Qulbobo koʻkaldosh

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Navigatsiya qismiga oʻtish Qidirish qismiga oʻtish

Qulbobo koʻkaldosh (amir Qulbobo, Muhibbiy) (taxminan 1534—1598, Buxoro) — oʻzbek davlat arbobi, harbiy sarkardasi va shoiri. Buxoro xonligi hukmdori Abdullaxon IIning emikdosh inisi va yaqin amaldori (amiri).

Otasi Iskandarxon va Abdullaxon IIning bosh sadri boʻlgan. Iskandarxonning oʻgʻli Abdullaxon IIning koʻkaldosh (emishgan) inisi va yaqin kishilaridan biriga aylangan. Otasi vafot etgach (1581), Qulbobo koʻkaldosh uning sadr lavozimini egallagan. Abdullaxon II Buxoro taxtiga oʻtirgach, Qulbobo koʻkaldosh saroyda nufuzli mansab — koʻkaltoshlikni egallagan, devoni mushrifiga rahbarlik qilgan va xonning koʻpgina harbiy safarlarida ishtirok etgan. Qulbobo koʻkaldosh yirik sarkarda sifatida Qunduz va Badaxshondagi boshqa shaharlarni egallashga jonbozlik koʻrsatgan(1584). 1587-yildan Hirot viloyati noibi. Safaviylar davlati Xurosondagi Tun va Tabos shaharlarini bosib olish uchun hujum qilganida Qulbobo koʻkaldosh va Dinmuhammad sulton qizil-boshlilarni magʻlubiyatga uchratgan (1592). Biroq Qulbobo koʻkaldosh nufuzining ortib borishi va Hirotda noib boʻlib turishi Abdullaxon II bilan uning oʻgʻli, Balx hokimi valiahd Abdulmoʻminxon oʻrtasidagi munosabatlar yomonlashuviga olib kelgan. Hofiz Tanish Buxoriy oʻzining „Abdullanoma“ asarida Qulbobo koʻkaldoshni umdat ul-mulk (podsholik tayanchi), nizomi saltanat, amir Nizomiddin degan taʼriflar bilan ulugʻlaydi. Ko'kaldosh (ko'kaldosh - emikdosh birodarlar, ya'ni biror doya ( enagani ) uning o'g'li bilan birgalikda emgan bola. Shunga ko'ra, podshohning emikdosh birodariga "Ko'kaldosh" degan laqab berilgan. O'rta asrlarda O'rta Osiyoda, xususan, Buxoro xonligida mamlakat ichki xavfsizligini ta'minlash ishlari bilan shug'ullanuvchi amaldor) mansabi biror bir davrda Abdullaxon ibn Iskandarxon (1557-1598) davridagidek yuqori bo'lmagan. Buning boisi, mazkur xon davrida ko'kaldosh darajasiga ega shaxsning boshqalarga nisbatan uddaburonligi, xalqparvar siyosat olib borganligi, dono va mohir sarkarda bo'lganligi bilan bog'liq edi. Bu davrning faol kishilaridan biri bo'lmish Qulbobo Ko'kaldosh (1534-1598) faoliyati ushbu mansab nufuzining ortishiga sabab bo'ldi. Xofiz Tanish Buxoriyning "Abdullanoma" asarida eng ko'p Abdullaxonning nomi tilga olingan bo'lsa, undan keyingi o'rinda xonning eng yaqin odami sifatida Qulboboning nomi 120 dan ziyod o'rinlarda qayd etadi. Asarda Qulbobo Ko'kaldosh " ruknud davla" (davlat ustuni), "saltanat madadkori", "saltanat ishonchi", " Nizomiddin Ko'kaldosh", "janobi amoratpanoh" ( amirlar panohi), "oliy davlat egasi" shu kabi boshqa sifatlar bilan ulug'langan. Qulbobo Abdullaxonning deyarli barcha yurishlarida ishtirok etgan va sadoqatli amir sifatida muhim topshiriqlarni bajargan. XVI asrning 70- yillaridan boshlab Qulbobo Ko'kaldosh " Amiri Kabir" ( Katta amir) deya atalib, Abdullaxon yurishlarida asosiy sarkardalardan biri sifatida namoyon bo'ldi. Qulbobo yuqori darajali mansab - ko'kaldoshlikka ega bo'la turib, "davlat devoni" va "dargohning " ixtiyori unga yuklangan. Bundan tashqari, "devoni mushrifga" rahbarlik qilish, ayrim mulklarning taqsimoti, viloyatlarning muhim ishlarini hal qilish, mahalliy hokimlar bilan yozishmalar olib borish unga topshirilar edi. Qulboboning nufuzi ortib Hirotga noib bo'lib turishi Abdullaxon bilan uning o'g'li , Balx hokimi valiahd Abdulmo'min o'rtasida munosabatlar yomonlashuviga olib keldi. Ularning murosasini oqilona hal etadi. Qulbobo Ko'kaldosh Buxoro xonligi tarixida alohida o'ringa ega bo'lgan.

Qulbobo koʻkaldosh oʻz davrining savodxon kishilaridan biri boʻlib, u shoirlar, olimlar va sanʼatkorlarni juda qadrlagan hamda ularga homiylik qilgan. Oʻzi ham shoirlikda nom chiqarib, Muhibbiy taxallusi bilan sheʼrlar yozgan. Uning Balxda juda boy kutubxonasi boʻlgan. U vazir va amir sifatida oʻzining shaxsiy mablagʻi hisobidan Buxoro, Balx, Samarqand va Toshkentda 1551—1575-yillarda 4 ta madrasa qurdirgan. Xususan, Balxning obodonchiligiga katta eʼtibor qaratib, bu yerda jomeʼ masjidi va rabot (karvonsaroy) ham qurdirgan. U Sayyid Mir Kulol ziyoratgohining yaqinidagi hozirgacha saqlanib qolgan baland tepalik ustida masjid ham bunyod qilgan (masjid Shoʻrolar davrida buzib tashlangan)[1].

Abdullaxon II vafot etgach, uning oʻgʻli Abdulmoʻminxon otasining yaqin kishilari qatorida Qulbobo koʻkaldoshni ham qatl qildirgan (1598).

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Buxoroning tabarruk ziyoratgohlari. Maʼlumotnoma (Toʻldirilgan, qayta iahlangan ikkinchi nashr) / Sadriddin Salim Buxoriy — B. : Durdona, 2012.

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Axmedov B. A., Istoriya Balxa, T., 1982.
  • Hofiz Tanish al-Buxoriy, Abdullanoma, 1—2 kitoblar




  • Zamonov A. O'rta asr tarixiy shaxslari hayotining ayrim noma'lum sahifalari. T.,2019