Buxoro amirligi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search
Buxoro amirligi
Flag of None.svg
1785 — 1920


Flag of the Bukharan People's Soviet Republic.svg
Flag of the Emirate of Bukhara.svg
Bayroq
Bukhara1850.png
1850-yildagi Buxoro xonligi
Poytaxti Buxoro
Til(lar)i Oʻzbek tili, Fors tili
Dini Islom
Pul birligi kumush, oltin tanga
Aholisi oʻzbeklar, tojiklar, turkmanlar, arablar, Buxoro yahudiylari
Boshqaruv shakli mutlaq monarxiya
amir
 - 1785—1800 Shohmurod
 - 1911—1920 Said Alim
Meros boʻlib oʻtishi
Buxoro xonligi
Buxoro Sovet Xalq Respublikasi

Buxoro amirligi — Buxoro xonligini 1756-yildan keyingi nomi; oʻzbek sulolasi ashtarxoniylar o‘rniga kelgan oʻzbek mang‘itlar sulolasi vakillari o‘zlarini amir deb atashgan. Shunga ko‘ra, davlat Buxoro Amirligi deb atala boshlangan. 1920-yil Buxoro bosqini natijasida tugatilgan.

1758-yilda Rahimbiy vafotidan soʻng mangʻitlar amirlik taxtiga uning amakisi Miyonkoʻl hokimi Doniyolbiy (1758—1785-yillar) nomzodini surishadi. Lekin u qatʼiy markaziy hokimiyatni saqlab qololmadi. Mangʻitlarning tarafdorlari va gʻanimlari oʻrtasidagi oʻzaro janjallar, joylardagi hokimlarning mustaqillikka boʻlgan intilishlari oʻn yillarga choʻzilib ketdi. 1784-yili Doniyorbiyning boʻshligidan norozi boʻlgan Buxoro ahli qoʻzgʻolon koʻtardi va amir hokimiyatni oʻgʻli Shohmurodga (1785-1800-yillar) topshirdi.

Amir Shohmurod hukmronligi davri[tahrir]

Shohmurod yangiliklarni Arkda saroy ahli guvohligida ikkita poraxoʻr yirik amaldor — Davlat qushbegi va Nizomiddin qozikalonni qatl etishdan boshladi. Shundan soʻng Shohmurod Buxoro ahliga ularni bir necha soliqdan ozod etuvchi imtiyozli hujjatni tantanali tarzda topshirdi. Hujjatning matni tosh lavhada kesilgan boʻlib, u katta jomeʼ masjidining ayvoniga oʻrnatildi. Shohmurod „joʻl“(„jul“) deb nomlangan va urush holatida qoʻshin saqlash maqsadida foydalaniladigan yangi soliq turini joriy qildi. Hokimiyatni oʻz qoʻlida jamlab olgach, u xonlik unvonidan voz kechdi va amirlik darajasida qoldi. Taxtga esa Shohmurod Chingizxon avlodlaridan boʻlgan Donishmandchini, keyinroq esa Abulgʻozini koʻtardi, lekin ular amalda hokimiyatga ega emasdilar. 1785-yili Shohmurod pul islohotini oʻtkazdi hamda 0,7 misqollik (3,36 g) toʻla qimmatli kumush tangalar va bir xil shakldagi oltin tangalarni zarb etishni yoʻlga qoʻydi. U sud mahkamasiga ham shaxsan rahbarlik qildi. Shohmurod Buxoro amirligi tarkibiga Amudaryoning chap sohilidagi hududlarni, jumladan, Balx va Marvni qaytardi. 1786-yili u Karmanada xalq qoʻzgʻolonini bosdirdi, keyin Shahrisabz va Xoʻjandga muvaffaqiyatli yurishlarni amalga oshirdi. Shohmurod afgʻon hukmdori Temurshohdan ustun kelib, asosan o`zbeklar va tojiklar yashaydigan janubiy Turkistonni oʻz qaramogʻida saqlab qolishga erishdi.

Amir Haydar hukmronligi davri[tahrir]

Amir Haydar (1800—1826-yy.) otasidan soʻng taxtga oʻtirgan vaqtda butun Mavorounnahr uning hukmiga boʻysinar edi. Haydarning taxtga koʻtarilishi ommaviy qoʻzgʻolonlar va qatllar bilan toʻgʻri keldi. 1800-yili Marv turkmanlari bosh koʻtarishdi. Ichki janjallarga koʻp oʻtmasdan Qoʻqon bilan Oʻratepa uchun urush qoʻshildi. Haydar ushbu shaharni tasarrufida saqlab qolishga muvaffaq boʻldi. Amir Haydar davrida siyosiy tizim yakka hokimiyatchilik tomon intilayotgan markazlashgan monarxiyadan tashkil topgan edi. Amirga 4 ming kishigacha yetadigan byurokratik mahkama xizmat qilardi. Armiyaning miqdori oshdi. Faqat Buxoroning oʻzida 12 ming harbiydan iborat qoʻshin turardi. Ahmad Donishning yozib qoldirishicha, amir Haydar boshqaruv vaqtiga „har 3-6 oyda yuzaga keladigan toʻxtovsiz feodal urushlar davri“ deya baho berish mumkin.

Amir Nasrullo hukmronligi davri[tahrir]

Nasrulla.jpg

Haydardan soʻng taxtga uning oʻgʻli Nasrulla (1827—1860-yy.) oʻtirdi. Unga hokimiyat sari yoʻl ochish maqsadida akalari Husayn va Umar oʻldirildi. Armiya va ruxoniylarga suyangan Nasrulla zodagonlarni jilovlash maqsadida feodal tarqoqlikka qarshi qatʼiy kurash olib bordi. Hukmronligining birinchi oyida u har kuni 50-60 tadan kishini qatl qildi. Nasrullo shu paytgacha amirlik tarkibiga faqat nomigagina kirgan viloyatlarni birlashtirishga erishdi. Viloyatlarni boshqarishga oʻziga muteʼ boʻlgan „nasl-nasabsiz“ kishilarni tayinladi. Nasrullo amirligi chogʻida Xiva va Qoʻqon xonliklari bilan Marv, Chorjoʻy, Oʻratepa, Xoʻjand kabi chegarada joylashgan alohida hududlar uchun boʻlgan tinimsiz urushlar davom etib turdi. Shahrisabz va Kitob hukmdorlarining qarshiligi, ayniqsa kuchli boʻldi. Bir necha harbiy yurishlardan soʻng 1853-yilga kelib ular Buxoroga boʻysindirildi. Amirlik tarkibiga faqat Zarafsxon daryosining oʻrta va quyi oqimidagi vohagina barqaror kirgan edi.[1][2]

18-asrning ikkinchi yarmi - 19-asrning boshlarida yashagan oʻzbek shoiri Sayqaliyning kitobi Buxoroda mashhur boʻlgan; u Buxoroda koʻp marta koʻchirilgan.[3]

Amir Muzaffar (1860—1885) hukmronligi davri[tahrir]

amir Muzaffar

1860 yilning oktyabr oyida Amir Nasrullo vafotidan sʻong taxtga ugli Muzaffar chiqdi. Muzaffarning hukmronlik davri Rossiyaning Oʻrta Osiyo xonliklariga qarshi harbiy harakatlari kuchaygan davrga toʻgri keladi. Muzaffar qoʻshini bilan general Romanovskiy boshchiligidagi Rossiya qarbiy kuchlari oʻrtasidagi dastlabki toʻqnashuv Jizzax bilan Oʻratepa oʻrtasidagi Erjar (Maydayulgʻun)da boʻlib, unda Buxoro qoʻshini magʻlubiyatga uchragan (1866.8.05). 1868 yilning may oyida Chupon ota tepaliklarida Buxoro qoʻshinlari Kaufman qoʻshinidan engildi. 2—3 iyunda Zirabuloq jangiaya magʻlubiyatga uchragach, 1868 yil 23 iyunda Samarqandda imzolangan Rossiya—Buxoro sulh shartnomasiga koʻra, Buxoro amirligi Rossiyaga tobe boʻlib qolgan.

Amir Muzaffarning oʻzi shoir Alisher Navoiy ijodiga muxlis boʻlgan va 1872 yilda Buyuk Britaniya qirolichasi Viktoriyaga Navoiyning "Devoni" qoʻlyozmasini taqdim etgan.[4]

1868 yil iyuldan 1885 yilda vafotigacha amir Rossiya imperiyasi bilan tinch munosabatlarni davom ettirdi. Unga bir qator elchilar yuborilgan: Nosovich, Kostenko va Petrovskiy. Elchilarni kutib olish marosimlari oʻzbek tilida oʻtkazilar edi. Tantana xizmatkorlari - udaychilar aytardilar: "Hazrati Amirni Xudo Muzafar Mansur qilsun" (yaʻni: Xudo buyuk amirni qudratli va gʻolib qilsin) [5].

Amir Abdulahad (1885—1910) hukmronligi davri[tahrir]

Buxoro amirligining maʼmuriy markazlari, XX asr boshlari
Abdulahadxon
Said Abdulahadxon

Buxoro amiri huquqiy jihatdan mustaqil hukmdor sanalsa ham, haqiqatda rus podshosiga qaram edi. Amir va uning amaldorlariga qarshi xalq harakatlari podsho Rossiyasi qoʻshinlari yordamida bostirilar edi. Amir Abdulahad rus podshosining generaladʼyutanti hisoblangan. Uning davrida rus maʼmurlari amirlikda katta imtiyozlarga ega boʻlgan. Amirlik yerlaridan oʻtgan temir yoʻl boʻylariga rus aholisi keltirilib joylashtirildi. Buxoro Afgoniston chegarasining muhofazasi bilan ham rus qoʻshinlari shugʻullangan.

Amir Said Olimxon (1910—1920) hukmronligi davri[tahrir]

Said Olimxon

1910-yilda otasi Abdulahad Xon vafot etadi. Taxtga 1910-yilda oʻtirdi.Oʻsha yili Rossiya Imperiyasi Imperatori Nikolay II tomonidan Oliy martabaga koʻtariladi. 1911-yilda Said Olimxonga Hazrati Oliylari Imperator Svitasida general-mayor unvoni beriladi.[6]

Boshqaruvining boshida u sovgʻalar olmasligini, boshqa vazir va boshliqlarga pora olishni man etishini va soliqchilar va boshliqlarni xalqdan olgan soliqni oʻz manfaatlarida qoʻllamaslikni amr etdi. Biroq vaqt oʻtib vaziyat oʻzgarib ketdi, ushbu intrigalar oqibatida yangi qonunlar chiqarmoqchi boʻlganlar Moskva va Qozonga yuborildi. Said Olimxon esa boshqaruvini anʼanaviy tarzda davom ettirdi.

1913 yil 22-fevralda Sayyid Olimxon Xiva xoni Asfandiyorxon bilan birgalikda Peterburgdagi birinchi jomeʼ masjidining ochilishida ishtirok etdi. [7]

Buxoro amirligi Rossiya Imperiyasiga qaram hisoblansada Said Olimxon oʻz davlatida Amir maqomiga ega edi. Said Olimxinning pullariga Sankt-Peterburgda Masjid va Buxoro Amiri Uyi qurildi. 1915-yilning 30-dekabr kuni general-leytenent maqomiga ega boʻldi va Ter Kazaklari qoʻshinida general-adyutant maqomigacha koʻtarildi.

Buxoro amirligining podsho Rossiyasiga tobeligi amir Olimxon zamonida (1910—20) yanada ortdi. Amirlikda yettita rus xususiy bankining shuʼbasi ish olib borardi. Birinchi jahon urushi boshlanishi bilan amirlik aholisining ahvoli yanada ogʻirlashdi. Xuddi shu davrga kelib jadidlik harakati asosida yosh buxoroliklar partiyasi faoliyati kuchaydi. 1917 yil Fevral inqilobi munosabati bilan bu partiya amirlikni podsho Rossiyasi boʻyinturugʻidan qutqazish, baʼzi islohotlar oʻtkazish ishiga kirishdi. Yosh buxoroliklar rus bolsheviklari bilan hamkorlikda 1918 yil martida amir hukumatini agʻdarishga urindilar. Ammo bu harakat muvaffaqiyatsizlikka uchradi. 1920 yil 2 sentabrda Buxoro bosqini natijasida amirlik tugatildi.

Manbalar[tahrir]

  1. arxiv nusxasi, archived from the original on 2017-02-02, https://web.archive.org/web/20170202023753/http://eduportal.uz/ebooks/ozbekistontarixi8/220.html, qaraldi: 2017-01-25 
  2. "Buxoro amirligi" OʻzME. B-harfi[sayt ishlamaydi] Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  3. Katalog Vostochnykh rukopisey. Dushanbe,1970,s.106-108
  4. JOHN SEYLLER, A MUGHAL MANUSCRIPT OF THE «DIWAN» OF NAWA’I in Artibus Asiae, Vol. 71, No. 2 (2011), pp. 325—334
  5. Petrovskiy N. Moya poyezdka v Bukharu. // Vestnik Yevropy. — 1873. — № 3.
  6. Список генералам по старшинству. Часть I, II и III. Составлен по 1 июня 1911 года — СПб., 1911, с. 910
  7. «Sankt-Peterburgskiye vedomosti», 23 fevralya (8 marta) 1913, № 44, str. 3

Adabiyotlar[tahrir]

  • Bregel, Y. (2009). The new Uzbek states: Bukhara, Khiva and Khoqand: C. 1750–1886. In N. Di Cosmo, A. Frank, & P. Golden (Eds.), The Cambridge History of Inner Asia: The Chinggisid Age (pp. 392-411). Cambridge: Cambridge University Press
  • Anke fon Kyugelʼgen, Legitimizatsiya sredneaziatskoy dinastii mangitov v proizvedeniyakh ikh istorikov (XVIII—XIX vv.). Almaty: Dayk press, 2004
  • Olufsen, O. (Ole), The emir of Bokhara and his country; journeys and studies in Bokhara (with a chapter on my voyage on the Amu Darya to Khiva). Gyldendalske Boghhandel, Nordisk Forlag. Copenhagen, London: William Heinemann, 1911