Yahyo Gʻulomov
Yahyo Gʻulomov | |
---|---|
![]() | |
Shaxsiy maʼlumotlari | |
Tavalludi |
1-may 1908-yil Toshkent |
Vafoti |
10-yanvar 1977-yil (68 yoshda) Toshkent |
Mukofotlari |
![]() |
Yahyo Gʻulomovich Gʻulomov (1908.1.5 — Toshkent — 1977.10.1) — tarixchi - arxeolog olim. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademik (1966), Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi (1958), tarix fanlari doktori (1950), professor (1955). Toshkentdagi Oʻzbekiston erlar bilim yurti (inpros)ni (1926), samarqanddagi Oʻzbekiston Ped. akademiyasini (1930) tugatgan. Toshkent ped. texnikumida oʻqituvchi (1931 — 32). Ilmiy faoliyati 1933-yildan boshlangan. Oʻzbekistonning qad. va sanʼat yodgorliklarini muhofaza qilish komiteti (Uzkomstaris)da ilmiy xodim, ilmiy kotib (1933— 40). SSSR Fanlar akademiyasining Oʻzbekiston filiali, Tarix, til va adabiyot instituti arxeologiya boʻlimi mudiri (1940—43). 1943-yildan Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Tarix va arxeologiya instituti qad. va oʻrta asrlar tarixi boʻlimi mudiri, ayni vaqtda institut direktori vazifasini bajaruvchi (1956— 59). Shuningdek, u Toshkent pedagogika institutida "Oʻzbekiston tarixi va arxeologiyasi"dan maxsus maʼruzalar oʻqigan, 1936-yildan bir necha arxeologik ekspeditsiyalar (Toshkent, Buxoro, Samarqand, Fargʻona va b.) ga rahbarlik qilgan. 1938 — 50 yillarda xorazm arxeologiya etnografiya ekspeditsiya boshligʻining oʻrinbosari sifatida qatnashib, Xorazmning sugʻorilish, dehqonchilik va shahar madaniyatining shakllanishi hamda rivojlanish tarixi boʻyicha ilmiy tadqiqot ishlari olib borgan. Gʻ. Oʻzbekistonda tarix va arxeologiya sohalari boʻyicha oʻziga xos baynalmilal ilmiy maktab yaratgan. Uning Zarafshon va Fargʻona vodiylarida, shuningdek, Toshkent vohasida olib borgan ilmiy tadqiqotlari Oʻzbekistonda, tosh, eneolit va jez davri, uning moddiy-madaniyat yodgorliklarini oʻrganishga katta hissa boʻldi. U, ayniqsa, Toshkent tarixi va uning yodgorliklarini tadqiq etishga alohida ahamiyat bergan. Toshkent kanali boʻylab, Toʻytepada maxsus arxeologik tadqiqotlar oʻtkazgan. 1966-yildagi Toshkent zilzilasi oqibatlarini tugatish boʻyicha shaharda boshlangan ulkan qurilishlar munosabati bilan Toshkentning arxeologik obidalarini qayd etish va oʻrganish maqsadida maxsus Toshkent arxeologiya ekspeditsiyasini tashkil etgan. "Xiva shahrining yodgorliklari" (rus tilida, 1941-yil), "Quyi Zarafshon vodiysida ibtidoiy madaniyat va sugʻorma dehqonchilikning paydo boʻlishi" (rus tilida) kabi asarlar yozgan. "Oʻzbekiston tarixi" (4 j.li), "Samarqand tarixi" (2 j.li), "Buxoro tarixi"ning asosiy mualliflaridan. Vafotidan soʻng "Buyuk xizmatlari uchun" ordeni bilan mukofotlangan (2002). Respublikada Gʻ. xotirasiga bagʻishlangan "Akademik Ya. Gʻulomov oʻqishlari"ni oʻtkazish ilmiy anʼanaga aylangan. Toshkentdagi koʻchalardan biri hamda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Arxeologiya institutiga Gʻ. nomi qoʻyilgan.[1][2]
Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]
![]() | Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
- 1-mayda tugʻilganlar
- 1908-yilda tugʻilganlar
- Kishilar
- Toshkentda tugʻilganlar
- 10-yanvarda vafot etganlar
- 1977-yilda vafot etganlar
- Toshkentda vafot etganlar
- Buyuk xizmatlari uchun ordeni sohiblari
- Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan va texnika arboblari
- Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademiklari
- Oʻzbek tarixchilari