Baroqxon

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Baroqxon (toʻliq ismi — Baroqxon ibn Eson Tuva ibn Mutugen ibn Chigʻatoy) (? — 1271) — Chigʻatoy ulusi xoni (1266— 71). Jamol Qarshiyning yozishicha, 1266 y. Ohangaron vodiysida Chigʻatoy avlodlaridan birinchi boʻlib islomga kirgan Muborakshoh oʻzini Chigʻatoy ulusi xoni deb eʼlon qiladi. Shu tariqa birinchi marta Chigʻatoy ulusiga moʻgʻullar davlati oliy hukmdori tayinlamagan kishi xon boʻladi. Bundan gʻazablangan oliy hukmdor Xubilay B.ni Turkistonga joʻnatadi. U das-tlabki vaqtlarda oʻzining xon qilib yuborilgani xususidagi yorliqni yashirib, goʻyo boshpana izlab kelgandek Surxondaryoga — qarindoshlari huzuriga boradi va asta-sekin moʻgʻullardan qoʻshin toʻplay boshlaydi. 1266 y. sentabrda B. Muborakshoh qoʻshini bilan jang qilib, uni asir oladi va Oʻzganda oʻzini Chigʻatoy ulusi xoni deb eʼlon qiladi. Ammo, B. tez orada Xubilay qoonga itoat qilmay qoʻyadi. Shu bois Xubilay unga qarshi qoʻshin yuboradi, B. Sharqiy Turkistonda Xubilay qoʻshinini tor-mor keltiradi. Shu vaqt chingiziylardan Xaydu markaziy hokimiyat bilan B. oʻrtasidagi qarama-qarshiliklardan foydalanib Yettisuv va Sirdaryoning sharqidagi yerlarni bosib olish taraddudiga tushadi. Natijada 1268 y. har ikki tomon qoʻshinlari toʻqnashib, B. yengiladi. Ammo, Xaydu uni taʼqib etmay, kelasi yili bahorda qurultoyga kelishni va oʻrtadagi raqobatga chek qoʻyib, sulh tuzishni taklif qiladi. 1269 y. bahorida qurultoy chaqirilib, unda sulh tuziladi va Xaydu bilan B. tasarrufidagi yerlar chegarasi aniq belgilab olinadi. B. vafot etgach, oʻrniga oʻgʻli Tuva (Duva) taxtga oʻtiradi.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil