Haydarkoʻl

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Haydarkoʻl
40°53′N 66°55′E / 40.89°N 66.92°E / 40.89; 66.92Koordinatalari: 40°53′N 66°55′E / 40.89°N 66.92°E / 40.89; 66.92
Haydarkoʻl 2007-yilda
Haydarkoʻl 2007-yilda
MamlakatOʻzbekiston Oʻzbekiston
Dengiz sathidan balandlik247 m
Yuzasi3 000 km²
Hajmi44,3 km³
Shoʻrlik1,5-2 ‰

Haydarkoʻl (Haydar koʻli va Aydar koʻli deb ham nomlanadi) — Nurota tizma togʻlarining shimoliy etagidagi koʻl. Haydarkoʻl 1960-yillar oxirida asosan Janubiy Qozogʻistonning Chordara suv omboridan oqib kelgan ortiqcha suvlar hisobidan paydo boʻlgan.

Koʻl Jizzax va Navoiy viloyatlari hududida joylashgan. Haydarkoʻl Shimoliy qirgʻoqlari Sharqiy Qizilqumga tutashadi.

Koʻlning uzunligi 159 km, eni 26 km. 2005-yilda Haydarkoʻlda 44,3 km³ suv boʻlgan. Hozirgi kunda koʻlning hajmi taxminan 3000 km² ni tashkil qiladi.

Tarixi[tahrir]

1969-yilgacha Haydar shoʻrxogi (botigʻi)da mayda shoʻr koʻllar va shoʻrlar keng tarqalgan edi. Ayrim olimlar Haydar shoʻrxogini Sirdaryoning qadimiy oʻzani deb hisoblaydi.[1] 1968—69-yillarda yogʻingarchilikning haddan tashqari koʻp boʻlishi tufayli Sirdaryo oqimining bir qismi (qariyb 21 km³) Chordara suv ombori va Arnasoy orqali Aydar botigʻiga oqizildi, chunki Orol dengiziga oqizish uchun shuncha suv Sirdaryo oʻzaniga sigʻmas edi. Haydarkoʻl shu tariqa tashkil topdi.[2]

Geografik xususiyatlari[tahrir]

Haydarkoʻl 2003-yilda

Haydarkoʻlning togʻ etagidagi janubiy qirgʻoqlari ancha tekis va suv osti yon-bagʻirlari nisbatan tikroq. Shimoliy qirgʻoqlari notekis va qiya, orol va yarim orollar mavjud. Koʻlning uzunligi 159 km, eni 26 km. Haydarkoʻlning shimoliy qismi ancha sayoz, oʻrtacha chuqurligi 10—12 metr, chuqur joylari 26—30 metr, ayrim joylarda chuqurligi 40 metrgacha.

Haydarkoʻl tor yoʻlaklar orqali Tuzkon va Arnasoy koʻllari bilan tutashgan. Haydarkoʻl Jizzax viloyatidagi Oqbuloq, Sangzor daryosining Qiyli tashlamasi, Chordara suv ombori va Arnasoyga quyilayotgan Markaziy Mirzachoʻl tashlamasi oqimi hisobiga toʻyinadi. 1994—95-yillarda qish va bahorda Chordara suv omboridan katta hajmda suv kelishi natijasida Arnasoy, Tuzkon va Aydar koʻllarining suv maydoni 184 ming ga dan 320 ming gektarga yetdi. Suvining minerallashuv darajasi 1 litrda qariyb 12—15 gramm va undan ortiq.

Flora va faunasi[tahrir]

Haydarkoʻlning qirgʻoqqa yaqin sayoz joylari va orollari atrofi qamish va boshqa suv oʻsimliklari bilan band. Koʻlda zogʻora baliq, laqqa baliq, sudak, tovon baliq, leshch va boshqa baliq turlari mavjud. Baliq ovlanadi (yiliga oʻrtacha 3 ming tonnadan ziyod). Qoravoy, saqoqush, chayka, yovvoyi oʻrdak va boshqa suvda suzuvchi qushlar yashaydi.

Muammolar[tahrir]

Qozogʻistonning Chordara suv omboridan ortiqcha suv Aydarkoʻlga yuborilsa, toshqin xavfi tugʻilishi mumkin.[3] 2005-yilning fevral oyida shunday vaziyat yuzaga kelgan. Suv toshqinlarining oldini olish maqsadida Aydarkoʻlda toʻgʻon qurilgan.

Bundan tashqari, Qozogʻistonda 2008-11-yillarda qurilgan Koʻksaroy suv omboridan tashlanadigan suv ham Haydarkoʻlda toshqin xavfini tugʻdiradi. Shu sabab oshiqcha suvni oqizish uchun Qozogʻiston hukumati har safar Oʻzbekiston hukumatidan ruxsat soʻraydi. Ikkinchi tarafdan, ayrimlar Koʻksaroy sabab Haydarkoʻlga yetarlicha suv bormasligi mumkinligini aytib keladi.[4]

Manbalar[tahrir]

  1. Moʻminov, Ibrohim, ed (1971). "Aydar shoʻrxoki". Oʻzbek sovet ensiklopediyasi. 1. Toshkent. 189 b. 
  2. "Aydar koʻli". Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. 1. Toshkent. 2000-2005. 233 b. 
  3. Aydarkoʻl toshish arafasida. Ozodlik radiosi (22.02.2005). 19.08.2015.
  4. Qobil, Rustam (19.02.2010). Ulkan suv omborlari foydasi va zarari nimada?. Bi-Bi-Si oʻzbek xizmati. 19.08.2015.

Havolalar[tahrir]