Kontent qismiga oʻtish

Moturidiy yodgorlik majmui

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Moturidiy yodgorlik majmuiOʻzbekiston Respublikasining Samarqand viloyati markazidagi meʼmorlik yodgorlik. Imom al-Moturidiy tavalludining 1130-yilligi (2000) munosabati, Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti I. A. Karimov tashabbusi bilan Samarqand shahri markazida bunyod etilib, ramziy maqbarasi oʻrnatilgan (hududi 4 gektarga yaqin). Yodgorlik Registon ansambli yaqinida, Vobkent, Gʻijduvon va Buxoro koʻchalari oraligʻida joylashgan. Bosh kirish qismi Vobkent koʻchasidagi xiyobon orqali. Loyihaga koʻra, 3 qismga (markaziy, bogʻ va xoʻjalik inshootlariga) boʻlingan, ular oʻzaro bir-biri bilan xiyobonli yoʻlka orqali bogʻlangan. Loyiha oʻqi manzarali mujassamotda yaratilib, ramziy maqbara binosiga tutashgan. Sharsharali favvoralar xiyobonli yoʻlka markazida qurilib, atrofi obodonlashtirilgan. Yodgorlik meʼmoriy loyihasi va badiiy yechimida oʻzbek milliy mahobatli sanʼatining eng yaxshi anʼanalari qoʻllangan. Maqbara pishiq gʻishtdan, murabba tarxli (12x12 metr), shifti gumbazli (balandligi 15 metr), poygumbazi 24 kichik ravoqchalarga boʻlinib, ganchkori panjaralar bilan bezatilgan. Panjaralar yuqorisi murakkab tuzilishdagi muqarnaslar bilan toʻldirilgan. Xona markaziga qoʻyilgan sagʻanada arab yozuvida buyuk olimning hadis soʻzlari bitilgan.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil