Ayvon

Ayvon– Oʻrta Osiyoda iqlimiy sharoit (asosan yoz fasli)ga moʻljallab qurilgan usti yopiq, 1, 2 yoki 3 tomoni ochiq bino. Ayvonning shimolga qaratib solinadigan (ters ayvon) va janubga qaratib solinadigan (oʻng ayvon, kungay ayvon) xillari boʻladi. Tuzilishi jihatidan Ayvonning dahliz-ayvon, ustunli ayvon, ravokli ayvon. kabi turlari bor. Ravoqli ayvonning eng murakkabi peshtoq shaklida quriladi. Ayvon sahni koʻpincha sufa (supa) deb ataladi. Ayvon, odatda, chiroyli qilib bezatiladi. Shifti va devorlari boʻyaladi, yogʻoch ustunlariga oʻyma naqshlar solinadi. Ayvon oʻzbek milliy me’morligida qadimgidan turar joy va jamoat binolarining muhim qismi boʻlib kelgan. Ayvon hovli, masjid, madrasa, doʻkon va saroylarda yozgi bino sifatida qurilgan. Ayvon joyning iqlimiy sharoitiga qarab turli shaklda quriladi. Masalan, Fargʻona vodiysida ayvon imorat oldiga qurilib, peshayvon deb yuritiladi. Buxoro ayvonlari baland va kambar (past) boʻladi. Toshkent va Samarqand ayvonlari koʻpincha xonalar oldi va oraligʻiga quriladi. Xorazm (koʻproq Xiva) ayvonlari atrofdagi xonalardan balandroq va shimoliy tomonga qaratib quriladi. Bunday ayvonlarni xorazmliklar ullu ayvon (katta yoki shoh ayvon) deyishadi. Xiva hovlilarida kambar (ters) ayvonlar ham boʻlib, ular koʻpincha xoʻjalik binolari oldiga quriladi. Ba’zi shevalarda (Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida) bostirma shaklidagi binolarni ham ayvon deb ataydilar. Xalq tilida (oʻzbekchada) binoning balkon, veranda kabi qismlari ham ayvon deb yuritiladi.
Etimologiya
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ayvon so‘zi fors tiliga mansub bo‘lib, keyinchalik arab, turk va boshqa tillarga ham kirib borgan[1] . Uning hozirgi forscha shakli eyvān bo‘lib, etimologiyasi aniq emas.
Ernst Gertsfeld va Valter Bruno Xenning kabi olimlar ushbu atama ildizi qadimgi forscha apadāna so‘ziga borib taqalishini taxmin qilganlar, biroq bu fikr hozirgi ilmiy adabiyotda qat’iy qabul qilinmaydi[2].Apadāna atamasi zamonaviy tadqiqotchilar “Apadana saroyi” deb ataydigan Persepolis majmuasida uchraydi. Unda podsho Doro I bir yozuvida shunday deydi: “Men, Doro, … ushbu apadānani qurdirganman.” Bu misolda so‘z aynan eyvon tipidagi inshootni anglatadi, saroyning o‘zini emas.
Qadimgi fors tilida ushbu so‘zning ma’nosi “himoyasiz, ochiq” degan mazmunga ega bo‘lib,[citation needed] bunday inshootning bir tomoni tabiat ta’siriga ochiq bo‘lishini ifodalagan. Biroq Persepolisdagi apadāna ustunlarga tayanadigan tekis tomli ayvon ko‘rinishida bo‘lib, shunga qaramay, inshootning faqat bir tomoni ochiq holda qurilgan.
Parfiyalar va Sosoniylar davriga kelib, eyvon ikki turda shakllangan: qadimgi ustunli ko‘rinishi va keyinroq paydo bo‘lgan gumbazli yopiqli shakli. Ikkala tur ham tabiiy sharoitlarga bir tomoni ochiq bo‘lgani sababli apadāna/eyvon deb atalishda davom etgan.[citation needed]
Ivan shakli esa Eron hududida ishlatiladigan variant bo‘lib, forscha talaffuzni aks ettiradi[3] .
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
| Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
| Ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
- ↑ Grabar, Iwan „Īwān“, . Encyclopaedia of Islam, Second Edition. Brill, 1997. ISBN 9789004161214.
- ↑ Grabar, Oleg „AYVĀN“ (en-US). Encyclopaedia Iranica (2011). Qaraldi: 2022-yil 7-sentyabr.
- ↑ Sitwell (1957)