Magʻoki Attori masjidi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Magʻoki Attori masjidi - Buxorodagi meʼmoriy yodgorlik (XXVI asrlar). Magʻokda (chuqurlikda) va attor bozori yaqinida joylashgani sababli Magʻoki attori masjidi deb nomlangan. Qadimgi 4 ustunli Moh masjidi (IX asr) oʻrnida XII asrda eski loyiha asosida qayta qurilgan (1934-yilda arxeologik tadqiqotlar natijasida aniqlangan). XIV asrda taʼmirlangan, XV asrda peshtoqining yuqori qismi buzilgan. Abdulazizxon davrida (1541—1542-yillar) binoning yuqori qismi, gumbazlari qayta qurilgan. Masjid tarhi (13,35x17,6 metr) sodda yechimga ega, ichkarisi 6 ustunli, 12 gumbazli, oʻrta gumbazi balandroq boʻlib, uning poygumbazidagi darchalar orqali bino ichiga yorugʻlik tushadi. Sharqiy qismini keng pillapoyali zina egallagan. Bosh tarzidagi peshtoq gʻayriodatiy ravishda binoning yon tomonida (janubida) joylashgan. Keyinchalik sharqiy qismiga qayta qurilgan. Peshtoqining koʻrinishida yoysimon chuqur ravoq va undagi oʻziga xos bezaklar muhim oʻrin tutadi. Ganch va mayda gʻisht boʻlakchalaridan bezatilgan peshtoq hashami gʻoyatda nafis va yuksak badiiy did bilan bajarilgan. Namoyon oʻlchamlariga mutanosib ravishda murakkab boʻrtma bezaklar ishlangan. Ustungoʻshalari oʻyma naqshlar bilan, boshasi vazasimon shaklda koʻrkamlashtirilgan. Magʻoki Attori masjidining bezaklari XII asr Buxoro meʼmorlik maktabining yuksak namunasi sifatida Oʻzbekiston meʼmorlik tarixida alohida oʻrin tutadi. 1939—1949-yillarda peshtoqi mustahkamlanib taʼmirlangan, atrofi obodonlashtirilgan.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. "Magʻoki Attori masjidi" OʻzME. M-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil