Qadimgi Varaxsha va kulolchilik sanʼati tarixi muzeyi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Qadimgi Varaxsha va kulolchilik sanʼati tarixi muzeyi
Qadimgi Varaxsha va kulolchilik sanʼati tarixi muzeyi Nodir devonbegi xonaqohi yodgorligining ichida joylashgan
Asos solingan sanasi 1991-yil
Manzili Buxoro shahar
Sayti https://www.bukharamuseums.uz

Qadimgi Varaxsha va kulolchilik sanʼati tarixi muzeyi — Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi tarkibidagi muzey. Mazkur muzey Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi tarkibida 1991-yil tashkil topgan. 2017-yilda Qadimgi Varaxsha va kulolchilik sanʼati tarixi muzeyi deb nomlangan. Hozirda mazkur muzey Nodir devonbegi xonaqohi ichida joylashgan.

Muzey tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Muzey 1991-yilda tashkil etilgan va 2017-yilda Qadimgi Varaxsha va kulolchilik sanʼati tarixi muzeyi sifatida qayta nomlanib, koʻrgazmalari oʻzgartirilgan. „Qadimgi Varaxsha va kulolchilik tarixi“ muzey koʻrgazmasida Qadimgi Varaxsha tarixiy qoʻrgʻoni va kulolchilik buyumlari namoyish qilinadi. Muzey koʻrgazmasi quyidagilardan iborat: Nodir Devonbegi xonaqosi tarixi, Buxoro vohasida shaharsozlikning vujudga kelishi, Qadimgi Varaxsha shahri tarixi, Qadimgi va oʻrta asrlarda Buxoro voxasida kulolchilik tarixi, XVII—XX asr oʻrtalarigacha boʻlgan davrda Buxoroning kulolchilik maktablari. Varaxsha va uning atrofida Vasiliy Afanasevich Shishkin 1937—1939 va 1947—1954-yillarda keng koʻlamda arxeologik izlanishlar olib borgan. Shishkindan keyin esa Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Arxeologiya instituti arxeologi, akademik Abdulahad Muhammadjonov 1975—1979-yillarda arxeologik izlanishlar olib bordi. 1977—1979-yillarda ilmiy-tadqiqot ishlarini Varaxshada O. V. Obelchenko olib bordi. 1987—1990-yillarda Varaxshada arxeologik ishlarni Shishkinning qizi Shishkina Varaxshaning ayrim qismlarida davom ettirdi. Muzey ekspozitsiyasida Varaxshada ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borgan arxeolog olimlarning fotosuratlari namoyish etilmoqda[1].

Nodir devonbegi xonaqohi tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Nodir devonbegi xonaqohi Buxorodagi yirik xonaqohlardan biri 1621—1622-yillarda Imomqulixonning vaziri Nodir devonbegi Mirzo Togʻay ibn Sulton buyurigʻi bilan qurilgan. Xonaqoh markaziy gumbazli, atrofi ziyoratxona, Qurʼoni Karim mutola qilish xonasi, doimiy yashovchi soʻfiylar va ziyoratchilar xujrasi, oshxona va omborxonadan iborat. Xonaqoning uch ta darvozasi boʻlib, obida tashqi tomondan toʻrt qavatli boʻlib koʻrinishida, aslida ikki qavatdan iborat. Birinchi qavatda tashqi tomondan sakkizta xujra bilan oʻrab olingan. Binoning orqa tomonida avliyo Xazrat Xoʻja Karimning qabri saqlangan. Yodgorlik 1914—1916-yillarda Amir Olimxon tomonidan taʼmirlangan. Sovetlar davrida binodan omborxona maqsadida foydalanishgan[2].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Ernazarov E. Buxoro davlat meʼmoriy-badiiy muzey-qoʻriqxonasi (ўзбек, рус ва инглиз тилларида). SM Print: Toshkent, 2004 — 223 bet. 
  2. Арсланова Ф, Алиев Р. Музеи древней Бухары (ўзбек, рус ва инглиз тилларида). Бухоро нашриёти: Бухоро, 2015 — 96 bet.