Oʻzbekiston madaniyati va sanʼati tarixi davlat muzeyi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Oʻzbekiston madaniyati va sanʼati tarixi davlat muzeyi, Akmal Ikromov nomidagi Oʻzbekiston madaniyati va sanʼati tarixi davlat muzeyi — madaniy-maʼrifiy muassasa; Samarqand shahrida. 1982 yildan Samarqand badiiy muzeyqoʻriqxonasi tarkibidagi bosh muzey. 1896 yilda Samarqand statistika qoʻmitasi muzeyi sifatida ochilgan; 1911 yildan Samarqand shahri muzeyi, 1921 yildan Samarqand viloyati muzeyi, 1927 yildan oʻlka muzeyi, 1930 yildan Oʻzbekiston Markaziy davlat muzeyi, 1937 yildan Samarqand viloyat oʻlkashunoslik muzeyi. 1945 yildan Oʻzbek xalqi madaniyati respublika muzeyi, 1955 yildan Oʻzbekiston madaniyati va sanʼati tarixi respublika muzeyi; 1968 yil A.Ikromov nomi berilgan; 1969 yildan hozirgi nomda.

Muzeyda 5 ta ekspozitsion boʻlimlar (tarix, sanʼat va etnografiya, ilmiymaʼrifiy, koʻrgazmalar va fond), kutubxona, kinozal, fotolaboratoriya, ilmiy taʼmirlash ustaxonasi, arxiv bor. Muzey xazinasi va ekspozitsiyalari arxeologiya, numizmatika, etnografiya, amaliy bezak va tasviriy sanʼat asarlari, meʼmoriy qismlar, qimmatli hujjatlar, kitob va qoʻlyozmalarning boy toʻplamiga ega.

Muzey xazinasida 208 ming dan ziyod eksponat bor (2005), tomoshabinlar soni yiliga 50 mingdan oshadi.

Muzey ilmiy muassasa sifatida ilmiy tekshirish ishlari olib boradi, 1976 yildan respublika va xalqaro koʻrgazmalarda ishtirok etadi; xorijiy muzeylar bilan aloqalar yoʻlga qoʻyilgan. Xazinasidagi hamda respublikadagi boshqa muzeylar va chet mamlakatlar muzey va toʻplamlari materiallari asosida yiliga 20 dan ortiq koʻrgazmalar uyushtiradi. Muzey Xalqaro muzeylar qoʻmitasi aʼzosi.

Muzeyda turli davrlarda V.L.Vyatkin, M.Ye.Masson, L.M.Rempel va boshqalar olimlar ishlagan.

Muzey 1911 yildan muzey va kutubxona uchun qurilgan binoda, 1930 yildan Ulugʻbek va Sherdor madrasalarida, 1934 yildan savdogar A.Kalontarovning sobiq uyida joylashgan; 1978 yildan Registon maydonida muzey uchun maxsus qurilgan binoda (meʼmori M.S.Bulatov); umumiy maydoni 10 ming kv.m. ekspozitsiya va koʻrgazma zallari maydoni 5 ming kv.m.