Amir Haydar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Haydar
(Haydar toʻra, Amir Haydar, Amir Sayyid Haydar, Abul Fath Said Amir Haydar Bahodur podshoh, Amiri Sayyid)
Haydar
Flag of the Emirate of Bukhara.svg
 Buxoro amirligi hukmdori
Mansab davri
1800-yil 2-dekabr — 1826-yil 6-oktabr
Oʻtmishdoshi Amir Shohmurod
Vorisi Amir Husayn
Flag of the Emirate of Bukhara.svg
 Qarshi viloyati hokimi
Mansab davri
? — 1800-yil 2-dekabr
Monarx Amir Shohmurod
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 1778-yil
Buxoro, Buxoro xonligi
Vafoti 6-oktabr 1826-yil(1826-10-06)
(48 yoshda)
Buxoro, Buxoro amirligi
Fuqaroligi War flag of Khanate of Bukhara.svg Buxoro xonligi
Flag of the Emirate of Bukhara.svg Buxoro amirligi
Bolalari Amir Husayn
Amir Nasrulloh
Amir Umar
Abdulloh
Zabir
Jahongir
Onasi Yulduz begim (Shamsiyabonu deb ham nomlangan)
Otasi Amir Shohmurod

Haydar (Sayyid Haydar, Haydar toʻra, Amir Haydar, Amir Sayyid Haydar, Abul Fath Said Amir Haydar Bahodur podshoh, Amiri Sayyid) (1778-yil, Buxoro, Buxoro xonligi1826-yil 6-oktabr, Buxoro, Buxoro amirligi) — Buxoro amirligi hukmdori (1800—1826). Mangʻitlar oʻzbek sulolasining 4-hukmdori va ushbu sulolaning 2-amiri. Davlat arbobi va sarkarda. Qarshi viloyatining hokimi boʻlgan (1800-yil 2-dekabrgacha).

Amir Haydar zamondoshlari tomonidan Amiri SayyidSayyidlar amiri nomi bilan ulugʻlangan.

Kelib chiqishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Haydar Muhammad Shohmurod xonadonida 1778-yili Buxoroda tugʻilgan. Mangʻitlar oʻzbek sulolasining mashhur vakillaridan biri. Bu davrda uning bobosi Muhammad Doniyolbiy otaliq unvonida Buxoro xonligining amaliy hukmdori edi. Oilada toʻngʻich farzand edi. Uning ota tomonidan shajarasi quyidagicha edi: Amir Haydar — Amir Muhammad ShohmurodMuhammad Doniyolbiy otaliqXudoyorbiy otaliq — Xudoyqulibiy — Keldiyorbiy — Chovushboy. Uning bobokaloni Chovushboy oʻz davrida oʻzbek qavmlari orasida mangʻit urugʻining juda boy-badavlat kishisi boʻlgan[1].

Haydarning onasi Ashtarxoniylar oʻzbek sulolasining vakili va Buxoro xonligi hukmdori Abulfayzxonning (1711—1747) qizi Yulduz begim (Shamsiyabonu yoki Bonu Shams deb ham nomlangan) edi. Uning ona tomonidan nasabi 2 tarmoq boʻylab Chingizxonga va boshqa 2 tarmoq boʻylab Muhammad paygʻambarning avlodlari sayyidlarga yetadi. Uning qiyofasida Ashtarxoniylar va Mangʻitlar oʻzbek sulolalari oʻzaro mujassamlashgan.

Chingizxonga yetadigan birinchi tarmogʻi quyidagicha: Amir Haydar — ShamsiyabonuAbulfayzxonSubhonqulixonNadr MuhammadxonDin MuhammadxonJonibekxonYormuhammadxonMangʻishloqxon — Chavoq — Muhammadxon — Temur sulton — Temur Qutlugʻ — Ali Temur — Qutlugʻ Temur — Tumagʻan — Abay — Oʻztemur — Toʻqay TemurJoʻjixonChingizxon.

Ikkinchi tarmogʻi: Amir Haydar — ShamsiyabonuAbulfayzxonSubhonqulixonNadr MuhammadxonDin MuhammadxonZuhra bibiIskandarxonJonibek sulton — Yormuhammadxon — Xoja Muhammad sulton — Abulxayrxon — Davlatshayx oʻgʻlon — Ibrohimxon — Poʻladxon — Suranijxon —Mahmudxojaxon — Qaanboy sulton — Alpan sulton — Munka Temurxon — Badaqul sulton — Joʻji Buqa — Bahodirxon — ShaybonxonJoʻjixonChingizxon.

Sayyidlarga yetadigan birinchi tarmogʻi quyidagicha: Amir Haydar — ShamsiyabonuAbulfayzxonSubhonqulixonNadr MuhammadxonShamsiyabonu — Mirzo Badiuzzamon — Mirzo Muhammad Amin Mashhadiy — Mirzo Muhammad Safar — Mirzo Muhammad Muhsin — Mirzo Ali Rizo — Mirzo Muhammad Taqi — Mirzo Sayyid Abu Solih — Mir Sayyid Muhammad Muʼin — Mirzo Hidoyatulloh — Mirzo Sayyid Nuriddin Muhammad — Mir Jaloliddin Muhammad — Mir Sayyid Abu Muhammad — Imom Muhammad Askariy — Imom Ali Naqi — Imom Muhammad Taqi — Imom Muso Ali ibn Rizo — Imom Muhammad Kozim — Imom Muhammad Jaʼfar Sodiq — Imom Muhammad Boqir — Imom Zaynulobidin — Imom Muhammad Husayn — amir al-moʻminin Ali ibn Abu Tolib[2].

Ikkinchi tarmogʻi: Amir Haydar — ShamsiyabonuAbulfayzxonSubhonqulixonPodshoh oyimJoʻybor shayxlari — … — amir al-moʻminin Ali ibn Abu Tolib.

Yoshlik yillari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Haydar Buxoro madrasalarida 10 yil tahsil olib, Qur’oni Karim sharhi va hadis ilmlarini puxta egallagan. Amir Shohmurod oʻgʻlining mukammal maʼlumot oilishiga katta eʼtibor qaratgan. Haydar naqshbandiya tariqati shayxlaridan ham dars olgan. U ilmiy majlislar va munozaralar paytida koʻpchilik diniy ilmlarda boshqa ulamolar ustidan gʻolib chiqqan.

Siyosiy faoliyatining boshlanishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Amir Shohmurod oʻgʻli Haydarni amirlikda katta nufuz kasb etib borayotgan Nasaf (Qarshi) viloyatiga hokim qilib tayinlagan. Shundan soʻng Buxoro amirligi taxtining valiaxdining (vorisining) Qarshida hokimlik qilishi XIX asr oʻrtalarigacha anʼana tusini olgan (XIX asr oʻrtalaridan boshlab valiahd Karmana viloyatiga hokimlik qilgan).

Buxoro amirligi hukmdori[tahrir | manbasini tahrirlash]

Haydarning otasi Amir Shohmurod 1800-yil 30-noyabrda vafot etgach, uning vorisi sifatida 1800-yil 2-dekabrda 22 yoshida Qarshi viloyatidan Buxoroga kelib, Buxoro amirligi taxtiga oʻtirgan va „amir al-moʻminin“ unvonini olgan. U 26 yil davomida amirlikni boshqargan. Amir Haydardan boshlab davlat hukmdorlari ismlaridan oldin sayyid (yoki said) unvonini ham qoʻshib olishgan. Amir Haydar farmonlari ostiga Abul Fath Said Amir Haydar Bahodur podshoh deb muhr bosgan va imzo chekkan. Amir Haydar otasi Amir Shohmurodning diniy siyosatiga qatʼiy amal qilgan.

Xullas, Amir Haydar otasi siyosatini, ayniqsa, ulamo va olimlarga munosabat va tashqi siyosat borasida izchillik bilan davom ettirgan. U Buxoro amirligida vujudga kelgan keskin siyosiy vaziyatni yumshatishga harakat qilgan. Shu bilan birga Amir Haydar Buxoro amirligidagi markaziy hokimiyatga boʻysunishdan bosh tortib, ayirmachilik (separatistik) kayfiyatlarni namoyon qilayotgan Shahrisabz, Kitob, Urgut, Miyonqol va Samarqand hokimlariga qarshi janglar olib borishga majbur boʻlgan. Mahalliy hokimlarning siyosiy hokimiyat uchun kurashda u oddiy aholining ortiqcha qon toʻkilmasligi uchun koʻpincha murosa va kelishuv yoʻlini tanlagan. Masalan, Amir Haydar oʻz hukmronligining dastlabki yillarida Qoʻqon xonligi bilan boʻlgan urushda koʻrsatgan yordami uchun Shahrisabzning mahalliy hokimi Doniyor valloma Niyozali oʻgʻliga Shahrisabz viloyatini mulk sifatida taqdim etgan. Natijada, Shahrisabz vohasi 1858-yilgacha yarim mustaqil boshqaruvni oʻz qoʻlida saqlab qolgan.

Amir Haydar boshqa Mangʻitlar oʻzbek sulolasi hukmdorlaridan farqli ravishda oʻz qoʻshinidagi askarlarga muntazam ravishda maosh toʻlagan. Bundan tashqari u davlatdagi bir necha ming soliqqa tortuvchi amaldorlarga yillik maosh toʻlagan va ularga har yili 2-marta sarpo ulashgan. Amir Haydar 12 ming kambagʻal, yetim-yesir, qashshoq, darvesh, muhojir va boshqakarga hamda mullalarga har yili nafaqa berish uchun katta niqdorda mablagʻ ajratgan. Xususan, u shayxlarga katta ehtirom koʻrsatgan. Naqshbandiya-mujaddadiya taiqatining Dahbeddagi peshvosi Muhammad Amin Dahbediy Amir Haydarning ikkinchi murshidi boʻlgan.

Amir Haydar hukmronligi davrida tobora kuchayib borayotgan Qoʻqon xonligi va Xorazm bilan munosabatlar ancha yomonlashgan. Buxoro davlatiga azaldan tobe hisoblangan Toshkent, Turkiston, Oʻratepa, Xoʻjand va boshqa shaharlarga Qoʻqon xonligining tajovuzi avj olgan. 1810-yillarda Amir Haydar Qoʻqon xonligi hukmdori Olimxon (1801—1810) bilan Toshkent, Oʻratepa, Jizzax, Zomin va boshqa viloyatlar uchun jang olib borishga majbur boʻlgan va bu hududlar bir necha marta qoʻldan-qoʻlga oʻtib turgan. Nihoyat, u bu viloyatlarning aksariyatini Buxoro ixtiyoriga qaytarib, ilgari qoʻldan chiqarilgan mamlakat hududlarini asl holiga keltirgan. Oʻratepa hokimi Bobobek parvonachi oʻz qizini Buxoro amirligi hukmdoriga uzatib, oʻrtada sulh tuzilgan. Bu baytda dushmanlar qutqusi bilan Amir Haydarga qarshi chiqqan amakilari Umarbiy va Fozilbiylar Nasafni (Qarshini) egallashgan, Samarqandda ham isyon koʻtarilgan. Amir Haydar ular ustiga katta qoʻshin bilan kelib, boshvoqsiz beklar va isyonkor amakilarini magʻlubiyatga uchratgan hamda Umarbiy va Fozilbiy, ularning 2 oʻgʻli va kenagaslardan 200 kishini qatl qildirgan. Amir Haydar markaziy hokimiyatni mustahkamlash uchun Samarqandga Davlat qoʻshbegini, Jizzaxga Aflotun toʻqsaboni, Oʻratepaga Mullo Ernazarbiyni, keyinchalik Marvga Yorlaqabbiyni hokim qilib tayinlagan.

Tashqi siyosati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Haydar Xurosonga ham harbiy yurishlar qilib, Balx (1817), Badaxshon, Qunduz va Maymanani Buxoro amirligiga qaytargan. Xususan, Balx mamlakat uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan strategik shahar edi. U afgʻon shohi Shujo ul-Mulk (1803—1809) bilan doʻstona munosabatlar oʻrnatishga intilgan.

Amirlikka qoʻshni davlatlarning hukmdorlari Amir Haydar hukmronligini zaiflashtirish maqsadida uning saroy ayonlari va viloyat hokimlari, qarindosh-urugʻlari va yaqin kishilariga turli vaʼdalar berib, ularning oʻzaro totuvligiga putur yetkazishga intilganlar. Masalan, Marv viloyati hokimi va Amir Haydarning ukasi Dinnosirbek (Din Nosirbek, Nosiriddin) Xorazm xoni Eltuzarxon (1804—1806) qutqusiga uchib, 1804-yili akasiga qarshi bosh koʻtaradi. Markaziy hokimiyatga qarshi isyon koʻtargan Dinnosirbek 4 ming askar bilan Marvdan chiqib, Chorjoʻyga kelganida Amir Haydar unga qarshi Niyozbek parvonachini 10 ming kishilik qoʻshinga qoʻmondon qilib joʻnatgan. Dinnosirbek magʻlubiyatga uchrab, ahli ayoli bilan avval Marvga, soʻngra Mashhadga (Eronga) — Fath Alishoh (1797-1834) huzuriga qochgan. Niyozbek parvonachi Marvni egallab, Bandi Sulton toʻgʻonini buzdirib, 1806-yili Buxoroga qaytgan.

Amir Haydar turkmanlardan 200 oilani Marvga koʻchirib, ularning yoʻlboshchisi Yorkaqabbiyni Marvga hokim qilib tayinlagan. Shu asnoda Xorazm xoni qoʻshinlarining Buxoro amirli sarhadlariga, hatto, mamalakat ichkarisiga uyushtirgan talonchilik hujumlari kuchaygan. Xorazm xoni Eltuzarxon bir necha marta Buxoroga harbiy bosqinlar uyushtirgan. Ana shunday yurishlarning birida Niyozbek parvonachi boshchiligida 20 ming kishilik Buxoro qoʻshinidan Xorazm qoʻshini magʻlubiyatga uchratgan. Eltuzarxon magʻlubiyatdan keyin Amudaryodan qochib oʻtayotganda daryoga gʻarq boʻlib oʻlgan. Eltuzarxonning 3 birodari va koʻplab xorazmliklar asir tushishgan. Amir Haydar muruvvat koʻrsatib, marhum Eltuzarxonning kichik birodari Qutlugʻmurodxonni 400 asir bilan birgalikda ozod qilib, Urganchga joʻnatgan. Biroq keyinchalik Xorazmning yangi xoni va Eltuzarxonning ukasi Muhammad Rahimxon I (1806—1825) 1826—1824-yillarda Buxoro amirligiga tegishli Forob, Chorjoʻy, Poykendga talonchilik yurishlar qilgan. Bir qator janglardan soʻng Amir Haydar 1825-yili u bilan sulh tuzgan.

Shuningdek, qoʻshni davlatlar Buxoro amirligi ichida koʻtarilgan turli gʻalayonlardan oʻz maqsadlari yoʻlida foydalanishga urinishgan. 1821—1825-yillarda Amir Haydarning soliq siyosatiga qarshi xitoy-qipchoqlar koʻtargan Miyonqol qoʻzgʻoloni ham katta qiyinchilik bilan bostirilgan. Tarixiy manbalarga koʻra, bu qoʻzgʻolon avj olishiga Qoʻqon xonligi va Xorazm xonlari oʻz taʼsirlarini koʻrsatib, Buxoro amirligini zaiflashtirmoqchi boʻlishgan.

Madaniyat sohasidagi siyosati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Amir Haydar hukmronlik qilgan davrda amirlikda ilm-fan, xususan, tarixshunoslik va islom ilmlari gullab-yashnagan. U Konstantinopol, Kobul va boshqa shaharlardan madrasalarda dars berishda foydalaniladigan koʻplab qoʻlyozma kitoblarni olib keltirtirib, ulardan nusxa koʻchirtirgan. Uning oʻzi muntazam ravishda 400—500 talabalarga saboq bergan, madrasalarda otasi kabi dars oʻtgan. Amir Haydarning oʻzi fiqhga oid „Al-favoid al-alfiya“ nomli asar ham yozgan.

Amir Haydar davlat hujjatlarini sistemalashtirishga alohida eʼtibor qaratgan Mangʻitlar oʻzbek sulolasining dastlabki hukmdorlaridan biri ekanligi bilan ham diqqatga sazovor.

Amir Haydar saroyida shoir Hoziq, shoir va tarixchi Mirzo Sodiq Jondoriy, tarixchi olimlardan Mulla Ibodulloh va Mullo Muhammad Sharif, Muhammad Shariq ibn Muhammad Naqiy, Mir Zohid Xoʻja Sadr ul-Hattob, Abdulkarim Buxoriy, Miriy (Amir Haydarning ukasi Mir Husayn), Muʼin, Muhammad Yaqub Buxoriy (Amir Haydarning amakisi), soʻfiy va qozi Humuliy, Mirzo Shams Buxoriy kabi olimlar va shoirlar yashab, ijod etganlar.

Amir Haydar hukmronligi davrida Buxoroda Xalifa Niyozquli madrasasi (1807; Chor Minor), masjidlar, xonaqohlar, hammomlar qurilgan, Xalifa Xudoydod majmuasi qurilishi davom ettirilgan. U Buxoroda onasiga atab maxsus madrasa, Qarshida Oliy madrasa va Mir Muhammad madrasasini ham shu davrda qurdirgan.

Oilasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Amir Haydardan 7 oʻgʻil va 8 qiz qolgan.

Oʻlimi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Haydar 1826-yil 6-oktabrda Buxoro shahrida vafot etgan va Joʻybor mavzeidagi Eshoni Imlo qabristonida (Hazrati Imlo qabristonida) otasi Muhammad Shohmurod yonida dafn etilgan. Sovet davrida qabriston yoʻq qilinib, qabrlar yoʻqotilgan[1]. Uning oʻrnida maktab va bolalar bogʻchasi qurilgan[3].

U vafot etgan paytda katta oʻgʻillari Nasrulloh Qarshi, Umar Karmana hokimi edi. Amir Haydar vafotidan keyin Buxoro amirligi taxtiga dastlab kichik oʻgʻli Amir Husayn, soʻngra katta oʻgʻli Amir Umar oʻtirgan.

Husayn amirlikda 78 kun hukmronlik qilgach, 1826-yil 22-dekabrda toʻsatdan vafot etgan. Bu payt Karmana hokimi boʻlgan Umar baʼzi saroy aʼyonlari va qoʻshin qoʻmondonlarining yordamida amirlik taxtiga oʻtirgan. Uning hukmronligi 4 oy davom etgan. 1827-yil aprelda amirlik taxtiga har ikkala amirning birodarlari Nasrulloh oʻtirgan. Muhammad Mir Olim Buxoriyda taʼkidlanishicha Amir Haydar tiriklik paytida taxtni oʻgʻli Nasrullohga vasiyat qilib qoldirgan ekan[4].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. 1,0 1,1 Jumanazar 2017, s. 256—264.
  2. Jumanazar 2017.
  3. Buxoriy 2012, s. 274—276.
  4. Jumanazar 2017, s. 183.

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Oʻzbekiston tarixi: davlat va jamiyat taraqqiyoti, 1-qism, T., 2000.
  • Mirza Abdalazim Sami. Tarikh-i salatin-i mangitiya" dar as-saltana-i Bukharai sharif. / Perevod L. M. Yepifanovoy. — M., 1962.
  • O nekotorykh sobytiyakh v Bukhare, Khokande i Kashgare. Zapiski Mirzy-Shemsa Bukhari, izdannyy v tekste, s perevodom i primechaniyami, V. V. Grigor'yevym. — Kaz., 1861.
  • Traktat Akhmada Donisha «Istoriya mangytskoy dinastii». / Perevod, predisloviye i primechaniya I. A. Nadzhafovoy. — Dush., 1967.
  • Abduraimov M. A. Ocherki agrarnykh otnosheniy v Bukharskom khanstve v 16 — pervoy polovine 19 veka. — T. 1. — Tash., 1966.
  • Andreyev M. S. K proshlomu Bukhary. // Ayni S. Vospominaniya. — M.—L., 1960.
  • Qahramon Rajabov. OʻzME. 2006-2007.