Oʻrta Osiyo

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
2012-yilda Oʻrta Osiyoning umumiy aholisi

Oʻrta Osiyo — Yevrosiyo materigining oʻrta qismida, gʻarbda Kaspiy dengizi qirg'oqlaridan sharqda Xitoy chegarasigacha, shimolida Gʻarbiy Sibir tekisligidan, janubida Nishopur, Safedkoʻh va Hindukush togʻlarigacha choʻzilgan yirik tabiiy geografik oʻlka. U materik ichkarisida, Atlantika okeanidan 4 ming km, Shimoliy Muz okeanidan 2,5 ming km, Tinch okeanidan 5,5 ming km va Hind okeanidan 1 ming km ga yaqin masofada joylashgan, suvlari okeanlarga chiqib keta olmaydigan berk havzadan iborat. Oʻrta Osiyo hududi oʻrta asrlarda, Turon arab manbalarida Movarounnahr, 19-asrning 2-yarmi va 20-asr boshlarida (1924—25 yillarda oʻtkazilgan milliy davlat chegaralanishigacha) Turkiston deb atalgan, keyinchalik Oʻrta Osiyo deb ataladigan boʻldi.

2012-yilgi O'rta Osiyo aholisining qiyoslanishi
Fayl:Инсон савияси ва онг салоҳияти ўсиши бўйича давлатлар аро йиллик ривожланиш изчиллиги (дунё миқёсида).png
2012-yilda dunyo olimlarining inson ongi rivojlanishining qiyoslanishi
Umumiy Oʻrta Osiyo maydoni
Oʻrta Osiyoning 2012-yilgi maxsuloti umumiy hajmi

Oʻrta Osiyo:

  1. Joʻgʻrofiy maʼnoda Markaziy Osiyoning SSSR tarkibiga kirgan qismi. Unga Ustyurt platosi, Turon pasttekisligi, Toʻrgʻay platosi, Qozogʻiston va qisman Kopetdogʻ, Pomir, Tyan-Shan togʻlari kiradi.
  2. Siyosiy-maʼmuriy maʼnoda Oʻzbekiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston, Tojikiston (baʼzida Qozogʻiston ham qoʻshiladi) davlatlari maydoni.

Oʻlkaning gʻarbiy chegarasi Elburs togʻining 54° 15’ shq.u. qismidan boshlanib, Kaspiy dengizining sharqiy qirgʻogʻi orqali Mangʻishloq qoʻltigʻigacha, undan Ustyurtning shimoli-gʻarbiy chinki boʻylab, Doʻngʻiztov, Chogʻray platosi, Choʻchqa va Mugʻojar togʻlari sharqiy etagi orqali oʻtib, 58° shq.u. va 48° shahrik.ga borgandan keyin shimoliga buriladi va Jetigʻara shahri gacha, undan keyin Qoʻstanay shahri orqali Ayritovgacha boradi. Soʻngra Qozogʻiston past togʻlarining shimoliy chegarasi boʻylab sharq va janubiy sharq tomon davom etib, Qozogʻiston — XXR chegarasiga tutashadi. Sharqiy chegara esa Savr, Sharqiy Jungʻariya, Jungʻariya, Boroxoro, Iren — Xabirga, Qarat, Holiqtogʻ tizmalari suvayirgʻichlari, Xontangri togʻ tuguni, Qaqshal, Otboshi tizmalari suvayirgʻichlari orqali oʻtib, Fargʻona tizmasiga kelib tutashadi, soʻngra Olay tizmasining sharqiy chekkasi va Sariqoʻl tizmasi suvayirgʻichi boʻylab oʻtib, Hindukush togʻlariga tutashadi. Bu yerda, Muztogʻdan boshlab gʻarbga tomon janubiy chegara boshlanadi va Hindukush, Safedkoʻh, Nishopur tizmalari suvayirgʻichlari boʻylab oʻtib, Elburs togʻi orqali Kaspiy dengizining janubi-sharqiy chekka sohiliga kelib tutashadi. Oʻrta Osiyo yirik geosistema sifatida (maydoni 3300 ming km²chamasida) Qozogʻistonning kattagina qismini, Oʻzbekiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, qisman Xitoy hududlari hamda Afgʻoniston va Eronning Amudaryo havzasiga qarashli qismini oʻz ichiga oladi. Oʻrta Osiyoning qoʻshni tabiiy oʻlkalaridan farqlantirib turuvchi oʻziga xos bir qancha belgilari mavjud. Bular: 1) Yevrosiyo materigida tutgan oʻrnining oʻziga xosligi, yaʼni materikning ichkarisida, okeanlardan uzoqdan joylashganligi; 2) oʻlkaning berk havzadan iborat ekanligi, yaʼni bu yerda shakllangan asosiy oqimning tashqi dengiz, okeanlarga chiqib keta olmasligi va oʻlkaning eroziya bazisi hisoblangan Kaspiy, Orol, Balxash, Issiqkoʻl kabi ichki havzalarga quyilishi; 3) Yer yuzasining oʻziga xosligi, yaʼni oʻlkaning shim., shimoli-gʻarbiy katta qismi tekisliklardan, sharqiy va janubiy qismi togʻliklardan iboratligi; 4) tabiiy sharoitida ichki tafovutlarning kattaligi, yaʼni tabiatining barcha komponentlari oʻlkaning turli qismlarida keskin farq qilishi; 5) oʻziga xos gorizontal tabiiy zonalarning mavjudligi va ularga mos balandlik mintaqalarining rivojlanganligidir. Bu oʻlkada oʻsimliksiz koʻchma qumlar, oʻtish qiyin boʻlgan chakalakzor oʻrmonlar, ekinzor va bogʻlardan iborat vohalarni koʻrish mumkin; 6) ekologik sharoitiga koʻra ham berk oʻlka, bu tabiatdan foydalanishda ehtiyotkorlikni talab etadi.

Aholisi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻrta Osiyoning aholi soni boʻyicha eng yirik 25 shahri[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻrin Shahar Aholisi (2014-yilga koʻra)
1  Uzbekistan Toshkent 2.400.000
2  Kazakhstan Almati 1.800.000
3  Kazakhstan Astana 1.000.000
4  Kyrgyzstan Bishkek 900.000
5  Turkmenistan Ashxobod 900.000
6  Tajikistan Dushanbe 900.000
7  Kazakhstan Chimkent 720.000
8  Turkmenistan Turkmanobod 660.000
9  Kazakhstan Qaragʻandi 550.000
10  Uzbekistan Samarqand 520.000
11  Uzbekistan Fargʻona 490.000
12  Uzbekistan Namangan 480.000
13  Uzbekistan Andijon 420.000
14  Kazakhstan Aqtoʻbe 380.000
15  Kazakhstan Taraz 360.000
16  Kazakhstan Pavlodar 360.000
17  Kazakhstan Qiziloʻrda 330.000
18  Kazakhstan Oʻskemen 330.000
19  Kazakhstan Semey 320.000
20  Kazakhstan Uralsk 310.000
21  Uzbekistan Nukus 300.000
22  Uzbekistan Buxoro 280.000
23  Kyrgyzstan Oʻsh 250.000
24  Kazakhstan Atirau 250.000
25  Kazakhstan Qoʻstanay 240.000

Oʻrganilish tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻrta Osiyoning tabiati, xoʻjaligi, shaharlari, xalqlariga oid dastlabki geografik maʼlumotlar Gerodot (miloddan avvalgi 5-asr), KvIn-t Kursiy Ruf, Strabon (miloddan avvalgi 2-asr) kabi Yunoniston, shuningdek, Xitoy olimlarining asarlarida uchraydi. Bu maʼlumotlar birmuncha cheklangan, baʼzan chala va xatoliklari boʻlsa ham, keyingi, yaʼni oʻrta asrlardagi geografik bilimlarga zamin boʻlib xizmat qildi. Oʻrta Osiyo haqidagi geografik bilimlar 9—12-asrlarda keng rivojlandi. Bunda Muhammad Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Ahmad asSaraxsiy (9-asr), Jayhoniy, Abu Zayd Balxiy (10-asr), Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Nosir Xisrav, Mahmud Koshgʻariy (11-asr), AlXarakiy, Abulqosim Zamaxshariy, Saʼmoniy va boshqalar mahalliy olimlarning xizmatlari katta boʻldi. „Hudud ulolam“ (10-asr) mashhur asari ham shu davrda yozildi. Oʻrta Osiyo tabiiy geografiyasiga oid maʼlumotlar 9—12-asrlarda yashagan sayyoh olimlar Ibn Xurdodbeh, Ibn alFaqih, Ibn Rusta, alMuqaddasiy, alMasʼudiy, Ibn Fadlon, Istaxriy, Ibn Havqal kabilarning asarlarida ham uchraydi. Oʻrta Osiyo ga oid geografik bilimlar 13—17-asrlarda ham, oʻlkadagi ijtimoiy-siyosiy holatlarga bogʻliq holda, goh sust, goh jadal surʼatlar bilan rivojlanib bordi. Bunda mahalliy tabiatshunos olimlar, sayyoxdarning asarlari, sayohatnomalari ahamiyatli boʻldi. Muhammad Avfiy (13-asr), Faxriddin Banokatiy (14-asr), Hofizi Abru (14—15-asrlar), Mirzo Ulugʻbek, Gʻiyosiddin Naqqosh, Abdurazzoq Samarqandiy (15asr), Zahiriddin Muhammad Bobur (16asr), Muhammad Haydar Mirzo (16-asr), Mahmud ibn Vali (17-asr) asarlari shular jumlasidandir. Bu davrlarga oid manbalar ichida chet ellik sayyohlar Plano Karpini (13-asr), Marko Polo (13 — 14 a.lar), Ibn Battuta (14-asr), alUmariy (14-asr), Klavixo (15-asr)larning sayohatnomalari ham bor. Ushbu asarlarning ayrimlari tarixiymemuar yoʻnalishida boʻlsa ham, geografik gʻoya va umumlashmalarga boy, xaritagrafik maʼlumotlari esa koʻlamli va mazmunli boʻlgan.

Oʻrta Osiyo tabiatini oʻrganish tarixidagi muhim bosqichlardan biri 18—19-asrlarga toʻgʻri keladi. Bu davrda rus sayyohlari, diplomatlari va tabiatshunos olimlari tomonidan Oʻrta Osiyoga boʻlgan qiziqish jadallashdi. Koʻplab ekspeditsiyalar uyushtirildi (masalan, Saymonov, G.I. Karelin, A.I. Butakov ekspeditsiyalari). Filipp Yefremov, Burnashev, Filipp Nazarov sayohatlari natijasida ham oʻlka haqida birmuncha geografik maʼlumotlar toʻplandi.^ 19-asrning 50-yillaridan boshlab esa Oʻrta Osiyo geografik jihatdan jadal surʼatda oʻrganila boshladi. P.P. SemyonovTyanshanskiy, N.A. Seversov, A.P. Fedchenko, N.A. Zarudniy, I.V.Mushketov, V.N.Oshanin, V.A.Obruchev kabi tabiatshunos olimlar tomonidan oʻlka tabiati haqida koʻp maʼlumotlar yigʻildi, tabiiy geografiyaga oid muhim qonuniyatlar aniqlandi. 20-asrning 1-yarmida Oʻrta Osiyo tabiatini, tabiiy resurslarini tadqiq qilish surʼati yanada ortdi, oʻrganish koʻlami kengaydi. Oʻlkaning tabiati bir butun holida ham, alohida komponentlari boʻyicha ham chuqur oʻrganila boshladi. Bu borada N.L.Korjenevskiy, D.V.Nalivkin, S.S.Shults, R.I.Abolin, Yu.A. Skvorsov, Ye.P.Korovin, D.N.Kashkarov, V.M.Chetirkin, I.A.Raykova, Q.Z.Zokirov va boshqalar bir qancha ilmiy va amaliy ahamiyatga ega boʻlgan asarlar yaratdilar.

2012-yillik Yalpi Ichki mahsulot oʻsishi

20-asrning 2-yarmida ham oʻlka tabiatini kompleks oʻrganish boʻyicha ishlarning borishi samarali boʻldi. Koʻplab monografik asarlar yaratildi. Ularda Oʻrta Osiyo tabiatini chuqur tahlil qilish bilan bir vaqtda landshaftlarni xaritaga tushirish, tabiiy geografik rayonlashtirish, tabiiy geografik komplekslarni baholash taraqqiyotini bashoratlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va tabiatni muhofaza qilish masalalariga ham katta eʼtibor berilgan. Bunda geograf olimlar L.N.Babushkin, N.A.Kogay, N.D.Dolimov, M.Qoriyev, H.H.Hasanov, Z.M.Akromov, A.A.Rafiqov va boshqalarning hissalari bor.

Tabiati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻrta Osiyo hududining 4/5 qismi tekisliklardan iborat, qolgan qismini togʻliklar tashkil qiladi. Tekisliklarning Qozogʻiston past togʻlaridan gʻarb va janubi-gʻarbdagi qismi Turon tekisligi deb ataladi. U tektonik jihatdan mezozoy va kaynozoy yotqiziqlari bilan toʻlgan katta botiqqa toʻgʻri keladi. Uning ostki qismi tektonik harakatlar natijasida kuchli oʻzgargan paleozoy jinslari qatlamlaridan tuzilgan qattiq fundamentdan iborat. Bu fundament yer yuzasidan turli chuqurliklarda yotadi, ayrim joylari past koʻrinishida yer yuzasiga chiqib qolgan.

Oʻrta Osiyo tekisliklari sharq va janubiy tomonlarida Tarbagʻatoy, Tyanshan, HisorOlay, Pomir, Hindukush, Safedkoʻh, Nishopur togʻlari bilan oʻralgan. Ularning koʻpchiligi baland togʻlar boʻlib, 6 ming m dan baland boʻlgan 136 ta choʻqqisi bor. Ayrim choʻqqilarning bal. esa 7—7,5 ming m ga yetadi.

Oʻrta Osiyo togʻlarining xususiyati shundan iboratki, tizmalar va ularni ajratib turgan daryo vodiylari va botiqlar koʻpincha kengliklar boʻylab choʻzilgan. Ular bilan birgalikda koʻndalang togʻ tizmalaridan iborat orografik tugunlar (yoki markadlar) mavjud. Bunday togʻ tugunlari Tyanshan, Pomir va Hisor— Olay togʻlarida 16 ta boʻlib, ular muzlik markazlaridir.

Oʻrta Osiyoning umumiy iklim belgilari — oftobli kunlarning koʻp boʻlishi, kontinentallik va yogʻinning kamligidir. Hududning katta qismini egallagan choʻl va chala choʻllarda bu belgilar, ayniqsa, sezilarli. Bu yerga yogʻinlarni Atlantika okeanidan keladigan havo massalari olib keladi. Tropik kengliklardan tashqarida gʻarbdan sharqqa yoʻnalgan nam havo oqimlari Oʻrta Osiyo hududiga maʼlum darajada quruq va yozda qizigan holda kirib keladi. Shu sababli Oʻrta Osiyo iqlimi qurgʻoqchil. Bu yerda yillik temperatura amplitudasi qoʻshni oʻlkalardagiga nisbatan kattaroq, yaʼni iqlimning kontinentalligi yuqoriroq darajada boʻladi va shu maʼnoda Sharqiy Sibirdan keyinda turadi. Oʻrtacha yillik havo temperaturasi Oʻrta Osiyo tekisliklarida 0° dan yuqori: chekka shimolida 1—2°, janubida 18° gacha. Togʻlik qismida dengiz sathidan 2200–2500 m balandlikda —5°, —8° gacha pasayishi mumkin. Mutlaq past temperatura togʻlar va baland togʻlarda —16° dan (janubida) —50°gacha (shimolida).

Oʻrta Osiyoning tekislik qismida iyulning oʻrtacha havo temperaturasi, shimolida 20—22°, janubida 30—31° boʻladi. Eng yuqori temperatura tekislik va togʻ etaklarida 42°, 50° atrofida, togʻlarda esa, 3000 m dan balandlikda 22—24°. Yillik yogʻin miqdori ham bir tekis taqsimlanmagan. Qizilqum va Qoraqumda 100–150 mm, togʻlarda 800–900 mm va undan ortiq. Eng kam yogʻin Sharqiy Pomirda kuzatiladi (26 mm).

Oʻrta Osiyo oʻlkasida iqlim xususiyatlari tafovutiga koʻra ikkita kichik iqlim oʻlkasi — subtropik iklim xususiyatlariga ega boʻlgan Turon kichik oʻlkasi va moʻʼtadil iqlim xususiyatlariga ega boʻlgan Qozogʻiston kichik oʻlkasidir. Bular orasidagi chegara Qoraboʻgʻozgoʻl qoʻltigʻi shimoli, Ustyurtning janubiy chinki, Qoraqum va Qizilqumning shimoliy chegarasi Qoratogʻ tizmasi, Talas Olatovi va Fargʻona tizmasidan oʻtadi.

Oʻrta Osiyo okeanlardan uzoq boʻlgani va togʻlar bilan oʻralgani uchun berk oʻlka hisoblanadi. Orol dengizi, Balxash koʻli, Issiqkoʻl va boshqalar mayda berk havzalar bor. Yirik daryolari Amudaryo va Sirdaryo. Oʻrta Osiyoda daryolarning zichligi 1 km²ga 0,002 km. Togʻlik qismida esa tekisliklarga qaraganda daryo koʻp (12 ming). Ular yomgʻir, qor, muzlik, yer osti suvlaridan toʻyinadi. Suvi, asosan, sugʻorishga sarf boʻladi.

Oʻrta Osiyoda turlituman tuproqlar tarqalgan. Ular tekisliklarda kengliklar boʻylab zonalar hosil qilib, shimoliy dan jan.ga tomon (toʻq kashtan, och kashtan, qoʻngʻir va sur qoʻngʻir, qumli choʻl tuproqlari) almashinib boradi. Taqirlar va taqirsimon tuproqlar, shoʻrxok va shoʻrtoblar uchraydi. Togʻlarda esa tuproqlar balandlik mintaqalarini hosil qilgan. Moʻʼtadil mintaqaning choʻl zonasiga tutash Jungʻariya Olatovi va Shimoliy Tyanshan tizmalarida quyidagi balandlik mintaqalar uchraydi: 1) choʻldashtdan iborat togʻ etaklarining shimoliy boʻz tuproqlari; 2) quruq va dasht hamda past togʻlardagi kashtan tuproqlar; 3) oʻtloqidasht va oʻrtacha balandliklardagi togʻoʻrmon toʻq tusli tuproqlar; 4) qoraqaragʻayoqqaragʻay oʻrmonlaridagi qora tuproqsimon togʻ oʻtloqi va togʻoʻtloqi tuproqlar; 5) subalp va alp oʻtloqlardagi torfli togʻ oʻtloqi va chala torfli tuproqlar; 6) muzliklar va qorliklar.

Gʻarbiy Tyanshan, HisorOlay va Kopetdogʻ tizmalarida balandlik mintaqalari boshqacharoq. Pastdan yuqoriga: 1) togʻ oldi quruq dasht chala savannalari boʻz tuproqlari; 2) har xil oʻtlar va butalar, dasht chala savannalari karbonatli jigarrang tuproqlar; 3) oʻrtacha balandlikdagi togʻ quruq oʻtli oʻrmon va buta oʻsimliklari jigarrang tuproqlari; 4) subalp dashtlari togʻoʻtloqi dashtlar; 5) alp dashtlari togʻoʻtloqi dasht va chala torfli togʻoʻtloqlari; 6) muzliklar va qorlar.

Ichki Tyanshan va Pomirdagi balandlik mintaqalari: 1) shuvoqboshoqli oʻtlardan iborat dasht och rangli oʻtloqi chala choʻl tuproqlar; 2) chalovli dashtlardagi quruq dasht, choʻldasht va choʻl tuproqlari; 3) balandtogʻ quruq tundralari; 4) muzliklar va qorliklar. Pomir uchun balandtogʻ shuvoq va teresken oʻsimliklari mintaqasi xos.

Oʻrta Osiyoda Markaziy Osiyoning Palearktika oʻlkasi hayvonlari yashaydi. Sut emizuvchilardan qumsichqon va qoʻshoyoqlarning har xil turlari, sariq yumronqoziq, ingichka barmoqli yumronqoziq, antilopa — jayran, qulon, olakoʻzan, qoraquloq, choʻl mushugi va sabancha, gepard va boshqalar uchraydi. Qushlardan xoʻjasavdogar, goʻngqargʻa, chumchuqlar, moyqut, chil, tuvaloq kabilar; sudralib yuruvchilardan qurbaqabosh kaltakesak, choʻl agamasi, echkemar, yoʻlioʻl kaltakesak, gekkon va boshqalar, ilonlardan oʻqilon, choʻl boʻgʻma iloni, charx ilon, koʻlbor ilon, kapcha ilon, qalqonbosh ilon va boshqalar uchraydi. Toshbaqalar keng tarqalgan. Hasharotlardan har xil qoʻngʻizlar, asalarilar, arilar, chumolilar, kapalaklar; oʻrgimchaksimonlardan biy, qoraqurt, chayonlar uchraydi. Toʻqaylarda qirgʻovul, kobon, toʻqay bugʻusi, chiyaboʻri, yerkalamush, koʻl baqasi, koʻk qurbaqa va boshqalar bor. Suv havzalarida kurakburun, moʻylovbaliq, choʻrtan, sazan, tangabaliq, laqqa, leshch, ship, osman, marinka va boshqalar baliq turlari uchraydi. Togʻlik hududlarda togʻ takasi, togʻ qoʻyi (arxar), qizil sugʻur, uzun dumli menzbir sugʻuri, qizil pishchuxa, ilvirs, togʻ gʻozi (ular), kaklik, archa boltatumshugʻi, zargʻaddoq va boshqalar uchraydi.

Oʻsiyo qitʼasining asosan markaziy qismlarini oʻz ichiga olgan bulib gʻarb tarafdan Kaspiy Dengizidan to sharq tarafdagi Xitoy, shimoldan Rossiya janubga Afg'onistongacha bulgan hududlarni oʻz ichiga oladi. Bu geografik hududlar jamlanmasi yana Markaziy Osiyo deb ham ataladi.

Oʻrta Osiyo mamlakatlarining umumiy tavsifi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mamlakat Maydoni Aholisi soni Poytaxti Davlat tili 2013-yildagi YaIM hajmi
 Uzbekistan Oʻzbekiston 447.400 kv.km 36.183.000 Toshkent Oʻzbek tili 136.931 milliard $
 Kazakhstan Qozogʻiston 2.724.902 kv.km 17.146.000 Astana Qozoq tili 233.734 milliard $
 Kyrgyzstan Qirgʻiziston 198.500 kv.km 5.777.000 Bishkek Qirgʻiz tili 13.450 milliard $
 Turkmenistan Turkmaniston 491.200 kv.km 5.169.000 Ashxobod Turkman tili 54.746 milliard $
 Tajikistan Tojikiston 142.000 kv.km 8.100.000 Dushanbe Tojik tili 17.994 milliard $

Zamonaviy manbalarning koʻpchiligida Sovet Ittifoqi parchalangandan keyin mustaqillikka erishgan quyidagi 5 davlatlar nazarda tutiladi:

Turli mutahassislar jumladan UNESKO bu hududga yana  Afghanistan shimoliy Afgʻoniston,  Iran Shimoliy Erondagi Xuroson provinsiyasi,  Mongolia Gʻarbiy va Janubiy Moʻgʻuliston,  China Xitoyning Sinsyan-Uygʻur avtonom rayoni (Uygʻuriston),  Russia Rossiyaning janubiy Sibiridagi Tuva Respublikasini ham kiritishadi.

Oʻrta Osiyo tarixi qadimdan buyon Buyuk Ipak Yuli bilan bogʻliq bulgan. Buning natijasida Gʻarb bilan Sharqni bogʻlab turuvchi aylanma yoʻl sifatida xizmat qilgan. Shu jumaladan turli xil odamlarni olib utishda, qimmat-baho mollar, ipak, tillo buyumlar, dori-darmonlar, qoʻlyozmalar va h.k larni olib utishda, savdo-sotiq infrastrukturasini yaratishda juda katta urin egallab turgan.

Inflyatsiya 2011-yil 2012-yil 2013-yil 2014-yil
Qozogʻiston bayrogʻi Qozogʻiston[1] 7,4 % 6,0 % 4,8 % 7,0 %
Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston[2] 7,3 % 7,0 % 6,8 % 6,1 %
Turkmaniston bayrogʻi Turkmaniston Misol Misol Misol Misol
Qirgʻiziston bayrogʻi Qirgʻiziston[3] 8,7 % 7,1 % 5,3 % 7,0 %
Tojikiston bayrogʻi Tojikiston [4][5] 9,3 % 6,4 % 3,7 % 7,7 %

Yana qarang[tahrir | manbasini tahrirlash]

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Qoriyev M., Oʻrta Osiyo tabiiy geografiyasi, 1968;
  • Baratov P., Mamatqulov M., Rafiqov A., Oʻrta Osiyo tabiiy geografiyasi, T., 2002;
  • Korjenevskiy N.L., Priroda Sredney Azii, T., 1960;
  • Hasanov I.A., Gʻulomov P. N., Oʻrta Osiyo tabiiy geografiyasi, T., 2002.

Shuhrat Zokirov, Potihkamol Gʻulomov.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. http://www.nationalbank.kz/?getpg=Search%20For%20Page
  2. arxiv nusxasi, 2015-09-23da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2015-03-04
  3. http://www.nbkr.kg/index1.jsp?
  4. arxiv nusxasi (PDF), 2015-04-02da asl nusxadan (PDF) arxivlandi, qaraldi: 2015-03-04
  5. http://www.nbt.tj/ru/monetary_policy/macroeconomic_survey.php