Abdullaxon II

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Navigatsiya qismiga oʻtish Qidirish qismiga oʻtish
Abdullaxon II
Abdulla ibn Iskandar ibn Jonibek sulton ibn Xoja Muhammad ibn Abulxayrxon
AbdullakhanII.jpg
Abdullaxon II portreti
War flag of Khanate of Bukhara.svg
 Buxoro xonligi hukmdori
Ulugʻ xon
Mansab davri
1583-yil — 2-fevral 1598-yil
Oʻtmishdoshi Iskandarxon
Vorisi Abdulmoʻminxon
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 1533-yil
Buxoro xonligi
Miyonqol
Ofarinkent
Vafoti 2-fevral 1598-yil
Buxoro xonligi
Samarqand
Fuqaroligi Buxoro xonligi
Bolalari Abdulmoʻminxon
Ota-onasi
Dafn etilgan joyi Buxoro
Daxmai shohon

Abdullaxon II (toʻliq ismi: Abdulla ibn Iskandarxon ibn Jonibek sulton ibn Xoja Muhammad ibn Abulxayrxon) (1534; Miyonkol, Ofarinkent qishlogʻi – 1598.8.2, Samarqand, Buxoro yaqinidagi Bahouddin majmuasiga dafn etilgan) – oʻzbek davlatchiligi tizimidagi Buxoro xonligining shayboniylar sulolasidan chiqqan eng yirik hukmdori (1583—1598), davlat arbobi, sarkarda, ilm-fan, maʼrifat, madaniyat homiysi.

Abdullaxon II — davlat arbobi, sarkarda, ilm-fan, maʼrifat, madaniyat homiysi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bobosi Jonibek sulton (vafoti 1528/29) Karmana va Miyonkol hokimi (1512/13-yildan boʻlgan. Otasi Iskandar sulton oʻgʻli tugʻilgan paytda Ofarinkentni, keyichalik, aftidan aka-ukalaridan biri vafot etgach, Karmanani boshqargan. Abdullaxon II Shayboniyxon vafotidan keyin parchalanib ketgan mamlakat hududini qayta birlashtirish, markaziy davlat hokimiyatini mustahkamlash uchun yoshlik chogʻidan qattiq kurash olib borgan. Toshkent hokimi Navroʻz Ahmadxon (Baroqxon) bilan Koson yonida (1548), Moʻgʻuliston xoni Abdurrashidxon va shayboniylardan Doʻstum sultonlar qoʻshiniga qarshi Forob yonida (1554) jang qilgan. Yosh Abdulla sulton oʻzining hukmdor sifatidagi butun gʻayrat-shijoatini 1551-yil Karmanada namoyish etgan; viloyatga Toshkentdan Navroʻz Ahmadxon va Samarqanddan Abdullatifxon hujum qilganlar, Iskandar sulton Amudaryo ortiga qochgan. Abdulla sulton otasi vazifasini oʻz zimmasiga olib bu hujumni muvaffaqiyatli qaytargan. Keyingi yillarda (1552–56) oʻz mulkini gʻarbga – Buxoro tomonga va janubiy-sharq – Qarshi va Shahrisabz tomonga kengaytirishga intilgan. Bu saʼy-harakat dastlab muvaffaqiyatsiz chiqqan, hatto 1556-yil u ota meros mulkini tashlab Maymanaga qochishga majbur boʻlgan. U amakisi, Balx hokimi Pirmuhammaddan harbiy yordam olib va piri Joʻybor xojalaridan Xoja Muhammad Islom koʻmagida Navroʻz Ahmadxon, keyinchalik uning oʻgʻillari Darveshxon va Bobo sultonlarga qarshi uzoq muddat kurash olib borgan. Navroʻz Ahmadxon vafot etgach (1556), darhol Karmana va Shahrisabzda oʻz hukmronligini tiklaydi, 1557-yil mayda Buxoroni qoʻlga kiritadi va uni oʻz poytaxtiga aylantiradi. 1561-yil otasini davlat boshligʻi – xon deb eʼlon qilib, uning nomidan mamlakatni oʻzi boshqara boshlaydi. Markaziy xokimiyatga boʻysunishdan bosh tortgan shayboniy sultonlar bilan kurashib Balx (1574), Samarqand (1578), Toshkent, Sayram, Turkiston (1583) va Fargʻona (1583)ni egallaydi. 1582-yil Dashtga yurish qilib Ulugʻtogʻta qadar borgan. 1583-yil otasi Iskandarxon vafot etgach, mamlakatni oʻz nomidan boshqara boshlaydi. Markaziy hokimiyatga qarshi koʻtarilgan Maymana va Garchiston (1583), shuningdek Badaxshon (1585)dagi gʻalayon, tartibsizliklarni bostirgan. Xorazmga ikki marta yurish (1594, 1596) qilib, u yerda markaziy hokimiyat hukmronligini qayta tiklagan. Abdullaxon II mamlakat hududi yaxlitligini tiklash yoʻlida qoʻshni xorijiy davlatlar bilan ham kurash olib borgan. Masalan, Turkiya Movarounnahrda oʻz taʼsirini kuchaytirish niyatida Abdullaxon II ga qarshi kurashda Bobo sultonga yordam bergan. Bobo sulton turk askarlari yordamida Nasaf yonida Abdullaxon II ga qarshi jang qilgan. Abdullaxon II safaviylar bilan Xuroson, Gʻilon uchun kurashib ularni oʻz tasarrufiga kiritgan. Sharqiy Turkistonga qilingan yurishda Qashqar va Yorkent viloyatlarini olgan. Boburiylar ham Badaxshon, Shom, Afgʻoniston va Xuroson uchun Abdullaxon II ga qarshi kurashganlar. Abdullaxon II bunga qarshi Sind (1583), Kashmir (1586)ni egallab, davlatning janubiy. chegaralarini mustahkamlagan[1].

Abdullaxon II davrida mamlakat hududi[tahrir | manbasini tahrirlash]

nothumb
Buxoro hukmdorlari
1500 — 1510 Muhammad Shayboniy
1511 — 1512 Suyunchxoʻjaxon
1512 — 1530 Koʻchkunchixon
1530 — 1533 Abu Said
1533 — 1540 Ubaydulla I
1540 — 1540 Abdulla I
1540 — 1551 Abdullatif
1540 — 1550 Abdulaziz
1552 — 1556 Navroʻz Ahmad
1552 — 1556 Burhon sulton
1556 — 1561 Pirmuhammad
1561 — 1583 Iskandarxon
1583 — 1598 Abdullaxon II
1598 — 1599 Abdulmoʻmin
1599 — 1601 Pirmuhammad II
1601 — 1605 Boqimuhammad
1605 — 1608 Valimuhammad
1608 — 1650 Imomquli
1640 — 1647 Nadr Muhammadxon
1645 — 1680 Abdulaziz
1680 — 1702 Subhonquli
1702 — 1711 Ubaydullaxon II
1711 — 1747 Abulfayz
1756 — 1758 Muhammad Rahim
1758 — 1785 Doniyolbiy otaliq
1785 — 1800 Amir Shohmurod
1800 — 1826 Amir Haydar
1826 — 1826 Amir Husayn
1826 — 1827 Amir Umar
1827 — 1860 Amir Nasrulloh
1860 — 1885 Amir Muzaffar
1885 — 1910 Amir Abdulahad
1910 — 1920 Amir Olimxon

Abdullaxon II davrida mamlakat hududi Qashqardan Orol va Kaspiy dengizlari sohillarigacha, Turkiston va Sayramdan Xurosonning sharqiy qismigacha boʻlgan yerlardan iborat edi. Abdullaxon II hayotining soʻnggi yillarida oʻgʻli Abdulmoʻmin (qarang Abdulmoʻminxon) bilan chiqishmay qolgan. Abdulmoʻmin 1582-yil kuzidan Balxni otasi nomidan boshqarayotgan edi. Iskandarxon davrida Abdullaxon II haqiqiy, amaldagi hukmdor boʻlgani kabi, Abdulmoʻmin ham keksaygan otasiga nisbatan shunday mavqeni egallamoqchi boʻlgan. Faqat ulamolarning aralashuvi tufayligina ota-bola oʻrtasida ochiq urush harakatlari boshlanmagan va Abdulmoʻmin otasiga boʻyin egishga majbur boʻlgan. Ular oʻrtasidagi munosabatlar keskinlashganidan xabar topgan qozoq xonlaridan Tavakkalxon Toshkent viloyati va ToshkentSamarqand oraligʻidagi yerlarga bostirib kirib, unga qarshi yuborilgan qoʻshinni yenggan. Unga qarshi safarga otlangan Abdullaxon II Samarqandga yetganda vafot etgan[2]. By Shokhrukhmirzo

Tashqi siyosati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdullaxon II faol tashqi siyosat olib borgan. Bu davrda shayboniylar Eron, Hindiston, Turkiya,Xitoy, Rossiya va boshqa mamlakatlar bilan keng diplomatik, iqtisodiy, savdo aloqalari olib borganlar. Masalan, Abdullaxon II elchilari 1583-yil Moskvadan oʻq-dori, ov qushlari, mato olib kelganlar. Bunday elchilik 1589, 1595-yillarda ham qaytarilgan. Abdullaxon IIning mamlakat ichki siyosatidagi, davlat boshqaruv tizimini mustahkamlash, ayniqsa pul islohoti oʻtkazish yoʻlidagi faoliyati natijalari keyingi davrlarda ham saqlanib qolgan. U koʻplab turli inshootlar qurdirgan. Hozirgacha xalq orasida u yoki bu inshoot qurilishi Amir Temur yoki Abdullaxon II ga nisbat beriladi.

Abdullaxon II davrida madaniy hayot[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdullaxon II davrida Buxoro yaqinidagi Sumiton (Joʻybor) mavzesida Joʻybor xojalaridan Abu Bakr Saʼd (970/971 yil vafot etgan) mozori atrofiga Madrasa, masjid, xonaqoh va chorbogʻ (1558–66), Buxoroda madrasa (qarang Abdullaxon madrasasi), hammom, Govkashon, Fatxulla qushbegi, Mirakan, Xoja Muhammad Porso, yangi Chorsu (1569–70), tim (qarang Abdullaxon timi), Karmana yaqinida Zarafshon daryosi ustiga koʻprik (1582) va boshqa qurildi. Bunday inshootlar va karvonsaroylar Samarqand, Toshkent, Balx va boshqa shaharlarda ham qurilgan (masalan, Abdullaxon IIning nufuzli amiri Qulbobo Koʻkaldosh sharafiga Toshkentda qurilgan Koʻkaldosh madrasasi va boshqalar). Karvon yoʻllarida sardobalar, rabotlar, kanallar, suv omborlari (qarang Abdullaxon bandi), koʻpriklar (masalan. Surxondaryoda xalq orasida Iskandar koʻprigi nomi bilan mashhur boʻlgan Gʻishtkoʻprik va boshqalar), chorbogʻlar bunyod etilgan[3].

Abdullaxon II davrida shaharsozlik, ilm-fan va adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdullaxon II davrida mamlakatda shaharsozlik, adabiyot, ilm-fan taraqqiy etgan. Buxoro madaniyat, ilm-fan markaziga aylangan Hofiz Tanish Buxoriyning Abdullanoma („Sharafnomayi shohiy“) (1584–89), Amin Ahmad Roziyning „Haft iqlim“ (1583), Mutribiyning dunyo xaritasi ilova qilingan „Tazkiroti shuaro“ (taxminan. 1593–95) va boshqa ilmiy asarlar yaratildi. Buxoroda mashhur Abdullaxon kutubxonasi tashkil qilingan. Unda mashhur xattotlar Mir Ali Hiraviy, Ahmad Husayniylar va boshqa kitob koʻchirish bilan mashgʻul boʻlishgan. Hasanxoja Nisoriyning „Muzakkiri ahbob“ asari Abdullaxon II ga bagʻishlangan. Bu davrda shoir, adib va ilohiyotchi olimlardan Mushfiqiy, Nizom Muammoiy, Muhammad Darvish oxund, qozi Poyonda Zominiy, mulla Amir, Muhammad Alti Zohid, tabiblardan mavlono Abdulhakim va boshqa yashab ijod etgan. Abdullaxon IIning oʻzi ham isteʼdodli shoir boʻlib, „Xon“ taxallusi bilan oʻzbek va fors tillarida sheʼrlar yozgan. Mamlakatda (Buxoro, Samarqand, Toshkent, Balx va boshqa shaharlarda) hunarmandchilik, savdo-sotiq rivojlangan. Hunarmandlar turli ipak matolar, uy-roʻzgʻor, zargarlik buyumlari, qurol-yarogʻlar va boshqa tayyorlardilar. Movarounnahr ustalari tayyorlagan buyumlar ichki va tashqi bozorda juda xaridorgir boʻlgan[4].

XVI asr tarixchisi, oʻzbeklarning Qatagʻon qabilasidan boʻlgan Muhammad Yar ibn Arab Qatagon "Musaxir al-bilad" ("Mamlakatlarni zabt etish") asarini yozgan. Asarda Shayboniylar, jumladan, Abdullohxon II davri haqida hikoya qilinadi.[5]

Harbiy sanʼat rivojlanishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Harbiy sanʼat taraqqiy etgan. Qoʻshin tarkibini nayza, qilich, manjaniq, naftandoz va shotular bilan qurollangan otliq va piyoda qismlar tashkil qilgan. 16-asr ikkinchi yarmidan qoʻshin Turkiya va Rossiyadan keltirilgan pilta miltiq va zambaraklar bilan qurollana boshlagan (yana qarang Buxoro xonligi)

Oʻlimi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdullaxon II 1598-yil 8-fevralda Samarqandda vafot etgan. Uning vafoti toʻgʻrisida manbalarda maʼlumotlar turlicha. Baʼzi manbalarda Abdullaxon II oʻz ajali bilan vafot etgan deyilsa[6], baʼzi mualliflar xonning vafotiga oʻgʻli Abdulmoʻminxon sababchi boʻlgan deb hisoblaydi[7]. Joʻybor shayxlari xonadoniga mansub Muhammad Tolib oʻzining „Matlab ut-tolibin“ asarida Abdullaxon II oʻz oʻgʻli Abdulmoʻminxon buyrugʻi bilan Boqimuhammadbiy tomonidan zaharlanib oʻldirilgan, deya qayd etadi. Lekin bu maʼlumot taxminiy ekanligini ham eslatib oʻtadi[6].

1588/89-yili Abdullaxon II Abdulmoʻminxonni qoʻshin bilan Xurosonga yuboradi. Shahzoda zimmasiga yuklatilgan vazifani yaxshi uddalaydi. Biroq uning boshiga oliy hukmdorlikni qoʻlga kiritishdek ahmoqona xayol paydo boʻladi. U Amir Muhammad Boqi Doʻrmonni otasining ovqatiga zahar solib qoʻyishga koʻndiradi. Bu ish amalga oshiriladi. Abdullaxon 10 kun jisman va ruhan qattiq azob-uqubatni boshidan kechiradi, Samarqanddagi Chaqar mahallasida, Goʻri Amir yaqinida vafot etadi. Uning jasadi oʻgʻli yetib kelguncha 20 kun atrofida shu yerda saqlanadi. Shundan soʻng xonning janozasi oʻqilib, Buxoroda Bahouddin Naqshband majmuasidagi Daxmai shohonga dafn qilinadi[7].

A. Jumanazarga koʻra, Abdullaxonning oʻlimi voqeasiga yana aniqlik kiritilishi talab etiladi. Sababi, Mutiribiy bu borada Abdulmoʻminxon taxtga koʻz tikkan boʻlsa-da, otasini oʻldirishga ulgurmagani haqida maʼlumot bergan[7].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Bartold V. V., Sochineniya, 11(2) t., M., 1964
  2. Hasanxoja Nisoriy, Muzakkiri ahbob, T., 1993;
  3. Hofiz Tanish Buxoriy, Abdullanoma, 1-j., T., 1999;
  4. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent 2000-yil
  5. Muhammadyor ibn Arab Qatagʻon. "Musahhir al-Bilad". T., 2009
  6. 6,0 6,1 Zamonov 2021, p. 76.
  7. 7,0 7,1 7,2 Jumanazar 2017, p. 159.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Jumanazar A. K.. Buxoro taʼlim tizimi tarixi. Toshkent: Akademnashr, 2017 — 592 bet. ISBN 978-9943-4728-2-2. 
  • Zamonov A.. Buxoro xonligi tarixi: metodik qoʻllanma. Toshkent: Bayoz, 2021 — 264 bet. ISBN 978-9943-6372-0-7.