Ulugʻbek rasadxonasi
Ulugʻbek rasadxonasi | |
---|---|
| |
Joylashuv | Oʻzbekiston |
Binokor | Mirzo Ulug'bek |
Turi | rasadxona |
Meʼmoriy uslubi | Fors meʼmorchiligi |
Qurila boshlagan | 1424-yil |
Qurilish tamomlangan | 1428-yil |
Xarita | |
Koordinatalari | 39°40′29″N 67°0′20″E / 39.67472°N 67.00556°E G OKoordinatalari: 39°40′29″N 67°0′20″E / 39.67472°N 67.00556°E G O |
Ulugʻbek rasadxonasi — Samarqanddagi 15-asr meʼmorchiligining nodir namunalaridan biri, koʻhna astronomik kuzatuv muassasasi. 1420-yillarda temuriylar davri astronomi Ulugʻbek tomonidan barpo etilgan. Rasadxonada Al-Koshiy, Ali Qushchi va Ulugʻbek kabi musulmon astronomlar ishlagan. Rasadxona 1449-yilda vayron qilingan va 1908-yilda qayta kashf etilgan.
Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]
Rasadxona bunyodkori Muhammad Taragʻay Ulugʻbek Amir Temurning nevarasidir. U bobosi vafotidan 11 yil avval, yaʼni, 1394-yilda tugʻilgan. Shahzodaning ustozlari yozuvchi va faylasuf Orif Ozariy va buyuk matematik Qozizoda Rumiy boʻlib, keyinchalik rasadxona faoliyatida ularning ham xizmatlari katta. Ulugʻbek bolaligida qobiliyatli va matematika faniga qiziqishi baland edi. 1409-yilda Samarqand hukmdori boʻlgan Ulugʻbek ilm-fanni rivojlantirishga harakat qildi va oradan 10 yil oʻtib oʻzining orzusi — rasadxona tashkil etishni amalga oshira boshladi. Ulugʻbek Qozizoda Rumiyni bu katta ishdagi maslahatchisi deb biladi. "Ustoz koʻmagi va yordami bilan, — deb yozadi u, — ilm bayrogʻini koʻtargan, haqiqat va izlanish yoʻlini koʻrsatgan buyuk olim Qozizoda Rumiy rasadxona tashkil etishga kirishdi.
Rasadxona oʻziga xos turdagi bino boʻlib, uning qurilishida asosiy rol meʼmorga emas, balki binoga oʻrnatilgan asboblarning joylashuvi va hajmini aniqlagan olimlarga, yaʼni Ulugʻbek va Rumiyga tegishli boʻlgan. Aytish kerakki, ular qabul qilgan qarorlar oʻsha davr taqozosiga koʻra dadil qadamlar edi. Qurilish taxminan uch yil davom etdi. 1428—1429-yillarda rasadxona binosi tayyor holga keldi[1]. Asboblarni oʻrnatish va moslashtirish boshlandi. Buni Ulugʻbekning iltimosiga koʻra, koshonlik astronom va mohir matematik Jamshid al-Koshiy (1373—1430) amalga oshirdi.
Rasadxonaning ilmiy dasturi kamida 30 yilga moʻljallangan (Saturnning orbital davri). Davlat ishlari Ulugʻbekning rasadxonada uzoq vaqt faoliyat yuritishiga imkon bermadi. Rasadxonaga 60 dan ortiq matematik va astronom taklif qilingan. Rasadxona tashkil etilgandan soʻng unga oʻn yil davomida Jamshid al-Koshiy rahbarlik qilgan. Uning vafotidan keyin bu lavozimni yetmish yoshli Qozizoda Rumiy egalladi. Ammo oradan olti yil oʻtib, 1436-yilda Rumiy ham vafot etadi. Shundan soʻng rasadxona boshqaruvi Ali Qushchi qoʻliga oʻtadi[2]. Samarqand rasadxonasi astronomlar va matematiklarning yangi kashfiyotlar topishda hamkorlik qiladigan maskani boʻlgan.
Sovetlar hukmronligi davrida 1449-yilda Ulugʻbek oʻldirilganidan soʻng rasadxona faoliyati toʻxtab, bino diniy aqidaparastlar tomonidan vayron qilingani haqida xato ma'lumotlar berilgan[3]. Ulugʻbekdan soʻng rasadxona uning shogirdi Ali Qushchi rahbarligida yigirma yil faoliyat yuritgan. Faqat 1469-yilda Samarqand hukmdori Abu Said Gʻarbiy Eronga qarshi yurishda vafot etgach, olimlar obod Hirotga koʻcha boshlaydilar. Shunday qilib, Ali Qushchi shogirdlari bilan rasadxonani tashlab, Hirotga koʻchib oʻtishga majbur boʻladi. Hirotda Husayn Boyqaroning vaziri, sharqning atoqli shoiri va temuriylar Xurosonining davlat arbobi Alisher Navoiy[4] olimlar, mutafakkirlar, rassomlar, musiqachilar va shoirlarga homiylik va moddiy yordam koʻrsatgan. Tez orada samarqandlik astronom Ali Qushchi Konstantinopolga taklif qilindi. U yerda rasadxona ishlari faoliyatiga doir kitoblar nashr ettiradi. Ulugʻbek rasadxonasida tuzilgan astronomik jadvallar sharqda munosib shuhrat qozongan va uzoq vaqt davomida tengsizligicha qolgan. Yevropada ushbu jadvallar haqida maʼlumotlar birinchi marta 1650-yilda nashr etilgan.
Rasadxona binosi Ulugʻbek vafotidan so'ng, uzoq yillar qad rostlab turgan, astronomik tadqiqotlar Samarqandda yana yetmish besh yil davom etgan[5][6]. XVI asr oxirida Samarqand aholisi rasadxona gʻishtlarini koʻchirib olganlar. Rasadxona arxitekturasining tafsilotlari topilmalari bunga dalildir.
Qurilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ulugʻbek rasadxonasi Nosiriddin at-Tusiy tomonidan ishlab chiqilgan Marogʻa rasadxonasining rejalari asosida qurilgan[7]. Rasadxona to'g'risida Abu Tohirxo'ja shunday ma'lumot beradi:
Madrasaga asos solinganidan to'rt yil keyin Mirzo Ulug'bek Qozizoda Rumiy, Mavlono G'iyosiddin Jamshid va Mavlono Muiniddin Koshoniylar bilan maslahatlashib, Ko'hak tepaligida Obi Rahmat arig'ining bo'yida rasadxona binosini qurdiradi. Uning atrofida esa baland hujralar barpo etadi[8][9].
Ulugʻbek farmoyishi bilan 1428 — 29 yilda Koʻhak (Choʻponota) tepaligida ulkan silindr shaklida bunyod etilgan; ayrim qoʻlyozmalar („Boburnoma“)ga koʻra, bal. 30,4 m dan iborat 3 qavatli qilib qurilgan. Unda oʻndan ortiq turli astronomik qurilma va asboblar boʻlgan. Ulardan eng asosiysi radiusi 40,2 m li qoʻshaloq yoydan iborat kvadrant (yoki sekstantga yaqin) qurilma hisoblanadi. Kvadrantning jan. qismi yer ostida, qolgan qismi shim. tomonda yer sathidan 30 m cha balandda joylashgan. Asbob aylanasida bir gradus yoy 701,85 mm va bir minut yoy 11,53 mm ga toʻgʻri keladi. Ushbu qurilma juda koʻp qirrali edi. U ufqdan quyoshni, yulduz balandligini va boshqa sayyoralarni aniq oʻlchashi mumkin edi. Yilning davomiyligi, sayyoralar davri va tutilishlar ushbu qurilma bilan oʻlchandi. Ulugʻbekning sayyoralar oʻlchovlari bugungi oʻlchov bilan chambarchas bogʻliq boʻlib, bizga qurilmaning ajoyib aniqligini koʻrsatadi. Rasadxona oʻrta asrlarda asbob uskunasi jihatdan ham beqiyos boʻlgan. Asbob astronomiyaning asosiy doimiyliklari — ekvator va ekliptika orasidagi burchakni oʻlchash, yillik pretsessiya doimiysini, tropik yil davomiyligini va boshqa fundamental astronomik doimiyliklarni aniqlashga imkon bergan. Rasadxonada kichik oʻlchamli asboblar: armillyar sfera, 2, 4 va 7 halqadan iborat oʻlchov asboblari, triangula, quyosh hamda yulduz soatlari, asturlob va boshqalar boʻlgan. Bu ilmiy uskunalar yordamida Quyosh, Oy, sayyoralar va alohida yulduzlar kuzatilgan. Mirzo Ulugʻbekning eng yirik astronomik asari „Ziji Koʻragoniy“ rasadxonada yaratilgan. Uning qurilishi va keyingi ilmiy faoliyati Ulugʻbek taklifi bilan yigʻilgan qator mashhur olimlar Gʻiyosiddin Koshiy, Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi va boshqalar nomi bilan bogʻliq.
Bugun Ulugʻbek rasadxonasiga tashrif buyurgan odamlar marmar kvadrantning faqat poydevori va koʻmilgan qismini koʻrishlari mumkin[7]. Bular rasadxonadan olingan yagona asl qoldiqlardir. Rasadxonaning tanazzulga uchrashining katta qismi Ulugʻbekning taxminan 1449-yilda uning oʻgʻli Abd al Latif tomonidan oʻldirilgani bilan bogʻliq boʻlishi mumkin[10].
Meʼmorchiligi[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ulugʻbek rasadxonasi meʼmorchiligi oʻsha davrda qurilgan boshqa binolardan farq qilgan. Ulugʻbek unga yordam beradigan mohir meʼmorga muhtoj boʻlib, Qozizoda Rumiy bilan maslahatlashib, undan tajribali va mohir meʼmor topishni soʻraydi. Qozizoda Rumiy matematik va meʼmor Koshoniyni tavsiya qilgan. Inshootni qurishda Hulokuxon va Manguxon tomonidan barpo etilgan Marogʻa rasadxonasidan namuna olingan. Marogʻa rasadxonasi meʼmori Nosiriddin at-Tusiy taklif qilingan[11]. Ulugʻbek rasadxonasi yerdan 21 metr balandlikdagi tepalik ustida qurilgan. Bino gʻishtdan qurilgan. Sekstantning radiusiga koʻra, bino anchagina baland boʻlishi kerak edi. Biroq binoning tepalik ustida baland qilib qurilishi uning qulash xavfini yuzaga keltirardi. Binokorlar sekstantning yarmini yer ostida qurish orqali bu muammoni hal qilishga muvaffaq boʻlishdi. Bu sekstantning oʻlchamini balandligi xavfli darajada baland boʻlmagan holda saqlashga imkon berdi[12].
Rasadxona uch qavatdan iborat boʻlib, birinchi qavatda xodimlar yashagan. Barcha kuzatuvlarni koʻzdan kechirish ikkinchi va uchinchi qavatlardan olib borilgan. Rasadxonaning tomi tekis boʻlib, asboblarni binoning tomi ustida ham ishlatish mumkin edi[12]. Soʻnggi yillarda rasadxonaning kirish qismi bir necha bor oʻzgartirilgan.
Qazilma ishlari[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ulugʻbek rasadxonasining arxeologik qoldiqlari 1908-yil V. L. Vyatkin rahbarligida olib borilgan qazilma ishlari natijasida topilgan[13]. Xususan, bu yerda diametri 48 m keladigan, qalinligi bir gʻisht boʻlgan aylanma devor borligi va uning markazida qoʻshaloq yoydan iborat ulkan bosh qurilmaning qoldiq qismlari aniqlangan. Uning katta zallari, turli katta — kichik xonalari boʻlgan. Boburning yozishicha, Ulugʻbek rasadxonasining sirti koshin va sirli parchinlar bilan bezatilgan. Rasadxona ichiga oʻrnatilgan juda katta asbob yordamida Quyosh, Oy, sayyora va yulduzlar katta aniqlik bilan oʻrganilgan. Rasadxonada kutubxona ham boʻlgan. Ichki devorda osmon tasviri, yulduzlar xaritasi, togʻ, dengiz, mamlakatlar belgilangan Yer shari tasviri ishlangan. Keyinchalik u qarovsiz qolib, XVI asrda vayron qilingan. Hozir Ulugʻbek rasadxonasidagi katta asbob — kvadratning yer ostida saqlangan qismi balandligi bilan 11 m keladi. 1964-yil Ulugʻbek rasadxonasi yonida Ulugʻbek muzeyi ochilgan. Ulugʻbek rasadxonasining asl koʻrinishi, ichki tuzilishi, bosh qurilmasi haqida Oʻzbekiston va chet el olimlari tomonidan tadqiqot ishlari olib borilmoqda.
Galereya[tahrir | manbasini tahrirlash]
-
Вяткин В.Л.
-
Вяткин В.Л.
-
-
-
Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]
- ↑ Yazdi, Hamid-Reza Giahi (2015). "Chronology of the Events of the Samarquand "Observatory and School" Based on some Old Persian Texts: a Revision". Suhayl: 145–65.
- ↑ Prof. Aydın Sayılı (1960). The Observatory ın İslam, Ankara, Türk Tarih Kurumu, say. 271
- ↑ Bunların başında Semerkant'daki Nakşibendi şeyhi Hoca Ubeyidullah Akrar bulunduğu belirtilmiştir. Heather Hobden (1999) Ulughbek and his Observatory ın Samarkand, Lincoln: Coşmiçelk ISBN 10 - 1-871443-18 0 say.12.
- ↑ „Мирза Мухаммад Хайдар Дуглат «Тарихи Рашиди»“. 21-oktyabr 2016-yilda asl nusxadan arxivlandi. Qaraldi: 3-may 2011-yil.
- ↑ Djebbar, A., Une histoire de la science arabe, Le Seuil, Paris, 2001, p.187–188
- ↑ Louis-Pierre-Eugène Sédillot, General Survey of Arabic Astronomy, encyclopaedia, Régis Morelon, 1853, volume 1, p. 14
- ↑ 7,0 7,1 Juhel, Alain (2007). "Prince of Samarqand Stars". The Mathematical Tourist: 44–50.
- ↑ Abu Tohirxoʻja Samarqandiy. Samariya, Toshkent, 1969 — 25 bet.
- ↑ Ma'naviyat yulduzlari. Toshkent: Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 1999 — 157 bet. ISBN 5-86484-072-6.
- ↑ „Ulugh Beg Observatory“. Atlas Obscura. Qaraldi: 22-noyabr 2019-yil.
- ↑ Safiai, Mohd Hafiz; Ibrahim, Ibnor Azli (2016), „Tracing the History of Astrolabe Inventions Across Civilisations“, Islamic Perspectives on Science and Technology, Springer Singapore, 373–82-bet, doi:10.1007/978-981-287-778-9_26, ISBN 978-981-287-777-2
- ↑ 12,0 12,1 Taheri, Jafar (2009), „Mathematical Knowledge of Architecture in the Works of Kâshânî“, Nexus Network Journal, Birkhäuser Basel, 77–88-bet, doi:10.1007/978-3-7643-8974-1_7, ISBN 978-3-7643-8973-4, S2CID 120471241
- ↑ „Ulugh Beg Observatory“. Atlas Obscura. Qaraldi: 22-noyabr 2019-yil.
![]() | Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
|
![]() | Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |