Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeyi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
"QATAGʻON QURBONLARI XOTIRASI DAVLAT" MUZEYI
Stamps of Uzbekistan, 2009-22.jpg
Asos solingan sana 31-avgust 2002-yil
Joylashuvi Oʻzbekiston, Toshkent

Koordinatalari: 41°20′49.2000″N 69°17′17.1600″E / 41.347000000°N 69.288100000°E / 41.347000000; 69.288100000 G O


Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi – Toshkentdagi muzey. Oʻzbekiston Respublikasining noyob obyektlari qatoriga kiritilgan[1].

Muzey chor va sovet hokimiyati davrida vatan ozodligi yoʻlidagi faoliyati hamda xatti-harakati uchun qatagʻon etilgan vatandoshlar xotirasini abadiylashtirish maqsadida tashkil qilingan. Muzeyning ilmiy-tematik ekspozitsiyasi 7 boʻlimdan iborat. Bular: XIX asrning oʻrtalarida Turkistonning Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olinishi va unga qarshi xalq qoʻzgʻolonlari, Turkiston muxtoriyatining tugatilishi va 20-yillardagi qatagʻon, „Quloqlashtirish“ kompaniyasi (30-yillar), 30-yillardagi qatagʻon, 40–50-yillardagi qatagʻon, 80-yillardagi qatagʻon („Paxta ishi“), Mustaqil Oʻzbekistonda qatagʻon qurbonlari xotirasining eʼzozlanishi.

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Muzey Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2001-yil 1-maydagi „Qatagʻon qurbonlarini xotirlash kunini belgilash toʻgʻrisida“gi farmoni va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining „Qatagʻon qurbonlarini xotirlash kunini belgilash toʻgʻrisida“gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan. 2002-yil 8-noyabr „Qatagʻon qurbonlari xotirasiga“ muzeyining ahamiyatini inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 5-maydagi qaroriga muvofiq muzey ekspozitsiyasi yangilandi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovichning Mirziyoyev 2017-yil 31-avgust kuni Qatagʻon qurbonlarini xotirlash kuni munosabati bilan muzeyga tashrifi chogʻida bildirgan taklif va mulohazalari Vazirlar Mahkamasi qarorining asosini tashkil etadi. „Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyini va oliy taʼlim muassasalari huzurida Qatagʻon qurbonlari xotirasiga bagʻishlangan viloyat muzeylarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi farmonni qabul qildi. Mazkur qarorga asosan muzey Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi departamenti tasarrufiga oʻtkazildi hamda uning faoliyati kengaytirildi va takomillashtirildi[2].

Muzey binosi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Muzey XX asrning 20-yillari boshidan 30-yillari oxirigacha qatagʻon qilingan odamlarni ommaviy qatl qilingan joyda joylashgan. Dastlab, muzey binosi 400 m2 maydonga ega bitta koʻrgazma zali va bir gumbazli boʻlgan. Koʻrgazma 6 ta boʻlimdan iborat edi.

Hozirgi bino 2 gumbazli boʻlib, 3 ta zaldan iborat.

Koʻrgazmaning umumiy maydoni 960 m2 ni tashkil qiladi. Ayvon (teras) 640 m2 ni, podval 1568 m2 ni tashkil etadi.

Yangilangan muzey koʻrgazmasi 10 ta boʻlimdan iborat[3].

Muzey tavsifi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Muzeyning asosiy vazifalariga qatagʻonchilik siyosatining paydo boʻlish sabablari va oqibatlarini tadqiq etish va uni mamlakatimiz tarixining tarkibiy qismi sifatida aks ettirish, mamlakatimiz fuqarolarini, ayniqsa, yosh avlodni mustaqillik va adolat tantanasi uchun kurashgan fidoyi otabobolarimizning xotirasiga hurmat ruhida tarbiyalash, qatagʻon qurbonlari xotirasini abadiylashtirish, ularni yod etish bilan bogʻliq maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni amalga oshirish va targʻib etish, qatagʻon qurbonlari hayoti va faoliyatini oʻrganish, ilmiy-ijodiy merosini toʻplash, nashrga tayyorlash va chop etish, muzey fondlari va ekspozitsiyalarini mamlakatimiz hamda xorijdagi turli hujjatlar va boshqalar eksponatlar bilan muntazam ravishda boyitib borish kiradi. Muzey „Shahidlar xotirasi“ xayriya jamgʻarmasi bilan hamkorlikda „Qishloq fojiasi“ (R. Shamsutdinov), „Abdulla Qodiriy“ (S. Mirvaliyev), „Choʻlpon“ (N. Karimov) tadqiqotlari, Munavvarqori Abdurashidxonov va Botuning „Tanlangan asarlar“ini nashr etgan. Bundan tashqari, Oʻzbekiston hujjatli va badiiy filmlar kinostudiyasi hamda "Oʻzbektelefilm" studiyasi bilan hamkorlikda „Barhayot xotira“, „Armonli yillar koʻzgusi“, „Fidoyi olim“, „Mirtemir“ singari hujjatli filmlar yaratgan. Muzey binosi mamlakatimizning noyob meʼmoriy inshootlaridan biri hisoblanadi. Oʻzbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti I. A. Karimov tashabbusi va gʻoyasi asosida loyihalangan va bunyod etilgan (2002-yil, meʼmori A.Turdiyev va boshqalar). Bino anʼanaviy meʼmorlik uslubi (ayvon, gumbaz, peshayvon, ravoq va boshqalar)da qurilib, milliy bezaklar bilan ziynatlangan. Muzey binosi murabba tarhli (20x20 m), balandligi 20 m, gumbazli (balandligi 6,2 m, diametri 5,8 m; feruza rang gumbazi „Shahidlar xotirasi“ yodgorlik majmuidagi ayvon gumbazi bilan uygʻun), bino atrofi kengligi 4 m boʻlgan ochiq ayvon bilan oʻralgan, undagi 28 ta ustun va toʻsinlar hamda 4 tarafdagi kirish zinapoyalari binoga oʻziga xos salobat baxsh etadi. Binoning pastki qismida texnikmuhandislik, maʼmuriyat va boshqalar qoʻshimcha xonalar joylashgan, ular koʻrgazma zali bilan maxsus yoʻlak va zinapoyalar orqali uzviy bogʻlanadi. Bino bezagida marmar, haqiq, granit toshlar, rangli koshinlardan foydalanilgan, yogʻoch oʻymakorligi (A. Abdullayev, S. Rahmatullayev, N. Sohibnazarov va boshqalar), ganchkorlik (M. Murodov va boshqalar), naqqoshlik (A. Karimov va boshqalar), koshinkorlik (M. Mamajonov, R. Muhammadjonov, M. Shedrin, V. Gan va boshqalar), gumbazning ichki bezagida murakkab iroqi muqarnas mahorat bilan qoʻllanilgan. Binoni barpo etishda Toshkent shahri meʼmorlik bosh boshqarmasi hamda „Usto“ ijodiy ishlab chiqarish uyushmasi ustalari faol ishtirok etgan.

Ilmiy faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Muzey tadqiqot instituti hisoblanadi. Muzeyning ilmiy xodimlari qatagʻon tarixiga oid arxiv hujjatlari bilan ish olib bormoqda hamda faktlarga asoslangan materiallar toʻplamoqda. Tadqiqot natijalari muntazam ravishda monografiyalar, publitsistik va badiiy nashrlar shaklida chop etiladi.

Shuningdek, muzey xodimlari qatagʻonga uchragan atoqli oʻzbek adib va ​​mutafakkirlarining asarlarini nashrga tayyorlamoqda va aholi oʻrtasida maʼrifiy tadbirlar oʻtkazmoqda[4].

Yana qarang[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Государственный музей Памяти жертв репрессий КМ РУз“ (deadlink). 2015-yil 17-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 12-noyabr.
  2. „Qatag‘on qurbonlari xotira muzeyi“. Qaraldi: 2023-yil 27-noyabr.
  3. „Мемориальный комплекс «Шаҳидлар хотираси»“. 2016-yil 10-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 12-noyabr.
  4. „Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi“. Qaraldi: 2023-yil 27-noyabr.