Abdiberun xonaqohi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abdiberun xonaqohi
Qurila boshlagan 1633
Qurilish tamomlangan 1633
Xarita
Koordinatalari 39°36′38.48″N 66°58′30.50″E / 39.6106889°N 66.9751389°E / 39.6106889; 66.9751389 G OKoordinatalari: 39°36′38.48″N 66°58′30.50″E / 39.6106889°N 66.9751389°E / 39.6106889; 66.9751389 G O

Abdiberun xonaqohi – Samarqand qal’a devorining janubiy (berun – tashqari)da, Samarqand tumani Sarmozor MFY hududida joylashgan[1], XVII asrning birinchi yarmiga oid meʼmoriy majmua. Buxoro amirligida bosh vazir boʻlib ishlagan Nodir devonbegi tomonidan 1633-yilda qurilgan. Koʻhna qabr yoniga toqu ravoqli xonaqoh – masjid (15-asr), oʻrtasiga jamoatxona, atrof burchaklarga hujra va zinalar qurilgan. Qoʻsh qavat sirkor gumbaz, poygumbaz va devorlar sirkor gʻishtlar va koshinkor naqshlar bilan bez-atilgan. Jamoatxonaning uch tomoni-dan eshik ochilgan. Mehrob esa oddiy, xonaqoh xushbichim, sodda va fayzli ziyoratgoh, uning shim. yonboshida avliyo mozori bor. Katta hovli sahnida sufa, hovuz va darvozaxona koʻzga tashlanadi[2].

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

„Abdiberun“ ansamblining Movarounnahrda Xoʻja Abdi nomi bilan mashhur boʻlgan Said Abdi ibn Yoqub nomi bilan bogʻliqdir. U Samarqandda qozi boʻlib xizmat qilgan va kamtar hayot kechirgan. Oʻlimidan soʻng Samarqand qalʼa devori (Devori qiyomat)[3]. ortidagi Oqmachit qishlogʻi qabristoniga dafn etilgan. Shu munosabat bilan uning dafn etilgan joyi nomiga Abdidarun (dorun) maqbarasidan farqli ravishda „birun“ (tojikchadan tarjimasi – tashqi, yaʼni shahar devoridan tashqarida joylashgan) soʻzi qoʻshila boshlandi. Abdidarunda Abdi oilasining yana bir vakili Al Maziddin dafn etilgan. Har ikkala ansambl – Abdiberun va Abdidarun ham Samarqandda Xoja Abdi nomi bilan mashhur.

Xoja Abdiga sigʻinish Samarqandda IX—X asrlar oxirida vujudga kelgan. Taxminlarga koʻra, XII asrning birinchi yarmida Sulton Sanjar buyrugʻi bilan Abdiberun mozori qurilgan. Biroq 1220-yilda moʻgʻullar istilosi paytida Samarqand va uning atrofi xarobaga aylangan. Mozorni qayta tiklash faqat XVII asrda boshlangan. 1633-yilda Buxoro xonining nufuzli vakili Nodir devonbegi Abdiberun qabri ustiga dahma oʻrnatib, uning atrofida gʻisht devor qurdirgan. Tez orada dahma yonida xonaqoh va yozgi masjid qad koʻtargan. Keyinchalik tashkil etilgan ansamblning atrofi tosh devor bilan oʻralgan, darvozaxona, xonaqohning roʻparasida toʻrtburchak shakldagi hovuz qazilgan.

Abdiberun ansambli XX asr oʻrtalarigacha yaxshi saqlanib qolgan. 1959—1960-yillarda xonaqohda „Hamza“ filmini suratga olish ishlari olib borilgan. Biroq shoʻrolar hukmronligi davrida majmua Samarqandning diqqatga sazovor joylari roʻyxatiga kiritilmagan va uni saqlash va taʼmirlash uchun mablagʻ ajratilmagan. Ansamblni qayta tiklash faqat 2000-yillarda boshlangan. 2013-yilga kelib uning hududidagi asosiy qurilish va pardozlash ishlari yakunlandi.

Meʼmorchiligi[tahrir | manbasini tahrirlash]

„Abdiberun“ majmuasi 4000 kvadrat metr maydonda joylashgan boʻlib, xonaqoh, dafn hovlisi va yozgi masjidni oʻz ichiga oladi. Qayta tiklash ishlari davomida majmua hududidan yer osti yoʻllari orqali bir-biri bilan bogʻlangan hujralar ham topilgan. Hovlining gʻarbiy tomonini yozgi masjid egallagan boʻlib, unga hovli tomondan ochilgan ayvon orqali kiriladi, ayvonning tomi yogʻoch ustunlarga oʻrnatilgan. Dafn hovlisining asosiy qismini Abdiberun dahmasi – marmar bilan qoplangan, sagʻana qoʻyilgan toʻrtburchak stilobat egallaydi. Panjara ortida bir qancha qadimiy qabrlar mavjud.


Agar Abdiberun dahmasi ansamblning asosiy muqaddas yodgorligi boʻlsa, xonaqoh uning meʼmoriy ustunligi hisoblanadi. Xonaqoh majmuaning janubiy qismida joylashgan boʻlib, gumbazli kompozitsiyadan iborat. Ikkita kirish joyi mavjud. Pardozlangan gʻishtdan geometrik naqshlar ishlangan. Ikkinchi kirish eshigi sharqiy tomonda joylashgan. Hovlining shimoliy tomonidagi xonaqohning roʻparasida, daraxtlar soyasida toʻrtburchak uy bor. Xonaqohning asosiy eshigining chap tomonida 2000-yillarda kichik minora qurilgan.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil



Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Samarqand viloyati“. www.uzbekistan.travel. Qaraldi: 21-sentabr 2023-yil. [sayt ishlamaydi]
  2. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  3. Qulmatov Sh, Berdimurodov A. Samarqand yodgorliklari. Самарканд: Имом Бухорий халкаро маркази, 2017 — 92 bet. ISBN 978-9943-4783-8-1.