Fayzobod xonaqohi
Fayzobod xonaqohi | |
---|---|
Muqobil nomlari |
Fayzobod xonaqohi |
Umumiy maʼlumot | |
Maqomi | Tarixiy obida |
Turi | Xonaqoh |
Shahar | Buxoro |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
Qurilishi boshlangan | 1598—1599-yillar |
Texnik holati | |
Material | pishgan gʻisht, yogʻoch, ganch |
Fayzobod xonaqohi — Buxorodagi meʼmoriy yodgorlik (1598—1599). Buxoro xoni shayboniy Abdullaxon II davrida Doʻstum Devonbegi tomonidan qurdirilgan. Xonaqoh Oʻzbekiston moddiy va madaniy meʼrosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan.
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Fayzobod xonaqohi Buxoro xonligida hukmronlik qilgan shayboniy Abdullaxon II davrida 1598—1599-yillar davomida Doʻstum devonbegi tomonidan bunyod etilgan[1]. Buxoro meʼmorchiligida xonaqohlar qurilishi XVI asr ikkinchi yarmida keng tarqalgan. Xonaqoh bu darveshxona vazifasini bajargan boʻlib, soʻfiylar maskani boʻlgan. Ayniqsa xonaqohlar qurilishi shayboniylar sulolasi davrida keng tarqalgan. Fayzobod mavzesida qabriston boʻlgan boʻlib, unda naqshbandiya tariqati vakillaridan biri Poyanda Muhammad Axsh Fayzobodiy va uning avlodlarining qabri mavjud boʻlgan. Poyanda Muhammad Axsh Fayzobodiy 1601-yilda vafot etgan. Fayzobod xonaqohi boshqa meʼmoriy obidalardan ochiq ravoqli qilib qurilganligi bilan ajralib turadi. Shoyaxsi xonaqoh-masjidi sufiy Shohi Axsi tomonidan bunyod etiladi. Xonaqohda islimiy nashqlar va kitoblardan keng foydalanilgan. Muhammad Axsi Fayzobodiy oʻz tashabbusi bilan bu yerda xonaqoh, hujralar, gumbazli taxoratxonadan iborat majmua qurdiradi. XVI—XVII asrlardagi vaqf hujjatlari maʼlumotlariga qaraganda oʻnlab doʻkon, tegirmon, hammom xonaqoh mulki boʻlgan. 1970—1971-yillarda xonaqohda taʼmirlash ishlari olib boriladi. Mavzedagi qabriston buzib tashlanib, gulzorga aylantiriladi. 2008—2012-yillarda xonaqohda maxsus ilmiy taʼmir ishlab chiqish ustaxonasi xodimlari tomonidan qayta tiklangan[2]. Xonaqoh ichki qismi naqshli gumbazli qilib bezatilgan. Xonaqoh oʻsimlik bezagining nafis uygʻunligidagi naqsh surati „qirma“ va „oq-kulrang“ uslubida bajarilgan[3]. Xonaqoh hozirgi kunda masjid sifatida foydalanib kelinmoqda. Xonaqoh oldida yangi yangi maqbara qayta qurildi va taʼmirlandi.
Meʼmorchiligi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Fayzobod xonaqohi Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi uslubida bunyod etilgan. Masjid pishiq gʻisht, yogʻoch, tosh va ganchdan qurilgan. Fayzobod xonaqohi koʻp xonali, peshtoq gumbazli, tarhi 35*28,8 m. Markazida gumbazli katta xonaqoh (12,7x12,7 m), 3 tomondan ravoqli bostirma (galereya) oʻrab turadi. Old tomonida ulkan peshtoq, 2 yon tomonida 2 qavatli hujralar xamda ravokli yoʻlak joylashgan. Peshtoq va hujrapar tobadoniga ganchkori panjaralar ishlangan, xonaqoh gumbazi 8 qirrali poygumbazga oʻrnatilgan. Xonaga yorugʻlik poygumbazdagi darchalardan tushadi. Xonaqoh ichi, gumbaz osti qirma pardozi naqsh bilan nafis bezatilgan. Kulrang va sariq ganchdan oʻyib islimiy naqsh ishlangan. Bagʻallari muqarnas bilan, hoshiyasi sodda naqshlar bilan ziynatlangan. Fayzobod xonaqohi ochiqravoqli galereya shaklida qurilganligi bilan ajralib turadi. Vayronaga aylangan Fayzobod xonaqohi XX asrning 1970—1980-yillarida Buxoro maxsus ilmiy taʼmirlash ishlab chiqarish ustaxonasi (ustalar A. Haitov, R. Qurbonov va boshqalar) tomonidan qayta tiklangan. Bu obida chor uslubida qurilgan. 2000-yil 30-avgustda qabul qilingan qonun,YUNESKO tomonidan jahon yodgorliklari roʻyxatiga kiritilgan[4]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Ражабов 2016, s. 174.
- ↑ Ражабов 2016, s. 175.
- ↑ Бухоро шарқ дурдонаси 1997, s. 103.
- ↑ "Fayzobod xonaqohi" OʻzME. F-harfi[sayt ishlamaydi] Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ilmiy adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Ражабов Қ, Иноятов С. Бухоро тарихи. Tошкент: Тафаккур нашриёти, 2016 — 460-bet. ISBN 978-9943-24-119-0.
- Азизхўжаев А Масъул муҳаррир. Бухоро шарқ дурдонаси. Tошкент: Шарқ нашриёти, 1997 — 232-bet.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |