Mironshoh

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Mironshoh
Tavalludi 1366
Vafoti 21-aprel 1408
Otasi Amir Temur

Mironshoh Mirzo - Amir Temurning uchinchi o‘g‘li. 1366-yilda tug‘ilgan. Uning onasi - Menglibek Og‘oyi Jon Qurbonidir. Mironshoh 1380-yilda 14 yoshidayoq Temurning Xuroson yurishida qatnashgan. Temur ana shu yurish oldidan hali qo‘lga kiritilmagan Xurosonga Mironshohni hukmdor qilib tayinlagan edi. Binobarin, Xuroson Temur tomonidan zabt etilgach, Mironshoh Hirotga kelib o‘rnashadi. 1393-yilda esa Temur Shimoliy Eron, Iroq va Kavkazortidek ulkan mamlakatni (sobiq Hulaguxonga qarashli) idora qilishni Mironshohga topshiradi.

Mironshoh yoshligidanoq harbiy san’atdan ma’lum darajada xabardor, jasur va yovga nisbatan shafqatsiz jangchi sifatida nom taratgan edi. Shuningdek, o‘ta makkor, mayxo‘rlik va maishatga berilgan kishi edi. Tarixiy manbalarda naql qilinishicha: Samarqandda bir ziyofat asnosida Hirotning sobiq hukmdorining o‘g‘li Pirmuhammadning kallasini kulib turib, qilich bilan uzib tashlagan. Keyinchalik o‘zining bu qilmishini «mastlik»ka yo‘ygan.

1376-yilda Jahongir Mirzo vafot etgach, uning katta bevasi Xonzoda (Sevin beka) begimni 1382-yilda Temur tarafidan Mironshohga nikohlab berilgan. Mironshoh O‘zbekxonning nabirasi Xonzoda begimga uylangach, otasi Temur kabi “Ko‘ragon” degan laqabga musharraf bo‘lgan.

Mironshoh Mirzo o‘z poytaxti sifatida Ozarbayjonning Sultoniya shahri tanlagan edi. U keyingi paytlarda maishatga berilib, tez-tez ovga chiqardi. 1396-yil kuzida navbatdagi ovda otdan yiqilib shikastlanadi. Ana shu jarohatdan so‘ng unda bir oz miyaning chalg‘ish alomatlari vujudga kelgan, ammo Klavixoning yozishicha, u Mironshohda hech qanday savdoyilik alomatini ko‘rmagan. Aksincha, Mironshoh kastiliyalik elchilarni o‘z zamonasining qonun-qoidalariga muvofiq tarzda qabul qilgan va qirolning sog‘ligini so‘ragan.

U shar’iy va noshar’iy xotinlar olishni ko‘paytiradi. Uzluksiz davom etgan bazmlar va har xil ko‘ngilochar o‘yinlar xazinaga sezilarli ravishda zarba beradi. Bundan tashqari, Sultoniya shahrida eng chiroyli va hashamatli binolardan birini buzdiradi. Shuningdek, Tabriz shahridagi mashhur tarixchi Rashididdinning maqbarasini buzdirib, marhumning suyaklarini yig‘dirib, shahardagi yahudiylar qabristoniga olib ko‘mishni buyuradi. O‘zining bunday xatti-harakatiga tarixchi Rashididdinning yahudiy mazhabiga mansub ekanligini asosiy sabab qilib ko'rsatdi.

Mironshoh o‘z haramidagi xotinlariga ham har xil tuhmat va bo‘htonlar qilib, jabr-zulmni haddan oshiradi. Nihoyat, 1399-yilda Mironshohning katta xotini Xonzoda begim eridan yashiriqcha Samarqandga-qaynotasi Temurning huzuriga borib, Mironshohning kirdikorlaridan shikoyat qiladi. Temur sevikli kelinidan bu ahvolni eshitib, qattik iztirobga tushadi. Usha davr tarixchilarining yozishicha, Temur bir hafta davomida yig'lab, hech kimga ko'rinish hech bermagan. Nihoyat, Temur mashhur yetti yillik yurishga bel bog'lab, yo‘l-yo‘lakay, qoqqisdan Ozarbayjonga bostirib kiradi. Temur Sultoniyaga kirgach, darxol Mironshoh va uning hamtovoqlari - arkoni davlatini tutdirib, zindonga tashlatadi.

Ertasi kun Temur o'zining eng nufuzli kishilarini to'plab, Mironshox masalasini o'rtaga tashlaydi. Ulug' devonga yig'ilgan amaldorlardan Mironshoh va uning hamtovoqlariga berilajak jazo nimadan iborat bo'lishi kerakligini aytishlarini talab qiladi. Biroq yig'ilganlardan sado chiqmaydi. Nihoyat Temurning o'zi Mironshoh va uning arkoni davlatiga o`lim jazosini e’lon qiladi. Temurning diniy rahnamosi, piri Sayid Baraka va ayrim amaldorlar bu hukmga qat’iyan qarshi turadilar. Lekin Temur o'z so'zida mahkam turavergach, amir Shoh Malik o'rnidan turib, «O'z o'g'lingiz-ku, davlatpanoh»-deydi. Temur tortishib utirishni yoktirmasdi binobarin, g'azabi qaynab ketadi va o'rnidan turib, amir Shox Malikka g'azab bilan tikiladi. Shoh Malik esa yana «shahzoda sizning farzandi arjumandingiz erur, davlatpanox, qatl qildirsangiz Islom qilichiga farzandkushlik isnodi dog' bolib tushmog'i muqarrardur»,- deydi. Temurning yanada g'azabi avjga chiqarkan, «Men ahkomi shariatda emas, o'z saltanatimda tartib o'rnatmog'im lozim!» - deydi. Shunda Sayid Baraka o'rnidan turib. - «Baribir, har bir ishdan Allox-taolo voqifdur, hukmdor»,- deydi. Shundan so'ng Temur o'zi bir qarorga keladi-da, g'azabdan tushib o'z o'rniga o'tirgach, kengash tugaganligini ma’lum qiladi.

Ertasi shahar fuqarosini katta maydonga yig'ib, Mironshoh boshlik uning barcha amir va amaldorlarini qo'llari bog'liq holda zindondan chiqarib, shahar maydoniga olib keladilar. Maydon o'rtasida turgan jallod Temurning so'nggi buyrug'ini kutardi. Nihoyat, Temur qatlni boshlashga ijozat beradi. Jallod Mironshohning o'nga yaqin bek va amaldorlarini birin ketin qatl qilgach, navbat Mironshohga keladi. Shu asnoda Sayid Baraka boshliq barcha amir va beklar hamda shahzodalar o'rtaga tushib, Mironshohning gunohidan otishni Temurdan iltijo qilib, yolboradilar. Shundan so'nggina, Mironshox banddan ozod qilinib, gunohi kechiriladi. Qatl qilingan bek va amaldorlarning to'plagan mol-mulki musodara qilinib, xazinaga qaytariladi.

Mironshohning haramidagi xotinlari va kanizaklaridan faqat bolaliklarinigina qoldirilib, bolasizlari esa haramdan chiqarilib, haydaladi. Mironshohni esa hokimiyatdan azl qilib o'rniga uning ikkinchi o'g'li Umar Mirzoni tayinlaydi. Mironshohning katta o'g'li Abubakr Mirzo otasi Mironshohni bundan buyon o:zi bilan birga qolishini bobosi Temurdan iltimos qiladi. Abubakr Mirzoning iltimosi qondirilgach, u otasi Mironshohni olib, o'z hukmida bolgan Bag'dodga jo'naydi. 1408 yil 21 aprelda Mironshoh Ozarbayjonning Sardrud mavzesida turkman Qora Yusuf bilan bolgan jangda o'ldiriladi va Surhob tumaniga dafn qilinadi. Bir necha muddat o'tgach, Shams G'uriy nomli shaxs darvesh kiyimida Surxobga borib, yashirincha Mironshohning suyaklarini olib. Movarounnahrga keltiradi va Shaxrisabzda temuriylar maqbarasiga dafn qilinadi. Keyinchalik, kimningdur tashabbusi bilan Mironshoxning xoki Shaxrisabzdan Samarqandga keltirilib, Guri Amirda Temurning yoniga dafn ettiriladi. M.E. Masson, har holda Mironshoxning xoki Shahrisabzdan Samarqandga keltirilib, Go'ri Amirga dafn qilinishi Sulton Abusayid Mirzoning hukmronlik davrida amalga oshgan bo'lsa kerak, deb taxmin qiladi.

Mironshoxdan olti o'g'il va bir necha qiz qolgan. Eng katta o`g'li Abubakr Mirzo, ikkinchisi Umar Mirzo, uchinchisi Xalil Sulton Mirzo, to'rtinchisi Suyurg'atmish Mirzo, beshinchisi Iyjal Mirzo va oltinchisi Sulton Muhammad Mirzodir.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]




Turg'un Fayziyev.