Suyunchxoʻjaxon

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Suyunchxoʻjaxon, Suyunchakxon, Suyunchik sulton (taxminan 1452—1525, Toshkent) — shayboniylardan boʻlgan Toshkent xoni (1503— 25). Abulxayrxon va Ulugʻbekning qizi Robiya Sulton begimning farzandi. Oʻzbek ulusina hukmronlik qilish uchun shayboniylarning Oʻrusxon, Kirayxon va Jonibeklar bilan boʻlgan kurashida qatnashgan. Shayboniyxon bilan birga Movarounnahrni bosib olihda faol ishtirok etgan. Shayboniyxon Movarounnahrni egallagach, Samarqandni poytaxt qilib, Turkistonni Koʻchkunchixonga, Toshkentni S.ga bergan. Xoja Abulbaqo ibn Bahouddinning "Jome almaqomot" asari (17-asr)da yozilishicha, S. boshliq shayboniylar qoʻshini Toshkentni qamal qilganda Shayx Xovand Tohurning avlodi — Xoja Tohir shaharni qahramonona mudofaasiga rahbarlik qilgan, biroq shahar S. qoʻliga oʻtgan. S.ning chigʻatoiylarlan Sulton Saidxon bilan Toshkent uchun kurashi xalq boshiga koʻp kulfatlar keltirgan.

1509 y. 23 fevralda Sayxun (Sirdaryo) boʻyida Qozoq xonligiga qarshi otlangan Shayboniyxon huzuriga boshqa sultonlar qatori S. ham Toshkentdan 13 ming kishilik qoʻshin bilan yordamga kelgan. Ruzbexon Isfahoniyning yozishicha, bu qoʻshin oʻzining jipsligi, jangovarligi bilan alohida ajralib turgan va jangda katta shijoat koʻrsatgan. 1510 y. Shayboniyxon oʻlimidan soʻng Samarqanddagi Bibixonim masjidida shayboniy sultonlar Toshkent hokimi S.ga qasamyod qilganlar, S. sulola boshligʻi deb eʼlon qilingan. S qarindoshurugʻlariga Shayboniyxon tortib olgan mulklarini qaytarib bergan. Lekin shunga qaramay shayboniy sultonlar oilasidagi ittifoq oʻz oʻrniga tushmagan. 1510 y. shayboniylarning yoshi ulugʻi Koʻchkunchixon yangi xon etib saylangan. 1511—12 yillarda S. shayboniylarning Boburga va Sulton Saidxonga (1512—14) qarshi kurashlarida qatnashgan. S. esdaliklari Maxmud ibn Usmon Koʻhistokiyning "Tarixi Abulxayrxoniy" asariga asos qilib olingan. S qabri Toshkentdagi Baroqxon madrasasida joylashgan.

Ad.:Axmedov B. A., Istorikogeograficheskaya literatura Sredney Azii XVI— XVIII vv., Pismennie pamyatniki, T., 1985; Gosudarstvo kochevoʻx oʻzbekov, M., 1965; Istoriya Oʻzbekistana, t.Z, T., 1993.