Kontent qismiga oʻtish

Jizzax (shahar)

Jizzax
shahar
Jizzax
Gerb
40°7′0″N 67°51′0″E / 40.11667°N 67.85000°E / 40.11667; 67.85000
Mamlakat Oʻzbekiston
Viloyat Jizzax viloyati
Hukumat
  hokim Xolmurodov Komil Adhamovich
Ilk eslatilishi X asr
Maydon 49 km2 (19 kv mi)
Markazi balandligi 378 m
Iqlim turi Keskin-kontinental
Rasmiy til(lar)i oʻzbekcha
Aholisi
 (2023)
188, 300
Zichligi 200 kishi/km2
Milliy tarkib
Konfessiyaviy tarkib
Vaqt mintaqasi UTC+5
Telefon kodi 72
Pochta indeks(lar)i 130100 — 130117
Avtomobil kodi 13 (1998—2008), 25 — 29 (2008)
Jizzax xaritada
Jizzax
Jizzax

Jizzax − Oʻzbekiston Respublikasining Jizzax viloyatidagi shahar. Viloyatning maʼmuriy, iqtisodiy va madaniy markazi[1].

Shahar Sangzor daryosi boʻyida, Nurota tizmasining shimoliy etaklarida, Mirzachoʻl dashtining janubiy qismida, dengiz sathidan oʻrtacha 460 m balandlikda, Toshkent-Samarqand temir yoʻli va Katta Oʻzbekiston trakti yoqasida joylashgan. Maydoni 0,1 ming km² (49640 ga) ga teng. 2023-yilning 1-aprel holatiga Jizzax viloyatining doimiy aholisi soni 1483,1 ming kishini, Jizzax shahar aholisi esa 188,3 ming kishini tashkil etgan[2].

Etimologiyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Eng mashhur versiyalardan biriga koʻra, shahar nomi soʻgʻdcha „Dizak“ soʻzidan kelib chiqqan boʻlib, „kichik qal’a“ degan maʼnoni anglatadi[3].

Yunon solnomachilari Gazoni alohida tilga olishadi. Arxeologlar Gazo shahrining oʻrnini aniq va asosli tayin etmasalarda, tarixiy manbalarda uni Samarqand va Toshkent oraligʻida joylashganligi aytiladi. Olimlar Gazoni qadimiy Jizzax deb taxmin qiladilar.

Jizzax Oʻrta Osiyodan oʻtgan bir necha qadimiy karvon yoʻlining tutashgan joyida vujudga kelgan. Yozma manbalarda ilk bor arab geograf olimlari va sayyohlaridan Ibn Havkal va Muqaddasiplarning asarlarida Ustrushonaning Faknon viloyatidagi shahar deb tilga olinadi. Shahar arablar istilosidan oldin ham mavjud boʻlgan.

Jizzax IX−X asrlarda Somoniylar, XI−XIII asr boshida Qoraxoniylar, Xorazmshohlar davlati, XIV−XV asrlarda Temuriylar davlati, XVI−XVIII asr 1-yarmida Buxoro xonligi, XVIII asr 2-yarmidan 1866-yilgacha Buxoro amirligiga tobe boʻlgan.

Shahar bir necha marta inqirozga uchrab, yana qayta tiklangan. XVI−XVII asrlarda aholi hozirgi eski bozordagi Oʻratepaga koʻchgan. XIX asr 60-yillarida u ham harobaga aylangan. Keyinchalik yana tiklangan. XIX asr 2-yarmidan Turkiston general gubernatorligi tarkibiga kiritilgan. Jizzaxda tegirmon, juvozxona, temirchilik ustaxonalari, kulolchilik korxonalari va boshqalar ishlab turgan. Shahar XVI−XIX asrlarda koʻpgina tarixiy voqealarning guvohi boʻlgan. 1571-yilda Abdullaxonning Dashti qipchoq xoni Boboxon va Toshkent hokimi Darveshxon bilan Jizzaxdagi toʻqnashuvi shaharga koʻp talafot yetkazgan. 1866-yil 12−18-oktyabrda Jizzax qalʼasi rus bosqinchilari tomonidan toʻpga tutilib, vayronaga aylantirilgan. 1916-yildagi Jizzax isyonida shahar rus mustamlakachilari tomonidan yana vayron qilinib, aholi beshafqat qirilgan.

Jizzaxda 1920-yillardan boshlab yangi korxonalar qurilgan. 1930-yil mahalliy xom ashyo bilan ishlaydigan ohak zavodi, 1932-yil shahar elektr stansiyasi, 1942-yilda paxta zavodi, 1943-yilda qishloq xoʻjaligi mashinalarini taʼmirlaydigan zavod, 1949-yilda yogʻ-pishloq zavodi, 1960-yilda Oʻzbekistonda eng yirik binokorlik materiallari kombinati ishga tushdi. Mirzachoʻl va Qarshi choʻllarini sugʻorish uchun polietilen quvurlar va polixlorvinil mahsulotlari ishlab chiqariladigan kimyo kombinati (1969), elevator, un zavodi va aralash yem ishlab chiqariladigan sexdan iborat un kombinati qurildi (1970). 1971-yilda gʻisht zavodi va Toshkent trikotaj firmasi filialining birinchi bosqichi foydalanishga topshirildi. Shuningdek, non zavodi, tikuvchilik fabrikasi mahsulot bera boshladi.

Shaharning maydoni taxminan 0,1 ming km² (49640 ga). Jizzax Sangzor daryosi vodiysida, Nurota togʻlarining shimoliy etagida, Mirzachoʻl dashtining janubida joylashgan.

Shahar Toshkentdan 180 km janubi-gʻarbda, Samarqanddan 90 km shimoli-sharqda joylashgan. Jizzax shahri egallab turgan hudud Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumani bilan chegaradosh.

Iqlimi keskin kontinental. Yanvardagi oʻrtacha harorat 1,5°, minimum − 35°, iyulda oʻrtacha haorat 28,5°, maksimum − 46°.

Mahallalar (Mahalla Fuqarolar Yigʻini)

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Jizzaxlik MFY- Jizzax shahridagi mahalla nomi. Mazkur mahalla 2013-yil 30-avgustda davlat roʻyxatiga olingan. Mahalla shahardagi qadimiy mahallalardan biri boʻlib, qadimiy Jizzaxning markaziy qismi, bozor va hunarmandlar rastasi ham shu mahalla hududida joylashgan. Mahalla hududi oʻtmishda uchga boʻlingan, jizzaxlik, havastlik, sovungarlik. Jizzaxliklar shaharning qadimgi qoʻrgʻonida yashagan, oʻtroq mahalliy aholi. Keyinchalik qoʻrgʻondan koʻchib chiqib, hozirgi Jizzaxlik mahallasi oʻrnida muqim yashab qolgan tubjoy aholi vakillari, qoʻrgʻonliklar demakdir. Sayiljoyi, Qassoblik mahallalari va Sharof Rashidov tumani bilan chegaradosh. Umumiy yer maydoni 167 ga, xonadonlar soni 700 tani, aholi soni esa 5600 nafarni tashkil etadi. Jizzaxlik — (Jizzax+lik) mazkur joydan yetishib chiqqan insonlarni koʻrsatadi.

Alisher Navoiy MFY — Jizzax shahridagi mahalla nomi. Mazkur mahalla 2013-yil 30-avgustda davlat roʻyxatiga olingan. Shahar markazidan 1 km masofada joylashgan boʻlib, shahardagi Madaniyat, Kimyogar, Mirzo Ulugʻbek, Obod, Hamid Olimjon, Toshloq va Sangzor mahallalari bilan chegaradosh. Umumiy yer maydoni 79 ga, xonadonlar soni 1115 tani, aholi soni esa 4630 nafarni tashkil etadi. Jizzax shahridagi ushbu mahalla buyuk turkiy shoir va Temuriylar davlati arbobi Alisher Navoiy sharafiga nomlangan.

Amir Temur MFY — Jizzax shahridagi mahalla nomi. Mazkur mahalla 2013-yil 30-avgustda davlat roʻyxatiga olingan. Shahar markazidan 10 km masofada joylashgan boʻlib, Gʻallaorol tumani, Sharof Rashidov tumanlari bilan chegaradosh. Umumiy yer maydoni 4137km kv, xonadonlar soni 1550 tani, aholi soni esa 8937 tani tashkil etadi. A.Temur mahallasi Jizzax qalʼa shahri Nurota va Turkiston tizma togʻlarini ajratib turuvchi, kengligi 120-130 metrga toʻgʻri keluvchi Ilonoʻtti (Temur darvozasi) darasi sharq tomonida joylashgan. Amir Temur — (1336-yil 9-aprel — 1405-yil 18-fevral) oʻrta asrlarning buyuk turkiy askari va qoʻmondoni, Temuriylar imperiyasi asoschisi, Oltin Oʻrda, Mamluk sultonligi, Dehli sultonligi, Usmonlilar davlati, Kavkaz va Erondagi davlatlarni yengishi ortidan musulmon olamining toʻla yetakchisi, yeri 4,4 mln km² ga yetishgan 14 — yuzyillikning eng kuchli davlat quruvchisi, 35 yillik boshqaruvi va yurishlari chogʻida biror urushni yutqazmagan qoʻshinboshi, oʻtmishda koʻrilgan uchta buyuk harbiy-taktik urush va yurish qoʻmondonlaridan biri, Temuriylar uygʻonish davri asoschisi, ilm-fan, meʼmorchilik, sanʼat va adabiyot homiysi. Ushbu mahalla buyuk sarkarda Amir Temur sharafiga nomlangan.

Bunyodkor MFY — Jizzax shahridagi mahalla nomi. Mazkur mahalla 2009-yil 30-avgustda davlat roʻyxatiga olingan. Shahar markazidan 5 km masofada joylashgan boʻlib, Qaliya, Nurliobod, Doʻtlik, Yoshlik, Sharof Rashidov tumanining Qangli, Nurafshon mahallalari bilan chegaradosh. Umumiy yer maydoni 170 ga, xonadonlar soni 1378 tani, aholi soni esa 6835 tani tashkil etadi. Bunyodkor — Mustaqillikdan keyin atalgan mazkur soʻzga „Oʻzbek tilining izohli lugʻati“da quyidagicha izoh beriladi: „asos soluvchi, barpo qiluvchi, yaratuvchi“ (Oʻzbek tilining izohli lugʻati, I jild, 522-bet)

Bogʻishamol MFY — Jizzax shahridagi mahalla nomi. Mazkur mahalla 1993-yil 30-oktabrda davlat roʻyxatiga olingan. Mahalla Sangzor, Shodlik, Xayrobod, Amir Temur mahallalari bilan chegaradosh. Umumiy yer maydoni 64 ga, xonadonlar soni 406 tani, aholi soni esa 2358 tani tashkil etadi. 1397-yilda Amir Temur tomonidan oʻzining Mironshoh qizi nevarasiga bagʻishlab, Bogʻishamol barpo etilgan, u „Shamolli bogʻ“ maʼnosini ifodalaydi.

Doʻstlik MFY — Jizzax shahridagi mahalla nomi. Mazkur mahalla 2005-yil 30-avgustda davlat roʻyxatiga olingan. Shahar markazidan 4 km masofada joylashgan boʻlib, Z. M. Bobur, Obod, Bunyodkor, Ittifoq hamda Sharof Rashidov tumanining Hamid Olimjon mahallalari bilan chegaradosh. Umumiy yer maydoni 76 ga, xonadonlar soni 1005 tani, aholi soni esa 5203 tani tashkil etadi. Doʻstlik deb atalishiga sabab, ilk bor mahallada 13 ta millat vakillari istiqomat qiladigan Ittifoq va Hamid Olimjon mahallalaridan ajratib olingan. Otaxon va onaxonlar millatlar tinch-totuv, ahil-inoq, erkin, faravon boʻlsin degan maqsadda Doʻstlik mahallasi deya nom berilgan. Doʻstlik mahallasida har tomonlama qulay tabiiy sharoitlar bor, koʻp millatli fuqarolardan iborat. Mahallada oʻzbek, tojik, qirgʻiz, rus, tatar, qozoq, koreys millatiga mansub fuqarolar ham yashashadi. Doʻstlik soʻzi ijtimoiy-axloqiy va psixologik tushuncha hisoblanadi. Oʻzaro hurmat, yoqtirish, manfaatlarning umumiyligi yaqinlik, bir-birini tushinishga asoslangan kishilar oʻrtasidagi munosabatni ifodalaydi. Doʻstlik millat va xalqlar oʻrtasidagi ijobiy aloqalarda ham oʻz ifodasini topadi.

Hamid Olimjon MFY — Jizzax shahridagi mahalla nomi. Mazkur mahalla 2013-yil 6-iyunda davlat roʻyxatiga olingan. Alisher Navoiy, Mirzo Ulugʻbek, Tichlik, Xayrobod, Sangzor mahallalari bilan chegaradosh. Umumiy yer maydoni 75 ga, xonadonlar soni 681 tani, aholi soni esa 3648 tani tashkil etadi. Hamid Olimjon — (1909.12.12. Jizzax — 1944.03.07. Toshkent) shoir, adabiyotshunos, publitsist va jamoat arbobi nomiga mahalla nomi qoʻyilgan.

Ittifoq MFY — Jizzax shahridagi mahalla nomi. Mazkur mahalla 2013-yil 30-avgustda davlat roʻyxatiga olingan. Shahar markazidan 8 km masofada joylashgan boʻlib, Z. M. Bobur, Doʻstlik, Yoshlik, Qaliya mahallalari bilan chegaradosh. Umumiy yer maydoni 79 ga, xonadonlar soni 3060 tani, aholi soni esa 11650 tani tashkil etadi. Ittifoq — ahil-inoq, birlashmoq maʼnolarini anglatadi.

Kimyogar MFY — Jizzax shahridagi mahalla nomi. Mazkur mahalla 2013-yil 30-avgustda davlat roʻyxatiga olingan. Obod, Madaniyat, Alisher Navoiy mahallalari bilan chegaradosh. Umumiy yer maydoni 76.48 ga, xonadonlar soni 1778 tani, aholi soni esa 6378 tani tashkil etadi. Mustaqillikdan keyin mahallaga kimyogar nomi berilgan, bunga mahalladagi asosiy binolar Jizzax kimyo (plastmassa) zavodi tomonidan bunyod etilgani hamda ularda zavodining ishchi-xizmatchilari yashayotganligi sabab boʻlgan. Kimyogar — kimyo ilmi bilan shugʻillanuvchi shaxs — kimyogar.

Madaniyat MFY — Jizzax shahridagi mahalla nomi. Mazkur mahalla 2017-yil 12-aprelda davlat roʻyxatiga olingan., Kimyogar, Bobur, Alisher Navoiy, Mirzo Ulugʻbek, Qaliya mahallalari bilan chegaradosh. Umumiy yer maydoni 67 ga, xonadonlar soni 1334 tani, aholi soni esa 6167 tani tashkil etadi. Toponim nomi jamiyatning ishlab chiqarish, ijtimoiy va maʼnaviy hayotida qoʻlga kiritgan yutuqlari majmuasini ifodalaydi. Oʻqimishlilik, taʼlim-tarbiya koʻrganlik, ziyolilik, maʼrifatlilik, ham madaniyatga erishmoqdir. Mahallani shunday nomlanishiga ana shu maʼnolar asos boʻlgan.

Mirzo Ulugʻbek MFY — Jizzax shahridagi mahalla nomi. Mazkur mahalla 2014-yil 19-fevralda davlat roʻyxatiga olingan. Qaliya, Nurliobod, Madaniyat, Tinchlik mahallalari va Sharof Rashidov tumani bilan chegaradosh. Umumiy yer maydoni 170 ga, xonadonlar soni 1383 tani, aholi soni esa 4065 tani tashkil etadi. Kishi ismi asosida mahalla nomi qoʻyilgan. Mirzo Ulugʻbek — (1394-y. Mashxad- 1449-y. Samarqand). Amir Temur nabirasi, Shoxruh Mirzo oʻgʻli. Davlat arbobi, sarkarda, buyuk oʻzbek astronomi, va matematik. Mahalla mana shunday buyuk vatandoshimiz nomi bilan atalgan.

Navroʻz MFY — Jizzax shahridagi mahalla nomi. Mazkur mahalla 2013-yil 30-avgustda davlat roʻyxatiga olingan. Turon, Shodlik, Sangzor, Alisher Navoiy mahallalari bilan chegaradosh. Umumiy yer maydoni 38 ga, xonadonlar soni 696 tani, aholi soni esa 4274 tani tashkil etadi. Toponim fors-tojik tilida nav-yangi, roʻz-kun, yaʼni, yangi kun, yangi yil maʼnolarini ifodalaydi. Shamsiy yilning birinchi kuni, hamal oyining boshlanishi 21-martga toʻgʻri keladi. Yangi yil Navroʻz bayrami sifatida nishonlanadi. Kecha kunduzning vaqt jihatidan teng boʻlgan davri, dehqonlar hisobida bahorning birinchi kuni, xalq sayli va bayrami. Mahalla nomi milliy bayram sifatida nishonlanadigan Navroʻz bilan bogʻliq. Oʻzbek va boshqa sharq xalqlarining bir necha ming yillik tarixiy, anʼanaviy, qadimiy va milliy bayrami sharafiga rasmiy-maʼmuriy tarzda mahalla nomi Navroʻz deb atalgan. Navroʻz — fors-tojik tilida nav-yangi, roʻz-kun, yaʼni, yangi kun, yangi yil maʼnolarini ifodalaydi.

Shaharda 12 ta yirik sanoat korxonalari faoliyati olib bormoqda: „Jizzaxdonmaxsulotlari“ AJ, „Jizzax Akkumlyator Zavodi“ AJ, „Jizzakh Textile“ MCHJ, „Boʻston olami“ MCHJ, „Suvoqava“ DUK, „Oʻzbekenergo“ DAK, „Oʻztransgaz“ AK, „Toza Hudud“ DUK, Manbai" DUK, „Jizzax-Toshtepa Tekstil“ MCHJ, „Jizzax Akkumulyator Zavodi Distributor“ MCHJ, „Master Building Products“ MCHJ. Jizzax shahrida 32 ta maktab, 155 ta maktabgacha taʼlim muassasasi, 51 ta kutubxona, 40 ta sogʻliqni saqlash muassasasi va 12 ta masjid bor. Shuningdek, shaharda 69 ta qoʻshma va xorijiy korxonalar va 1125 ta kichik sanoat korxonalari faoliyat yuritmoqda.

Jizzax shahar aholisi 188,3 ming kishini tashkil etadi va uning milliy tarkibi: oʻzbeklar (85,6%), ruslar (4,5%), tojiklar (2,0%), tatarlar (1,2%), qozoqlar (1,8%), qirgʻizlar (0,7%) va boshqa millat (4,2%) vakillari.

Tarixiy yodgorliklari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Jizzaxda „Sayhonsoy qoyatoshlari“dagi suratlar (4,5 ming yil avval), eng qadimgi odamlar yashaganligi tahmin etilayotgan „Peshagʻor gʻori“ madaniy qatlamlari, ikki ming − ikki yarim ming yillik tarixga ega „Mozorsoy yodgorliklari“, „Jomonjar yer osti ehromlari“, qadimgi manbalarda tilga olingan Gaza, Xarakana, Zomin, Sobot, Miq (1,2,3,4,5,6), Marsmanda, undanda qadimiyroq xitoy solnomalarida tilga olingan „Yecha shahri“ qoldiqlari boʻlmish qadimgi qal’alar va shaharlar saqlanib qolgan.

Jizzax viloyatida „Temir darboza“, „Saʼd ibn abu Vaqqos“, „Parpi ota“, „Xoʻjamushkent ota“, „Novqa ota“, „Oʻsmat ota“, „Said Burhoniddin Qilich“, „Xoʻjabogʻbon ota“ kabi koʻplab ziyorat manzillari va qadamjolar bor.

2008-yilning 10-iyun holatiga Jizzax viloyati hududida jami 372 ta madaniy meros obyektlari, shundan 42 ta tarixiy obida va muqaddas ziyoratgohlar, 267 ta arxeologik manzilgohlar, 63 ta monumental yodgorliklar (haykallar, byustlar, xotira maydonlari) „Davlat muhofazasi roʻyxatlari“ga kiritilgan.

Jizzax politexnika instituti;

Jizzax davlat pedagogika universiteti;

Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti Jizzax filiali[4];

Qozon federal universitetining Jizzax filiali[5];

Sambhram Universiteti Jizzax filiali[6].

Jizzax politexnika instituti qoshidagi akademik litsey;

Jizzax davlat pedagogika instituti qoshidagi „Sayiljoy“ akademik litseyi;

Jizzax davlat pedagogika instituti qoshida 2-raqamli akademik litsey.

Jizzax yengil sanoat kasb-hunar kolleji;

Jizzax tibbiyot kolleji;

Jizzax pedagogika kolleji;

Jizzax arxitektura-qurilish kasb-hunar kolleji;

Jizzax viloyat yuridik kolleji;

Jizzax shahar iqtisodiyot va servis kasb-hunar kolleji.

Sharof Rashidov memorial muzeyi.

Hamid Olimjon va Zulfiya memorial muzeyi.

Oʻlkashunoslik muzeyi.

Yunus Rajabiy nomidagi drama teatri.

Bolalar qoʻgʻirchoq teatri.

Jizzax uzoq yillik sport anʼanalariga ega va professional sport faol rivojlanayotgan shahardir. Sportni rivojlantirish Jizzax viloyati madaniyat va sport ishlari boshqarmasi tomonidan nazorat qilinadi.

Shaharda „Soʻgʻdiyona“ futbol klubi bor (1970−1972 va 1975−1976-yillarda „Jizzax“ deb nomlangan). U mezbon uchrashuvlarini 2015-yilda qayta qurilgan va hozirda 11650 tomoshabinga moʻljallangan koʻp maqsadli arena − "Soʻgʻdiyona" sport majmuasi stadionida oʻtkazadi (sobiq „Markaziy“ stadioni, „Jizzax“ stadioni).

Mashhur shaxslar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Jizzaxdan koʻpgina mashhur kishilar: Sharof Rashidov − Sovet partizan va davlat rahbari, yozuvchi. 24 yil davomida Oʻzbekiston SSR rahbari, Oʻzbekiston SSR Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi kotibi, Sergey Lebedevrus razvedkachisi, armiya generali, Rossiya tashqi razvedka xizmati direktori (2000−2007), 2007-yil 5-oktyabrdan MDH Bosh kotibi, shoir Hamid Olimjon, Nurali Qobul, adib Sarvar Azimov, Oʻzbekiston xalq artisti Xosiyat Azimova, 1941−45-yillar urushi qahramonlari J. Toʻrayev, Ye. I. Ivanin, G. M. Gubarkov, Mehnat Qahramoni B. Pirmatov va boshqalar yetishib chiqqan. Shaharda „Jizzax ovozi“ gazetasi muntazam nashr etiladi (adadi 2000).

Qobilov Asror Askarovich (2009-yil martdan va 2016-yil 16-sentyabrga qadar);

Toʻxtayev Abduqahhor Xasanovich (16-sentyabr 2016-yil − 27 aprel, 2017-yil)[9];

Rahmonqulov Akram Baritdinovich (2017-yil 27 aprel − 2018-yil aprel)[10];

Shukurov Akbar Safarovich (2018-yil 5-apreldan boshlab)[11];

Xolmurodov Komil Adhamovich (2021-yil 19 yanvardan boshlab)[12].

  • Haydarov H., Jizzax viloyati tarixi, T., 1996[13].
  1. „Джизак: город-крепость на Шелковом пути“. 2021-yil 14-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 12-fevral.
  2. „Jizzax viloyatida 1-aprel holatiga doimiy aholi soni“ (2023-yil 14-aprel). Qaraldi: 2023-yil 19-avgust.
  3. Bekchurin. Туркестанская область. Заметки Бекчурина, Kazan, 1872 21-bet. 
  4. „Oʻzbekiston Milliy universiteti Jizzax filiali“.
  5. „В Джизаке открылся филиал КФУ“ (ru). media.kpfu.ru. 2023-yil 13-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 13-yanvar.
  6. „Жиззах шаҳрида Ҳиндистоннинг Sambhram университети ташкил этилди“ (2021-yil 30-iyun). Qaraldi: 2023-yil 25-avgust.
  7. „ZiyoNET › Ta'lim muassasalari › Litseylar“ (ru). institutions.ziyonet.uz. Qaraldi: 2021-yil 1-fevral.[sayt ishlamaydi]
  8. „ZiyoNET › Ta'lim muassasalari › Kollejlar“ (ru). institutions.ziyonet.uz. Qaraldi: 2021-yil 1-fevral.[sayt ishlamaydi]
  9. „Экс-хоким Ташкента стал хокимом Джизака“. Газета.uz (2016-yil 16-sentyabr). Qaraldi: 2017-yil 28-iyul.
  10. https://www.gazeta.uz/ru/2016/09/16/jizzaxcity/
  11. https://www.gazeta.uz/ru/2018/04/05/jizzakh/
  12. „arxiv nusxasi“. 2022-yil 2-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 10-mart.
  13. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil