Fayoztepa

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Fayoztepa

Fayoztepa — milodiy IVII asrlarga oid buddaviylik monastiri (vixara).

Joylashuvi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Termiz shahri yaqinidagi Eski Termiz shahar xarobalarining shimoli-gʻarbida, Qoratepa buddaviylik inshootlari majmuidan 1 km shimoli-sharqda, Termiz tumanining Muhammad Hakim Termiziy mahallasida joylashgan.

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Fayoztepaning ochilishi 1968-yilning bahorida choʻpon Absad Beknayev tomonidan mergeliy ohaktoshidan ishlangan budda sanamini koʻchma qum ustidan topib, Termiz oʻlkashunoslik muzeyiga topshirishidan boshlandi. Yodgorlik 1968—1976-yillarda arxeolog L. I. Albaum, 2004—2006-yillarda arxeolog T. Annayev boshchiligida toʻliq qazib ochilgan va ilmiy oʻrganilgan.

Eramizning I—VII asrlarida buddaviylik monastiri vazifasini oʻtagan. Fayoztepa oʻrnidagi bu diniy markaz qadimda bu joydan topilgan yozuv namunalariga koʻra, Haya-Vihara yaʼni Otlilar monastiri deb atalgan.

Tuzilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bu monastir meʼmoriy jihatdan ikki asosiy qismdan iborat boʻlgan. Monastirning janubi-gʻarbiy va shimoli-gʻarbiy tarafida uch qismli markaziy bino (maydoni 118.4x34 m) va undan shimolda, shimoli-sharqda buddaviylikning muqaddas inshootlaridan biri hisoblangan stupalar joylashgan katta hovlidan iborat boʻlgan. Majmuaning umumiy maydoni 1,5 ming m²ga yaqin.

Ibodatxona tarkibining asosiy qismlaridan biri — stupa boʻlib, u boshqa ibodatxonalardan farqli oʻlaroq, ibodatxona hovlisining markazida emas, balki uning tashqarisida, muqaddas sajdagoh bilan bir parallel chiziqda joylashgan. Ular oʻzaro hovli maydonini kesib oʻtgan gʻisht va mergeliy toshi toʻshalgan yoʻlakcha bilan bogʻlangan. Ibodatxonaning muqaddas sajdagohida Budda haykali joylashgan, sajdagoh devorlari rang-barang devoriy suratlar bilan bezatilgan. Devorlar osti boʻylab oʻz vaqtida budda haykallari (balandligi 4 m) qoʻyilgan. Koʻpchilik haykallar qizil rang bilan boʻyalgan, soʻng ustidan oltin suvi yurgizilgan. Sajdagoh jan. devorida qizil kiyimda Budda tasviri saqlangan. Uning 2 tomonidan yelkalariga yelkapoʻsh tashlagan uzun kiyimdagi 2 odam rasmi tushirilgan. Ulardan biri Buddaga qarab sajda qilmoqda. Sajdagohning sharqiy devorida ham qandaydir devoriy rasmlar izi koʻrinadi. Xonadagi suvoq parchalarida har xil odamlarning rasmlari uchraydi. 60 x 80 sm li sh bir suvoq parchasida Buddaga yuzlangan 2 ta erkakning rasmi topilgan. Har 2 shakl qiyofasiga koʻra, baqtriyalik Budda ixlosmandlari boʻlib, ularning Buddaga sajda qilish holati tasvirlangan. Ushbu xonada ganchkorlik haykal boʻlaklari koʻplab uchraydi. Hatto xonaning sharqiy devori ostida haykallar uchun pishiq gʻishtdan maxsus tag kursi qurilgan, uning usti esa mergeliy tosh parchalari bilan silliq qilib qoplangan. Haykallarning koʻpchiligi esa somon qoʻshilgan loydan yasalib, ularning sirtiga ganch qoplama berilgan. Haykallarning boshi maxsus qolipda quyilgan. Qoʻl va oyoqlari alohida yasalib, soʻng ular haykal tanasiga yopishtirilgan.

Fayoztepa haykallari orasida ganchdan ishlangan Buddaning bosh qismi diqqatni oʻziga tortadi. Uning tutamlangan qopqora sochlari, husnkor chexrasi unga goʻzallik bagʻishlaydi. Buddani bunday ishlanishi Kushonlar davri yodgorligida birinchi bor uchrashi edi. Ushbu muqaddas sajdagoh eshigi qarshisida yaxlit mergeliy toshidan yasalgan noyob sanʼat asari — triada topilgan. Triada markazida ipak mantiyaga oʻralgan Budda arka va muqaddas bodxa daraxti shoxlari ostida oʻtiribdi, 2 yonida tik turgan rohiblar esa unga iltijo qilib turgan holatda tasvirlangan. Sajdagohdan ikkita Kanishka va bitta Vasudeva tangalari topilgan.

Ibodatxona hovlisi toʻgʻri toʻrtburchak shaklida, maydoni 33 x 20 m, uning toʻrt tomoni boʻylab budda rohiblarining eshiklari hovliga qaratilgan xonalari joylashgan. Ibodatxona hovlisi ushbu xonalarning hovli tomon devorlari boʻylab yaxlit uzun ayvon bilan oʻrab olingan. Ayvon devorlari rang-barang devoriy rasmlar bilan bezatilgan. Rangli devoriy bezaklar ayvon devorining pastki qismidagina saqlangan. Ayvon osti boʻylab supa joylashgan.

Ibodatxona hovlisining shimoli-gʻarbiy qismida mergeliy tosh parchalaridan trapetsiya shaklida qurilgan hovuzcha boʻlib, uning tomonini pastki qismida suv oqizishga moʻljallanib teshikcha yasalgan. Teshikcha jagʻlari keng ochilgan sher boshi qiyofasida ishlangan. Bunday hovuzlarda toza suv saqlangan. Sher Kushonlar davri sanʼatida Buddaning kuch va qudrat timsoli sifatida oʻz aksini topgan. Diniy majmuaning 2qismi — monastir boʻlib, u ibodatxona bilan hovli karbiy devoridan ochilgan eshik orqali bogʻlangan. Monastir maydonida joylashgan xonalarda rohiblar va monastir talabalari istiqomat qilishgan, monastirda oʻquv xonalari va zallari, ziyoratchilar toʻxtab oʻtadigan yotoqxonalar joylashgan. Xonalar devorlarida pilta chiroq yoritqichlari uchun tokchalar ishlangan. Ayrim xonalarning devori ostida Budda haykallari va ularni oʻrnatish uchun supatagkursilar qurilgan. Demak, rohib va talabalar hamda ziyoratchi sayyohlar markaziy ibodatxonada diniy marosimlar toʻxtagan vaqtda oʻz ibodatlarini monastir sajdagoxlarida amalga oshirganlar.

Ibodatxonaning janubi-sharqida uning xoʻjalik qismi joylashgan. Uning maydoni kvadrat shaklida, hajmi 34,5 x 33,5 metr. U ibodatxona bilan 3 eshik orqali bogʻlangan. Ibodatxonaning xoʻjalik qismida 15 ta xona ochilgan, ularning koʻpchiligida oʻchoq qoldiqlari topilgan. Majmua devorlari paxsa bilan tiklangan, xonalardagi soʻrisupalar va devorlarning taʼmiri gʻisht bilan urilgan. Hamma xonalar somon suvoq qilingan, faqat ikkita xona devorlari ganch bilan suvalgan. Bu 2 xona ibodatxona xoʻjalik qismining sajdagohlari boʻlgan deb faraz qilinadi. Ikkita xonadan tandir qoldiklari va qalin kul uyumi topilgan. Tandirli xonalarni qazish vaqtida koʻplab hayvon suyaklari, xum, kosa, nimkosa, sopol qadah parchalari chiqqan. Xumlardan boshqa barcha idishlar kulolchilik charxida yasalgan va ochqizil rangli angob bilan krplangan. Sopol sirti archa bargli, disksimon naqshlar bilan bezagilgan. Shuningdek, sopol parchalariga yalang oyoq Budda tovon izlari tushirilgan.

Sopollar ichida pilta chiroqlar va sopol qozonlar koʻplab uchraydi. Bir xonadan sopol quvur topilgan. Fayoztepaga Amudaryodan suv keltirilganligiga ishora qiluvchi kanal izi oʻrganilgan. Ushbu kanalga Amudaryodan chigʻir orqali suv chiqarilgan deb faraz qilinadi. Ibodatxona xoʻjalik qismining katta hovlisi aylanasi boʻylab kengligi 0,7 m li supa qurilgan. Uni qazish vaqtida sonsanoqsiz turli hayvon suyaklari topilgan, koʻplab sopol kosa va qadax, parchalari uchratilgan. Ushbu hovli Budda va uning rohiblariga atab qurbonlik qiladigan joy sifatida talqin qilinadi.

Fayoztepa majmuasining devorlari, asosan, paxsa va gʻishtdan qurilgan, ayniqsa, monastir va ibodatxona devorlarining balandligi 3 m gacha saqlangan. Ibodatxona xoʻjalik qismining janubi-sharqiy devorlari yaxshi saqlanmagan. Barcha devorlar somonli loy bilan suvalgan boʻlib, koʻp hollarda suvoq ustiga oq rangda jilo berilib. Uning usti rangli rasmlar bilan bezatilgan.

Xarobaga aylanishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Fayoztepa Eron Sosoniylarining bosqinchilik xujumlari natijasida xarobaga aylangan. VVI asrning 1 yarmida ibodatxona vayronalaridan Eftaliylar daxma sifatida foydalanganlar. Arablar istilosi davrida Fayoztepa butunlay vayron qilingan, keyinchalik u koʻchma qumlar ostida qolib ketgan.

Galereya[tahrir | manbasini tahrirlash]

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Albaum L. I., Raskopki buddiyskogo kompleksa Fayaetepa, Sb. „Drevnyaya Baktriya“, L., 1974;
  • Kozlovskiy V. A., K izucheniyu drevnix pamyatnikov materialnoy kulturi Surxandarinskoy oblasti. Sb. „Drevnyaya Baktriya“, L., 1974;
  • Albaum L. I., Issledovaniye Fayaztepa v 1973 g . Sb. „Baktriyskiye drevnosti“. L., 1976.