Panjara

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Panjara — meʼmoriy boʻlak; kataksimon toʻqima shakl, toʻsiq. Binolarning eshik, darcha, tuynuk, zinapoyalarida, ayvonlarda toʻsiq va ayni paytda bezak vazifasini oʻtaydi. Turar joy, bogʻlarda, koʻchalarda, uy-roʻzgʻor buyumlarida, amaliy sanʼat va hunarmandlik buyumlarida ham bezak sifatida foydalaniladi. P. yogʻoch taxtachalarni, gʻishtni qalab, ganch va metallni quyib va oʻyib, toshni qalab va oʻyib oʻsimliksimon, handasiy shakl hosil qilib tayyorlanadi. Sodda va murakkab turlari bor. P. tayyorlash usuli P.ning xom ashyosiga, vazifasiga, oʻrni, ustaning malakasi va mahoratiga bogʻliq. P.ning keng Tap-kalgan turi yogʻoch P. uchun oldin rom tayyorlanib, chizma boʻyicha hozirlangan taxtachalar uning ichiga qalab-yigʻib chiqiladi (yogʻoch boʻlaklarining porsi qilingan, tish chiqarilgan joylari birbiriga bolgʻacha bilan urib jipslashtiriladi). Bu ustadan koʻp mehnat, ma-horat, aniqlik talab qiladi. Taxtani parma va iskana bilan oʻyib ham P. tayyorlanadi. Ganch P. ganchning eng yaxshi navidan qolipga quyib yoki tayyor ganch taxtani oʻyib hosil qilinadi, soʻng pardozlanadi. Shakli oldin ganchdan yoki gʻishtdan qalab tayyorlanib, ustiga koshin qoplangan P. ham bor. Metall P.lar kamdan-kam boʻlib, quyib yoki mis taxtani oʻyib tayyorlangan (hozir koʻpincha choʻyandan quyilib tayyorlanmoqda). Zamonaviy meʼmorlikda metall va beton P.lar keng qoʻllanadi.

Arxeologik materiallar P. sanʼati qadimdan mavjudligini, ayniqsa, Sharq mamlakatlarida keng tarqalganligini koʻrsatadi. Tuproqqalʼa (3-asr) saroylarida ham xom gʻishtni qalab, Varaxsha (8-asr) binolarida ganchni oʻyib ishlangan P. qoldiqlari bor, Ismoil Somoniy maqbarasida pishiq gʻishtni qalab P. hosil qilingan. Te-muriylar davrida jozibador ishlangan P. namunalari yaratilgan Shohi-zinda majmuasi (14-asr)da mahorat bilan ishlangan yogʻoch P. va boshqa meʼmoriy yodgorliklarda marmardan ishlangan P. namunalari saqlangan.

Mir Arab, Abdullaxon (16-asr Buxoro), Sherdor (17-asr, Samarqand) madrasalarida rangli koshinlardan mozaika P.larining ajoyib namunalari, Sitorai Mohi Xosa majmui (1913—14), Xivadagi Toshhovli, Samarqanddagi Imom al-Buxoriy majmui, Toshkentdagi Navoiy teatri, Oʻzbekiston tarixi muzeyi, Navoiy nomidagi adabiyot muzeyi, "Koʻk gumbaz" kafe va choyxonasi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, "Oʻzbekiston" mehmonxonasi va boshqa binolarda P.ning jozibador namunalarini koʻrish mumkin.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil