Amir Umar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search
Amir Umarxon
(Umar, Sayyid Mir Umar, Mir Umar, Amir Umar)
Sayyid Mir Umar
Flag of the Emirate of Bukhara.svg
 Buxoro amirligi hukmdori
Mansabda
1826-yil 23-dekabr — 1827-yil 22-mart
Oʻtmishdoshi Amir Husayn
Vorisi Amir Nasrulloh
Flag of the Emirate of Bukhara.svg
 Karmana viloyati hokimi
Mansabda
? — 1826-yil 23-dekabr
Monarx Amir Haydar
Amir Husayn
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 1810-yil 19-dekabr
Buxoro, Buxoro amirligi
Vafoti 1829-yil (19 yoshda)
Qoʻqon, Qoʻqon xonligi
Fuqaroligi Flag of the Emirate of Bukhara.svg Buxoro amirligi
Flag of the Khanate of Kokand.svg Qoʻqon xonligi
Turmush oʻrtogʻi nomi aniqlanmagan (Muhammad Alixonning singlisi)
Otasi Amir Haydar
Dafn etilgan joyi Buxoro
Bahouddin Naqshband ziyoratgohi
Daxmai shohon

Amir Umarxon (Umar, Sayyid Mir Umar, Mir Umar, Amir Umar) (1810-yil 19-dekabr, Buxoro — 1829-yil, Qoʻqon, Qoʻqon xonligi) — Buxoro amirligi hukmdori (1826—1827). Mangʻitlar oʻzbek sulolasining 6-hukmdori va ushbu sulolaning 4-amiri. Buxoro amirligi Karmana viloyatida hokim vazifalasini bajargan. Uning hukmronlik davri hozirgi tadqiqotchilar tomonidan yetarlicha oʻrganilmagan.

Kelib chiqishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sayyid Mir Umar Amir Haydar xonadonida 1810-yil 19-dekabr Buxoro shahrida tugʻilgan. U oilada 3-oʻgʻil farzand edi. Bu davrda uning otasi Buxoro amirligi hukmdori boʻlgan.

Sayyid Mir Umarning ota tomonidan shajarasi quyidagicha edi: Amir Umar — Amir HaydarAmir Muhammad ShohmurodMuhammad Doniyolbiy otaliqXudoyorbiy otaliq — Xudoyqulibiy — Keldiyorbiy — Chovushboy. Uning bobokaloni Chovushboy oʻz davrida oʻzbek qavmlari orasida mangʻit urugʻining juda boy-badavlat kishisi boʻlgan[1].

Uning ota buvisi Ashtarxoniylar oʻzbek sulolasining vakili va Buxoro xonligi hukmdori Abulfayzxonning (1711—1747) qizi Yulduz begim (Shamsiyabonu yoki Bonu Shams deb ham nomlangan) edi. Uning ona tomonidan nasabi 2 tarmoq boʻylab Chingizxonga va boshqa 2 tarmoq boʻylab Muhammad paygʻambarning avlodlari sayyidlarga yetadi.

Yoshlik yillari va Buxoro amirligida hukmronligi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sayyid Mir Umar otasi Amir Haydar (1800—1826) va akasi Amir Husayn (1826) ning hukmronlik davrida Karmana viloyati hokimi boʻlgan. Sayyid Mir Umar oʻz akalari Amir Husayn va Nasrullohdan farqli ravishda yoshligida oʻzining na jismoniy, na aqliy salohiyati bilan ajralib turgan.

Buxoro amirligi hukmdori boʻlgan Amir Husayn xastalanib qolgach, 1826-yilning kech kuzida Sayyid Mir Umarndan zudlik bilan Karmanadan poytaxt Buxoroga yetib kelishini buyurgan va uni oʻz oʻrniga amir qilib koʻtarilishini vasiyat qilib, jon bergan. Amir Husayn vafot etgach, baʼzi saroy aʼyonlari va qoʻshin sarkardalarining yordami bilan Sayyid Mir Umar 1826-yil 23-dekabrda Buxoro amirligi taxtiga oʻtirgan. Amir Umar Mangʻitlar oʻzbek sulolasining 6-hukmdori va ushbu sulolaning 4-amiri sifatida atigi 4 oyga yaqin hukmronlik qilgan. Bu paytda Amir Umar endigina 17 yoshga kirgan oʻspirin yigitcha edi.

Amir Umarxon xalq orasida unchalik obroʻga ega boʻlmay, amirlik qilgan davrida ham asosan aysh-ishrat va maishatga berilgan edi. Bu paytda Buxoro amirligida davlat boshqaruvi oʻz manfaatini oʻylaydigan Togʻay qozoq va Ismatullohbiy qalmoq kabi saroy akobirlari izmida, yaʼni ularning inon-ixtiyorida boʻlgan. Bu holdan tashvishga tushgan saroy aʼyonlari va amaldorlarining koʻpchiligi Amir Umarxonning akasi va Qarshi viloyati hokimi Nasrullohga yuborganlar.

Bu paytda Nasrulloh dastlab Samarqandni bitta ham oʻq otmasdan ishgʻol qilgach, mashhur Koʻktosh taxtiga oʻtirib, oʻzining tarafdorlari tomonidan amir deb eʼlon qilingan. Samarqand ahli Nasrullohni chuqur ehtirom bilan kutib olgan. Temuriylar davridan qolgan anʼanaga binoan, Movarounnahr hukmdorlari toj-taxtni egallagach, Samarqandga kelib, Koʻktosh taxtiga oʻtirishgan va oʻz hukmronliklariga siyosiy tus berishgan. Nasrulloh Samarqanddan keyin Buxoroga yuzlanib, ikki markaziy orasidagi bun hududni: Miyonqol vohasi, Kattaqoʻrgʻon va Karmana viloyatlarini egallagan. Zarafshon vohasi aholisining madadiga tayangan va oʻz gʻalabalaridan masrur Nasrulloh Buxoro ustiga yurish qilgan.

Nasrulloh Samarqanddan Buxoroga qoʻshin tortib kelganida Amir Umarxon ham oʻz lashkari bilan chiqqan. Har ikki qoʻshin Karmana viloyatida oʻzaro yuza-yuz boʻlgan. Biroq, jang arafasida Amir Umarxonning qoʻshini parokandalikka uchrab, tarqalib ketgan. Amir Umar va Nasrullohning ukalari Zobirxon, Hamzaxon va Safarxonlar Amir Umarxondan yuz oʻgirib, akalari Nasrullohga qoʻshilganlar. Nasrulloh ularning qadamlarini muborak bilib, har birini shafqat va marhamat bilan kutib olgan. Soʻngra u 50 kunlik (yoki 70 kunlik) qamaldan soʻng Hakimbiy qoʻshbegi, Rajabbek parvonachi va Ayozbiy toʻpchiboshilarning shahar ichidan turib qilgan tadbirlari natijasida poytaxt Buxoroni jangsiz egallagan va 1827-yil aprel oyining boshlarida (boshqa manbalarga koʻra 18-martda yoki 22-martda) Mangʻitlar oʻzbek sulolasining 7-hukmdori va ushbu sulolaning 5-amiri sifatida Buxoro amirligi taxtiga koʻtarilgan.

Buxorodan badargʻa qilinishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Nasrulloh Buxoroga kirib kelgach Umarxon poytaxtda yashovchi kuyovining (singlisining eri) Said Ahmad Xoʻja ismli kishining hovlisiga yashiringan. Buxorolik mashhur ulamo Mavlaviy Sharifxoja (Qozi Muhammad Sharif ibn Abdulloh Xoja) Umarxonning xunini yangi hukmdor Amir Nasrullohdan soʻrab oladi. Amir Nasrulloh ukasi Umarxonni Buxorodan badargʻa qildirgan. Umarxon dastlab Hirotdan Komronshoh ibn Mahmudshoh huzurida birmuncha muddat yashagan. U Mashhad va Balx tomonlarga ham oʻtgan. Soʻngra Qoʻqonga kelib, bu shaharda istiqomat qilgan. Qoʻqon xonligi hukmdori Muhammad Alixon (1822—1841) unga oʻz singlisini nikohlab bergan. Umarxonning keyingi hayoti qanday kechganligi va bevaqt oʻlimi toʻgʻrisida turli manbalarda bir-biriga zid maʼlumotlar mavjud.

Oʻlimi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Umarxon 1829-yilda Qoʻqonda vabo kasalligi natijasida 19 yoshida vafot etgan. Uning xoki Qoʻqondan Buxoroga keltirilib, Bahouddin Naqshband ziyoratgohida, bobosi Muhammad Doniyolbiy qabri oldida dafn etilgan. Ushbu versiyaning tarixiy haqiqatga yaqinligi hozirgi mahalliy tarixchilar tomonidan eʼtirof etiladi.

Biroq baʼzi tarixchilar Umarxon oʻz akasi Amir Nasrulloh tomonidan oʻldirilgan degan fikrni ham aytishgan. Umarxon yashab oʻtgan davrdan chamasi 100 yilcha keyin yozilgan ushbu versiya hozirgi mahalliy tarixchilar tomonidan notoʻgʻri va tarixiy haqiqatga mos emas deya baholangan.

Shaxsga nisbatan munosabat[tahrir | manbasini tahrirlash]

Amir Umarxon hukmronligi davriga oid tarixiy manbalarning birida uning shaxsiyati quyidagicha baholangan:

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Abdulazim Sami. «Tarikh-i salatin-i mangitiya» dar as-saltana-i Bukharai sharif. / Perevod L. M. Yepifanovoy. — M., 1962. * Akhmad Donish. Istoriya mangitskoy dinastii. / Perevod I. A. Nadzhafovoy. — Dush., 1967.
  • Voronovskiy D. G. «Gulʻshen-alʻ-mulʻk» Mukhammad Yakuba Bukhari. / Dissertatsiya na soiskaniye uchenoy stepeni kandidata istoricheskikh nauk. — Tash., 1947.
  • O nekotorykh sobytiyakh v Bukhare, Khokande i Kashgare. Zapiski Mirzy Shemsa Bukhari, izdannyy v tekste, s perevodom i primechaniyami V. V. Grigor'yevym. — Kaz., 1861.



  1. Jumanazar 2017, s. 256—264.