Nodir devonbegi xonaqohi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Nodir devonbegi xonaqohi (asl nomi: Nadr devonbegi xonaqohi) — Oʻzbekistonning Buxorodagi meʼmoriy yodgorlik. Buxoro xonligi hukmdori Imomqulixonning vaziri va togʻasi Nadr devonbegi (Nadr mirzo Togʻay ibn Sulton) qurdirgan (1620—1621).

Labihovuz ansamblida hovuz bilan birga bunyod etilgan. Peshtogʻi hashamatli, ravogʻining qanosi ancha baland, ulugʻvor, ayrim yerlarida koshinlarning parchalari saqlanib kolgan. Ikki tomonidagi tagi qirrali guldasta-mezanalar old koʻrinishiga salobat beradi. Xonaqohning 2 yonidan ham hujralarga kiriladigan eshiklari boʻlgan. Devorlari bir necha bor taʼmirlanganidan (1914—1916-yillarda Buxoroning oxirgi amiri Sayyid Olimxon tomonidan taʼmirlangan) asl koʻrinishi oʻzgargan. Nodir devonbegi xonaqohi simmetrik tarhli (27,5X25 metr), kiraverishda ayvon, xonaqoh (11,2Xll,2 metr) va uning yon tomonlarida 2 qavatli darvishlar yotogʻi boʻlgan. Guldastalar ichidagi aylana zina bilan bino tepasiga chiqiladi. Xonaqoh ulkan gumbazli, devorlariga taxmonlar ishlangan. Undagi serhasham naqshlar saqlanmagan. Peshtoq ravogʻidagi 3 tobadonni ganchkori panjaralar bezagan. Nodir devonbegi xonaqohining hozirgi koʻrinishi oʻzgarib muhtasham, salobatli, koʻrkam inshootga aylantirilgan.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil