Toʻrtkoʻl
![]() | Bu maqolada manbalar <ref></ref> teglariga olinmagan, yoki umuman koʻrsatilmagan. Iltimos, qoida va koʻrsatmalarga muvofiq maqolani vikilashtiring. |
Toʻrtkoʻl qoraqalpoqcha: Tórtkúl | |
---|---|
shahar | |
41°33′0″N 61°0′0″E / 41.55000°N 61.00000°E G OKoordinatalari: 41°33′0″N 61°0′0″E / 41.55000°N 61.00000°E G O | |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
Respublika | Qoraqalpogʻiston Respublikasi |
Avvalgi nomlari | Petroaleksandrovsk |
Qachondan beri shahar | 1873 |
Aholisi (2004) |
50 800 |
Vaqt mintaqasi | UTC+5 |
|
Toʻrtkoʻl (qoraqalpoqcha: Tórtkúl, 1873-1918-yillarda Petro-Aleksandrovsk) — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Toʻrtkoʻl tumanidagi shahar, tuman markazi. Yaqin temir yoʻl stansiyasi — Toʻrtkoʻl (4 km). Aholisi — 50,8 ming kishi (2004).
Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]
Toʻrtkoʻl Amudaryoning oʻng sohilida oʻrnashib olgan mustamlakachi rus harbiylari tomonidan qadimgi Toʻrtkoʻl qishlogʻi oʻrnida 1873-yil 13-avgustda qalʼa sifatida barpo qilingan va rus podsholari sharafiga Petro-Aleksandrovsk deb nomlangan. Shahar qurish uchun xon devonbegisi Matniyoz (Muhammad Niyoz)ga qarashli yerlarning 3227 tanobi (Amudaryo sohilidan 12 chaqirim narida) tortib olingan. Shahar qatʼiy plan asosida toʻrtburchak (toʻrt gul — kvadrat) shaklida qurilgan (Toʻrtkoʻl nomi shundan). Mahalliy rivoyatlardan birida shahar nomi "Durgil" forsiy "Durri gil" — serhosil, oltin tuproq maʼnosida talqin etiladi. Shaharda rus harbiy qoʻshinlari joylashgan, strategik jihatidan qulay yerdagi bu shahar podsho Rossiyasi tomonidan Sirdaryo viloyati Amudaryo boʻlimining siyosiy-maʼmuriy va harbiy boshqarmasi qarorgohiga aylantirildi.
1925-yildan Toʻrtkoʻl Qoraqalpogʻiston Muxtor viloyatining maʼmuriy markazi, 1932-yildan Qoraqalpogʻiston ASSRning birinchi poytaxti boʻldi. Daryo suvining qirgʻoqni yuvishi natijasida oʻng qirgʻoq yemirilib Amudaryo Toʻrtkoʻlga yaqinlashib kela boshladi. 1925-yilda Amudaryo Toʻrtkoʻldan 8 km uzoqlikda oqib oʻtgan boʻlsa, 1934-yilda suv shahardan atigi 500–800 m naridan oqib oʻta boshladi. 1938—40-yillar mobaynida daryo qirgʻogʻining yuvilishiga qarshi olib borilgan choralarga qaramay shaharni suv yuvib ketdi va 1949-yilda shahar yangi joyga koʻchirildi. 1932-yilda Qoraqalpogʻiston ASSR poytaxti Toʻrtkoʻldan Nukusga koʻchirilgan.
Hozirgi holati[tahrir | manbasini tahrirlash]
Toʻrtkoʻl iqtisodiy va madaniy jihatdan Qoraqalpogʻistonning rivojlangan shaharlaridan biri. Shaharda "Agromashtaʼmir", paxta tozalash zavodi, "Toʻrtkoʻlteks", "Toʻrtkoʻlyogʻ", "Toʻrtkoʻlmoy" qoʻshma korxonalari, temirbeton zavodi, "OsiyoToʻrtkoʻl" korxonasi, 2 avtokorxona, Yonbosh suvqurilish, 1 qurilish boshqarmalari, 3 qurilish koʻchma mexanizatsiyalashgan kolonna, 3 MTP bor. Shuningdek, tuman hokimiyati binosi, supermarket, "Nihol", "Navbahor", "Zarafshon", "Orom" kafelari, "Yusupota" choyxonasi, Tantanalar uyi, avtovokzal va temir yoʻl vokzali, madaniyat saroyi, "Yoshlik" madaniyat va istirohat bogʻi, oʻlkashunoslik muzeyi, 2 uy-muzeyi, 2 madaniyat uyi, 8 kutubxona, markaziy maydonda "Mustaqillik", "Motamsaro ona", "Baynalminal jangchilarga" yodgorliklari mavjud. 11 umumiy taʼlim, biznes, sanʼat maktablari va boshqa, sanatoriy, maktab-internat, tibbiyot, bank, qilshloq xoʻjalik maishiy xizmat, yengil sanoat kasb-hunar kollejlari faoliyat koʻrsatadi. Toʻrtkoʻlda Toshkent iqtisodiyot universitetining oʻquv konsultativ punkti ishlab turibdi.
Stadion (20 ming oʻrin), markaziy kasalxona (625 oʻrin), tez tibbiy yordam markazi boʻlimi, sil va teritanosil kasalliklari dispanserlari, bolalar va ayollar konsultatsiyasi, poliklinika, stomatologiya poliklinikasi, "Doridarmon" va boshqa dorixonalar mavjud. Toʻrtkoʻl respublika ahamiyatiga ega boʻlgan avtomobil yoʻli yonida joylashgan. Toshkent—Nukus yoʻnalishidagi poyezdlar Toʻrtkoʻl orqali oʻtadi. Havo transporti Toʻrtkoʻlni Nukus, Buxoro, Samarqand, Toshkent shaharlari bilan bogʻlaydi. Elektr energiyasi Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasidan olinadi.
Hozirgi vaqtda Toʻrtkoʻl — Qoraqalpogʻistonning yirik shaharlaridan biri. 2010-yil yozida shaharda yirik oziq-ovqat-buyum bozori ochildi. Shahar oʻz TVsiga ega. Toʻrtkoʻl tumanida 6 ta kollej mavjud: Toʻrtkoʻl bank kolleji, Toʻrtkoʻl sanoat-pedagogika kolleji, Toʻrtkoʻl tibbiyot kolleji, Toʻrtkoʻl qishloq xoʻjalik kolleji, Toʻrtkoʻl sanoat-qurilish kolleji va Toʻrtkoʻl akademik litseyi.
Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]
![]() | Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
|
|