1 nafar diqqatga sazovor joy kiritilgan[2]

Mashhur kishilari[tahrir]

Qarshi shahridan bir qancha taniqli olimlar, shoir, faylasuflar yetishib chiqqan. Hadis ilmining bilimdonlaridan Abul Abbos al-Mustagʻfiriy, Abu Turob Naxshabiy, yetuk shoir va olimlar Ziyoviddin Naxshabiy, Muyididdin Nasafiy, Sayido Nasafiy, huquqshunos alloma Najmiddin Nasafiy, kalom ilmining namoyandasi Abul Muʼin Nasafiy, faylasuf Aziziddin Nasafiy, mohir meʼmorlar Ali Nasafiy, Olim Nasafiy va boshqalar shular jumlasidandir.

Manbalar[tahrir]

  1. http://dic.academic.ru/dic.nsf/enc3p/150150
  2. [https://lex.uz/ru/docs/4543266 Моддий маданий мероснинг кўчмас мулк объектлари миллий рўйхатини тасдиқлаш тўғрисида Ўзбекистон Республикаси Вазирлар Маҳкамасининг 846-сон 04.10.2019 й. қарори]. Lex.uz. 2020-09-20.