Goʻri Amir

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search
Гур-Эмир - Amir Temur maqbarasi - Gur-e-Amir (By Khusen Rustamov).jpg
Stamps of Uzbekistan, 2007-33.jpg

Goʻri Amir yoki Amir Temur maqbarasi (14-asr oxiri — 1405-yil) — Samarqanddagi meʼmoriy yodgorlik. Xalq orasida Goʻri Amir yoki Goʻri Mir (Mir Sayyid Baraka) deb nomlanib kelinadi. Maqbaraga temuriylar sulolasiga mansub kishilar (Amir Temur, uning piri Mir Sayyid Baraka, oʻgʻillari Umar-shayx, Mironshoh va Shohrux, nabiralari Muhammad Sulton, Ulugʻbek va boshqalar) dafn etilgan. Boburning taʼkidlashicha, dastlab Temurning nabirasi Muhammad Sulton Mirzo Samarqand qalʼasi jan.da Toshqoʻrgʻon — chaqarda Madrasa qurdirgan. Muhammad Sulton halok boʻlgach (1403), Amir Temur uning xotirasiga maqbara qurish haqida farmon berdi. Maqbara Madrasa hovlisining toʻriga bunyod etilgan.

Tarix[tahrir]

Goʻri Amir Oʻrta Osiyo meʼmor-chiligining noyob asari sifatida eʼtirof etiladi. Maqbara qurilishi Amir Temur buyruʻgiga asosan 1403-yilda boshlanib, Mirzo Ulugʻbek davrida tugallangan, hamda temuriylar xilxonasiga aylantirilgan.

Maqbara, oʻrta asr Samarqandining janubiy-sharqiy qismida, Temurning nabirasi Muhammad Sulton tomonidan, XIV asrning oxirida bino qildirgan majmua qoshida tiklangan.

Muhammad Sulton 1403-yilda Kichik Osiyo sohillariga qilgan uzoq safaridan qaytib kelayotganda, toʻsatdan kasal boʻlib vafot etadi. Shahzodaning jasadi Samarqandga olib kelinib, ansamblning janub tomonidagi ayvoni orqasidagi dahmaga dafn qilinadi. Amir Temur shahzodaga atab maqbara qurish haqida farmon beradi. Shundan keyin daxma ustiga sakkizyoqli bino quriladi.

Amir Temur vafotidan keyin Shohruh Mirzo Hirotni poytaxt qilib oʻgʻli Mirzo Ulugʻbekni esa Samarqand hokimi qilib tayinlaydi. U mamlakatda madaniyat va qurilish ishlarini rivojlantirib yuboradi. Mirzo Ulugʻbek buyuk bobosiga hurmat yuzasidan sakkizyoqli maqbarani temuriylar avlodi dafn qilinadigan maqbaraga aylantiradi.

Maqbara bitgach, Amir Temurning maʼnaviy ustozi Mirsayid Barakaning jasadi shu maqbaraga koʻchiriladi va Sohibqironning bosh tomoniga dafn etiladilar. Baʼzi rivoyatlarga qaraganda, Amir Temur pirining oyoq tomoniga dafn qilinishini vasiyat qilgan. Maqbarada Mironshoh va Shohruhlar ham dafn qilingan. Binoning ichi yangidan bezatiladi, maqbara sahniga daxmalar qoʻyilib, atrofi nafis marmar toshdan panjara qilinadi. Maqbaraga 1424-yildan boshlab uning sharq tomoniga taqab qurilgan koʻp gumbazli galereyadan kiriladi.

Maqbaraning gʻarb va janub tomoniga yondosh qilib qurila boshlagan, lekin chala qolgan ulkan imoratlar Mirzo Ulugʻbek hukmronligining soʻnggi-yillariga toʻgʻri kelsa kerak. Buyuk astronomning jasadi ham shu xilxonaga dafn qilingan.

Muhammad Sulton majmuasidan faqat peshtoqigina saqlangan. Bu peshtoq mohirlik bilan ishlangan boʻlib, koshinlar bilan devor fonida yaqqol koʻrinib turadi. Koshinlar orasiga binoni qurgan usta — Muhammad binni Mahmud Isfahoniyning nomi va „Dini jannat dili poklarnikidir“, deb jimjimador qilib yozib qoʻyilgan. gʻishtin ustunlar bezagida girih deb ataluvchi geometrik shakllarga asoslanib, nafis qilib ishlangan kompozitsiya asosiy oʻrinni egallaydi. Gumbazda jez, lojuvard va tillo suvlari ishlatilgan.

Dastlab maqbaraga shimoliy eshikdan kirilgan. Mirzo Ulugʻbek tomonidan sharqiy eshik 1425-yilda ochilgan, chunki Mir Sayyid Barakaning bosh tomonlaridan kirishni Mirzo Ulugʻbek hurmatsizlik deb hisoblagan. 1868-yilda Chor Rossiyasi istilosi-yillarida maqbara darvozalari oʻgʻirlab ketilgan. Sohibqiron Amir Temur saroyi darvozalaridan biri Londonda, yana biri Ermitajda va uchinchi eshik esa Oʻzbekiston madaniyati va tarixi davlat muzeyi fondida saqlanmoqda. Hovlining sharq tomonidagi devor ortida Muhammad Sulton madrasasining qoldiqlari koʻrinib turadi. Chorsu hovlisining atrofiga ikki qavatli hujralar tushirgan.

Madrasaning burchaklarida gumbazli darsxonalar boʻlgan. Maqbara devorlariga zangori, havo rang va oq sirli koshinlar qoplangan, bu koshinlar geometrik shaklda terilib, arabcha xat bitilib, ustalik bilan ishlangan. Meʼmor bir-biriga mos shakllardan foydalanib, binolarning katta sathlarini mohirlik bilan bezagan.

Maqbaraning tashqi tomoni bunyod qilinganda uning gumbaziga katta ahamiyat berilgan. Gumbaz ostki qismining aylanasi 15 metr, balandligi 12,5 metr boʻlsada, uning ogʻirligi sezilmaydi. Gumbazning rang-barang qilib ishlanishi katta ahamiyatga ega. Gumbazda havo rang koʻproq ishlatilgani uchun bu rang gumbazning egri chiziqli qobirgʻalarida tovlanib, quyoshda charaqlab, guyo osmonga qadalib turadi. Gumbazning usti sirli koshinlar bilan qoplangan. Sharafalarida ham shunday koshinlardan hajmi bir-biriga mos qilib ishlangan chiroyli jimjimalar bor. Maqbaraning tashqi gumbazi yodgorlikning tashqi qiyofasi yanada salobatli boʻlishi uchun uning ustiga ikkinchi gumbaz oʻrnatilgan.

Galereya zallarining shaklini devorlar qoldigʻidan, devorga ishlangan bezaklarni esa sharafa parchalaridan bilsa boʻladi. Inshootning qanchalik katta boʻlganligini uning gʻarb tomonida bitmay qolgan majmuaga qarab aniqlash mumkin. Katta zaldan uni toʻrt tomoniga qachonlardir qoʻyilgan toʻrtta ravogʻidan bittasigina saqlanib qolgan. Eni 10 metrlik ravoqning ikki tomonidan yoʻlak oʻtgan. Yoʻlakning shimol tomonidan qoʻsh gumbazli ikki qavatli binoga, janub tomondan esa galereyaga kiriladi. Goʻri Amir va dahmasiga shu galereyadan oʻtiladi. Demak, maqbara atrofi binolar bilan oʻralgan ekan.

Muhammad Sulton xonaqohi va madrasasidan devor qoldiqlari va koshin parchalarigina saqlangan. Shu qoldiqlar asrlar boʻyi pinhon boʻlib kelgan inshoot sirini bilishga imkon berdi. Xonaqoh oʻrtasida katta gumbazli keng zal, zalning atrofida ikki qavatli, biridan ikkinchisiga oʻtiladigan xonalar boʻlgan, bu xonalarning baʼzilarida kishilar yashagan, baʼzilari qaznoq boʻlgan.

Hovli atrofini oʻrab turgan devorlar ikki qavatli bezakli ravoqlarga boʻlingan. Hovlining tashqi burchaklarida toʻrt minoralar boʻlgan. Yuqoriga koʻtarilgan sari ingichkalashib borgan minora Registon maydonidagi Mirzo Ulugʻbek madrasasi minoralari kabi sharafa bilan bezatilgan. Minoraning asosi bilan tepasi orasidagi tafovut koshin plitalar terishda ustalik bilan bartaraf qilingan. Koshinlar har bir qatoriga bir xil miqdorda koshin plitalar terilgan holda, ular orasidagi choklar yuqoriga koʻtarilgan sari torayib boradi va tepasiga yetib tutashadi. Mirzo Ulugʻbek davrida maqbaraga kirish uchun qurilgan eshikning yoni va tepalari nafis bezatilgan. Ilgari eshik tepasida: „Bu shavkatli Amir Temurning qabri…“ deb yozilgan koshinli lavha boʻlgan (bu plita hozir Sankt-Peterburgdagi Davlat Ermitajida saqlanadi). Maqbaraga qator gumbazli galereyadan oʻtib kiriladi.

Galereyadan oʻtib, Temuriylar maqbarasiga kiriladi. Maqbara gʻoyatda nafis bezatilgan. Devorning pastki qismida koʻkimtir shaffof oniks toshidan ishlangan izora bor. Oniksning choklari koʻkimtir toshlar terib bezatilgan. Maqbaraga rangdor oynalar solingan panjarali darchadan yorugʻlik tushadi. Shu oynalardan oʻtib tushgan quyosh nuridan maqbara ichi rang-barang tovlanib turadi.

Maqbaraning oʻrtasiga oʻrnatilgan sagʻanalar ustida Temuriylarga bagʻishlangan yozuvlar bor. Shular orasida Amir Temurning qabri ustiga qoʻyilgan toʻq yashil rangli nefrit tosh diqqatni oʻziga jalb etadi. Mirzo Ulugʻbek 1425-yilda moʻgʻullar ustidan gʻalaba qozonganda qoʻlga kiritilgan oʻljalar ichida ikki boʻlak nefrit ham boʻlgan. Shu ikkala toshni yaxshilab ishlab, bir-biriga ulab, Amir Temur qabri ustiga quyilgan. 1740-yilda Eron shohi Nodirshoh Buxoro xonligini zabt etgan vaqtida (oʻsha vaqtda Samarqand Buxoro xonligiga qarar edi) Amir Temur qabri ustidagi toshni Mashhadga olib borishga buyruq bergan. Lekin, shakkok boʻlishdan choʻchigan Nodirshoh bu niyatidan qaytgan va oʻsha zamon uchun uzoq va qiyin boʻlgan safarlardan keyin toshni yana qaytadan joyiga keltirib qoʻydirgan.

Maqbaraning sharq tomonidagi ravoqda pastga tushadigan zina bor. Bu zinadan maqbaraning ostki qavatidagi dahmaga tushiladi. Ostki qavatdagi binoning shipi oʻn ikki qirrali gumbaz qilib qiya ishlangan, ichki bezaklari juda sodda. Temuriylarga qoʻyilgan sagʻanalar yuqori qavatda qanday tartibda boʻlsa, bu yerda ham shu tartibda. Har qaysi qabr usti marmartosh bilan qoplangan.

1994–1996-yillarda maqbarada katta hajmdagi taʼmirlash va tiklash ishlari amalga oshirildi.

Bizgacha, asosan, peshtoqli darvozasi bor hovli va maqbara binosi saqlangan. Arxeologik tadqiqotlar natijasida maqbara hovlisining ikki yonidan Muhammad Sulton qurdirgan Madrasa va xonaqoh qoddiqlari topilgan. Madrasa va xonaqoh chorsi hovlining sharqiy va gʻarbiy tomonlarini egalla-gan. Hovlining jan.da gumbazli maqbara joylashgan. Maqbaraga jan. dan, Ulugʻbek qurdirgan dalon (1424) orqali kiriladi. Maqbaraning chortoq tarhli ziyorat-xonasi baland toqi — ravoqli, tepa-si yozuv hoshiyalari va ichki gumbaz bilan qoplangan. Tashki gumbazi 64 qobirgʻali, baland poygumbaz (diametri — 15 m, bal. 12,5 m)ga oʻrnatilgan.

Ziyoratxona oʻrtasidagi marmar panjara bilan oʻralgan murabba xazira sahniga qator qabrtoshlar qoʻyilgan. Yuqorisi (toʻri)da Amir Temurning harbiy yurish-larida unga hamroh boʻlgan va uning yuk-sak hurmatini qozongan Mir Sayyid Baraka sagʻanasi joylashgan. Sayyid Baraka qabrining oyoq tomoniga Amir Temurning oʻzi dafn qilingan. Uning uch tomonida Muhammad Sulton, Mironshoh, Umarshayx qabrlari bor. Keyinchalik bu yerga Temurning nabiralari va evara-larining qabr toshlari qatʼiy tartib-da joylashtirilgan. Temur sagʻanasiga qoʻyilgan koʻk nefrit qabrtoshini Ulugʻbek Moʻgʻulistonga qilgan yurishi vaqtida olib kelgan. Toshdagi lavhada Temurni ulugʻlaydigan soʻzlar, uning shajarasi hamda marsiyalar oʻymakori yozuvlarda bitilgan. Hamma sagʻanalar Ulugʻbek tomonidan yaxlit oʻyma mar-mar panjara bilan oʻralgan. Ziyoratxona-ning sharqiy qismidagi ravoqdan zina orqali ostki qavatidagi goʻrxonaga tu-shiladi. Goʻrxona sakkiz qirrali. Undagi sagʻanalar yuqrri qavatda qanday joylash-gan boʻlsa, bu yerda ham shu tartibda joy-lashgan. Ziyoratxonadagi qabrtoshlarning 431har biri yuksak sanʼat asaridir. Ziyorat-xona serhasham bezaklarga boy. Boʻrtma bezak kundallar zaminiga lojuvard rang gullar ishlangan. Izorasi yashil toshdan girih shaklida terilgan. Toʻrtta chuqur ravoqlardagi darchalarga oʻsha vaqtda rangli oyna oʻrnatilgan. Oltin va kumush qandillardagi shamlar yonganda ziyoratgoh ichkarisi ulugʻvor va afsonaviy tus ol-gan. Tashqarisi sirkor gʻishtchalar bilan bezatilgan. Gumbaz va uning poyidagi bezaklar, turli arabiy yozuvlar alohida koʻzga tashlanadi. Maqbara darchalarida yogʻochdan ishlangan nafis panjaralar, eshiklarida esa murakkab qoʻsh zaminli oʻymakor bezaklar boʻlgan. Maqbaraning gʻarbiy tomoniga baland peshtoq yon-dashgan. Taxminlarga koʻra bu peshtoq qoldiklari 17-asrga mansub.

Maqbaraning mutanosiblik nisba-ti, naqshlari, turli bezaklari katta mahorat bilan bajarilgan. Tashqi peshtoq darvozasining tepasida meʼmor — usta „Muhammad binni Mahmud al-banno Is-faxoniy“ nomi saqlangan. Keyinchalik maqbara bir necha bor taʼmirlandi, gum-bazi qayta tiklanib, xonaqoh va Madra-sa qoldiqlari kavlab topildi, ichki va tashqi bezaklar taʼmir etildi. 1941-yilda musulmon odatiga zid ravishda Amir Te-mur va Ulugʻbek qabrlari ochib tekshiri-lib, ular ruhlari bezovta etildi.[1]

Markaziy Osiyo meʼmorchiligining noyob asari sifatida eʼtirof etilgan Amir Temur maqbarasining qurilishi 1403-yilda boshlanib, 1424-yilda tugatilgan.[2] Maqbara Amir Temurning taxt vorisi, deb eʼlon qilingan nabirasi Muhammad Sulton uchun qurdirilgan. Muhammad Sulton 1403-yilda Kichik Osiyoga qilgan safari vaqtida, 29 yoshida bevaqt vafot etadi. Shahzoda Samarqandga keltirilib, dastlab masjidning xonaqosida dafn qilinadi.

Maqbara arxitekturasi[tahrir]

Maqbara sakkiz burchakli gumbaz asosida barpo etilgan. Hozirgi zamon mutaxassislarini ham birmuncha oʻychanlik bilan fikrlashga undaydi.

Binoning moʻtadil haroratini saqlash, Sharqona qurilish uslublari orqali el ardogʻida boʻlgan shaxslarni oʻziga xos hurmat bilan ulugʻlash, ularning buyukligini bejirim bezaklar orqali ifodalash kabi xususiyatlari har qanday kishini lol qoldiradi.

Sohibqiron Amir Temur ham ushbu maqbaradan (1405-yil) abadiy qoʻnim topgan.

1409-yilda Amir Temurning kenja oʻgʻli, Xuroson hukmdori Shohrux Mirzo otasining maʼnaviy piri Mirsaid Barakaning jasadini (turbati) Andxoydan olib keltirib, shu maqbaraga, Sohibqironning bosh tomoniga dafn ettiradi. Bu bilan otasi — Amir Temurning vasiyatini bajaradi.

1424-yilda Mirzo Ulugʻbek tomonidan maqbara sahniga qabrtoshlar qoʻyilib, atrofi nafis marmar toshdan qilingan panjara bilan oʻraldi va koʻk gumbazli galeriya qurilib, ziyoratxonaga Sharq tomon dan kirilishi taʼminlandi.

Maqbaraning ichki tomoni tilla suvi yugurtirilgan boʻrtma qogʻoz naqshi bilan bezatilgan.

Bezaklarda ishlatilgan kompozitsiyada Qurʼoni Karim oyatlari islomiy, handasaviy naqshlar hamda arabiy xattotlik sanʼatining kaligrafik naqshlari bilan bitilgan.

Maqbaraga, shuningdek, Mironshoh Mirzo va Shohrux Mirzo ham dafn etilib, temuriylar xilxonasiga aylangan.

1449-yilda Mirzo Ulugʻbek ham shu maqbaraga, bobosining poyiga dafn etilgan.

Mustaqillikdan soʻng[tahrir]

Mustaqillik-yillarida, Sohibqiron Amir Temur tavalludining 660-yilligi va Mirzo Ulugʻbek tavalludi ning 600-yilligi munosabati bilan maqbarada katta hajmda taʼmirlash ishlari olib borildi. XIX asr ning oxirida qulab tushgan minora va gumbazning zar qubbasi qayta tiklandi.

Galereya[tahrir]

Adabiyotlar[tahrir]

  • Samarqand davlat muzey-qoʻriqxonasi — SAMARQANDNING TARIXIY OBIDALARI VA MUZEYLARI BOʻYIChA EKSKURSIYA MATNLARI, 2010

Manbalar[tahrir]