Koʻkaldosh madrasasi (Toshkent)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search
Madrasa
Koʻkaldosh madrasasi
Медресе Кукельдаш в Ташкенте.jpg
Koʻkaldosh madrasasi
Mamlakat  Oʻzbekiston
Hudud Toshkent
Manzil Navoiy koʻchasi, 46-uy
Maktab yoʻnalishi sunniy
Mulkdor Davlat mulki. Toshkent shahar Madaniy me'ros boshqarmasi operativ boshqaruv huquqi asosida.
Madrasa turi Katta
Meʼmoriy uslub Islom meʼmorchiligi
Binokorlik tashabbuschisi Qulbobo koʻkaldosh
Homiylar Qulbobo koʻkaldosh
Binokorlik 15681569-yillar
Maqomi Davlat himoyasida[1]
Holati Oʻrta maxsus islom bilim yurti

Koordinatalari: 41°19′24″N 69°14′10″E / 41.32333°N 69.23611°E / 41.32333; 69.23611

Koʻkaldosh madrasasiOʻzbekistonning Toshkent shahridagi meʼmorlik yodgorlik. Shahar markazining Chorsu maydonida joylashgan. Qulbobo koʻkaldosh qurdirgan (1551—1575). Madrasa (umumiy oʻlchami 62,7X44,9 metr) bosh tarzi janubga qaragan. Darvozadan kiraverishda chapda masjid, oʻngda darsxona joylashgan. Masjid va darsxonalarning tomi oʻzaro kesishgan ravoqlar ustiga oʻrnatilgan gumbazlardan iborat. Miyonsaroy 7 gumbazli. Chorsi hovlisi keng (38X26,9 metr), hujralar va ochiq ayvonlar bilan oʻralgan. Hovlining atrofidagi hujralar 38 ta boʻlib, darsxona va masjid bilan oʻzaro bogʻlangan. Madrasa dastlab 3 qavatli boʻlgan. Meʼmorlar madrasani bezashda, asosan, binoning old tomoniga eʼtibor berishgan. Peshtoqi bilan birga balandligi 19,73 metr boʻlib, sirkor parchin va girih naqshlar bilan bezatilgan. Bosh tarzining 2 burchagidagi guldastalar tepasi qafasa bilan yakunlangan.

Koʻkaldosh madrasasi XVIII asr boshlarida qarovsiz holga kelib qolgan va karvonsaroy ombori sifatida foydalanilgan. 1886 va 1946-yillardagi zilzilalar oqibatida vayron boʻlgan. Bir necha bor taʼmirlanishi natijasida madrasaning tashqi koʻrinishi oʻzgarib ketgan. Koʻkaldosh madrasasi hujralaridan birida Furqat (1889—1891) va Hamza (1910—1911) istiqomat qilishgan, shoir Hislat va boshqalar tahsil olgan. Madrasaning old tomoniga anʼanaviy usulda zinapoya ishlangan. 1998-yildan binoning muhandislik ustuvorligini taʼminlash, tashqi va ichki tarzlarini asl holiga keltirish va atrofini obodonlashtirish ishlari olib borilgan. Koʻkaldosh madrasasi Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tasarrufida (1991-yildan). Binoda shu idoraga qarashli oʻrta maxsus islom bilim yurti joylashgan.[2]

Manbalar[tahrir]