Jarqoʻton

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Jarqoʻton — qad. shahar harobasi (mil. av. 2-ming yillikning ikkinchi yarmi). Sherobod tumani (Sherobod daryo irmogʻi Boʻstonsoy oʻzanining chap sohili)da joylashgan. Sopolli madaniyatiga mansub qabilalarning jez davri yodgorligi. J. aholisi sugʻorma dehqonchilik va chorvachilik bilan shugʻullangan. Oʻzbekiston FA Arxeologiya institutining A. Asqarov rahbarligidagi ekspeditsiyasi qazish ishlari olib borgan (1973 y.dan). J. (mayd. 100 ga) mudofaa devori bilan oʻralgan markaziy qoʻrgʻon, otashparastlar ibodatxonasi (qarang Jarqoʻton otashkadasi), qabriston (mayd. 20 ga), bir necha dahalardan iborat boʻlgan. J.da turar joy qoldiqlari, ibodatxona, kulolchilik mahallasi, metall eritiladigan ustaxonalar, 1000 dan ortiq qabrlar ochib oʻrganildi. Turar joy binolari katta bichimli xom gʻishtdan (55x29x9 sm) bir yoki bir necha xonali qilib qurilgan. Xonalar sahni va devori somonli loy bilan suvalgan. Koʻchalar tor, daha ibodatxonasiga boruvchi yoʻlga shagʻal yotqizilgan. Erkaklar oʻng yonboshi, ayollar chap yonboshi bilan gʻujanak holda koʻmilgan. J.dan toshdan yasalgan omoch tishi, koʻplab sopol idish (xumcha, koʻzacha, togʻora, kosa, piyola, togʻoracha, lagan) lar jez igna, bigiz, xanjar, sopol andava, chaqmoqtoshdan ishlangan paykonlar, jez taqinchoqlar (rangli toshlar qadalgan koʻplab toʻgʻnogʻich, bilaguzuk, zirak, oyna) qimmatbaho toshlar va suyakdan yasalgan munchoqlar, jez surmadon, qabila muhr tamgʻalari, ip mato qoldigʻi va b. topilgan.

J. ashyolariga oʻxshash yodgorliklar Surxondaryo viloyatidan tashqari Jan. Tojikiston, Turkmaniston va Shim. Afgʻoniston, Eron hududlarida uchraydi.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil