Oʻzbekiston musulmonlari idorasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi — Oʻzbekiston musulmonlariga rahbarlik qiluvchi diniy tashkilot. 1943 yil 20 oktyabrda Toshkentda boʻlib oʻtgan Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston musulmonlari qurultoyida taʼsis etilgan. Toshkentdagi Baroqxon madrasasida joylashgan. Bu tashkilot 1992 yildan Movarounnahr musulmonlari idorasi, deb yuritilgan, 1996 yildan hozirgi nomi bilan ataladi. U davlatdan ajralgan mustaqil tashkilot sifatida faoliyat yuritadi. Idora Oʻzbekistondagi musulmonlar oʻrtasida diniy ishlarni boshqarib turadi, fatvolar beradi, masjidlarga imom-xatiblar tayinlaydi, diniy xodimlar tayyorlaydi. Moddiy jihatdan musulmonlardan masjidlarga tushadigan xayr-ehson, yordamchi xoʻjaliklar va boshqalar hisobiga taʼminlanadi. Idora rahbar organi — Oliy hayʼat. Uning raisi muftiy hisoblanadi. Idoraning huquqshunoslik, xalqaro aloqalar, taʼlim va kadrlar tayyorlash, masjidlar va fatvo boʻlimlari bor. Toshkentdagi Imom Buxoriy nomidagi islom institutida (1971) va oʻnta oʻrta maxsus islom bilim yurti (shulardan 2 tasi xotin-qizlar bilim yurti)da kadrlar yetishtiriladi. Idora muassisligida "Hidoyat" jur. va "Islom nuri" gaz. nashr etiladi. Idora tasarrufidagi "Movarounnahr" nashriyoti diniy adabiyotlar, diniy taqvim va boshqalarni chop etadi. Musulmonlar idorasi xorijiy mamlakatlardagi koʻpgina diniy tashkilotlar bilan aloqa qiladi. Har yili 3,5—4 ming kishining haj safarini uyushtirishda faol ishtirok etadi. Idora oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, "Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida"gi qonunga rioya qiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "Din sohasidagi maʼnaviy-maʼrifiy, taʼlim ishlarini va faoliyatini yanada takomillashtirishda ijtimoiy koʻmak va imtiyozlar berish toʻgʻrisida"gi 2003 yil 22 avg .dagi 364-son qaroriga asosan idora qoshida maxsus jamgʻarma tashkil etildi. U islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini asrash, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizni diniy aqidaparastlik va ekstremizm xataridan himoya qilish, mamlakatimizda ijtimoiymaʼnaviy muhitni yanada sogʻlomlashtirish hamda din sohasidagi maʼnaviymaʼrifiy va taʼlim ishlarini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

Idoraga turli yillarda Eshon Boboxon Abdumajidxon oʻgʻli (1943— 1957), Ziyovuddinxon Boboxonov (1957—1982), Shamsuddinxon Boboxonov (1982—1989), Muhammadsodiq Muhammadyusuf (1989—1993), Muxtorjon Abdullayev (1993—1997) raislik qilgan. Abdurashid qori Bahromov 1997 yildan raisdir.