Abdulmoʻminxon
Abdulmoʻminxon (?-1599) — Shayboniylar oʻzbek sulolasidan. Abdullaxon IIning oʻgʻli. Balxning kichik xoni (1582-1598). Buxoro xonligi hukmdori (1598-1599). 1589-yildan ota-bola munosabatlari keskin yomonlashadi. Chunki, Abdullaxon II Hirotni Safaviylardan qaytarib olgach, uni oʻz oʻgʻli qolib, Qulbobo koʻkaldoshga inʼom qiladi. Buning ustiga u Xurosondagi noiblari — Qulbobo Koʻkaldosh, Dinmuhammad sulton va boshqalarga yozma farmon joʻnatib, Abdulmoʻminxonga itoat etmaslikni va hatto biror qulay fursatdan foydalanib uni jisman yoʻq qilishni buyuradi. Shuningdek, u Niso, Obivard va Durun hokimi Nurmuhammadxonni qoʻllab-quvvatlab, uni Abdulmoʻminxonga qarshi urushga undaydi. Bundan dargʻazab boʻlgan Abdulmoʻminxon 1597-yil kuzida otasiga qarshi bosh koʻtarib, Balx va Badaxshon qoʻshini bilan Amudaryo boʻyiga kelgan. Abdullaxon IIning qoʻshini Nasaf (Qarshi) atrofida joylashgan. Abdullaxonga koʻmakka viloyat hokimlari, masalan: Axsi va Andijon hokimi Oʻzbek sulton oʻz qoʻshinlarini yuborgan. Buxoro va Balx ulamolari aralashuvi bilan ota-bola oʻrtasidagi nizoga barham berilgan. Abdulmoʻminxon otasi vafot etgach, Buxoroga qaytib taxtni egallagan. U Safaviylar bilan Xuroson uchun kurashni davom ettirgan.
Abdulmoʻminxon moʻgʻullar vayron qilgan Balx qalʼasini qayta qurdirgan, Balxdagi Xoja Abu Nasr Porso mozorida hashamatli koʻshk bunyod ettirgan.
Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]
- Ahmedov B. A., Istoriko-geograficheskaya literatura Sredney Azii XVI-XVIII vv., T., 1985.[1]
Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]
![]() | Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
![]() |
Shayboniylar sulolasi | ||||||||
|