Mongoliya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Moʻgʻulistondan yoʻnaltirildi)
Mongoliya / Moʻgʻuliston
Mongol Uls
Mongoliya davlat bayrogʻi   Mongoliya davlat gerbi
Bayroq Gerb
Shior: Dayar Mongol
Madhiya: Bügd Nairamdakh Mongol
Mongoliya Xaritasi
Poytaxt Ulan-Bator
Rasmiy til(lar) mongolcha
Hukumat Semi-Prezidentlik Davlat
 •  Prezident   Tsakhiagiin Elbegdorj
 •  Bosh vazir   Sükhbaataryn Batbold
Mustaqillik   Xitoydan
 •  Sana   11-iyul 1921
Maydon  
 • Butun 1 564 116 km² (19-)
 • Suv (%)
Aholi  
 • 2002 roʻyxat 2 791 272 (136- oʻrin)
 • Zichlik 1.8/km²
YaIM (XQT) 2005- yil roʻyxati
 • Butun AQSh$6,022 mil. (153-)
 • Jon boshiga AQSh$2,157
Pul birligi Tugrik (MNT)
Vaqt Mintaqasi (UTC)
 • Yoz (DST)
Qisqartma MG
Internet domen .mn
Telefon prefiksi +976

Mongoliya (Mongol Uls) yoki Moʻgʻuliston — Markaziy Osiyoda joylashgan mamlakat. Maydoni 1565 ming km². Aholisi 2, 893 ming kishi (2013). Poytaxti — Ulan-Bator shahri Maʼmuriy jihatdan 18 aymoq (viloyat)ga, aymoklar somon (tuman)larga boʻlinadi. Ulan-Bator, Darxan va Er-denet shaharlari mustakil maʼmuriy birlik boʻlib, bevosita markaziy hokimiyat organlariga boʻysunadi.

Davlat tuzumi[tahrir]

M. — parlamentli respublika. Amaldagi konstitutsiyasi 1992 yil 13 yanvarda qabul qilingan va 12 fevralda kuchga kirgan. Davlat boshligʻi — prezident (1997 yil dan Nadagiyn Bagabandi), u umumiy toʻgʻri va yashirin ovoz berish yoʻli bilan 4 yil muddatga saylanadi, ya na bir muddatga qayta saylanishi mumkin. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni Buyuk davlat xurali (parlament) amalga oshiradi. Ijroiya hokimiyatni hukumat boshqaradi. Hukumat bosh vazirning taklifiga binoan, prezident bilan kelishilgan holda Buyuk davlat xurali tomonidan tuziladi. Vazirlar mahkamasi boshligʻining nomzodini prezident Buyuk davlat xurali muhrkamasiga taqdim etadi.

Tabiati[tahrir]

M. hududi aksari qismining balandligi 1000–2000 m. Yirik togʻ tizmalari: Mongoliya Oltoyi (balandligi 4362 m gacha), Gobi Oltoyi, Xangay va Xentey. Togʻ tepalari, asosan, yasen. Jan. va jan.sharqida Gobi choʻlining bir kismi bor. Bu yerda vulkan tepalari qad koʻtargan. Shim. va shim.-gʻarbida bir necha soylik va vodiylar bor. M.ning sharqiy qismi shim.-sharq, jan. va jan.-sharq tomon pasayib boruvchi tekislikdir. Katta Koʻllar soyligi va Gobi choʻlida 30 ming km² yer kum bilan qoplangan. M. hududidagi Markaziy Osiyo burmali mintaqasining shim. qismi kaledon, jan. qismi gersin burmalariga ajralgan.

Iqlimi quruq, keskin kontinental. Qishi sovuq, kam qorli, serquyosh. Yanv. ning oʻrtacha temperaturasi —10°, —35° (eng past temperatura —50°), yozi iliq, qisqa, iyulning oʻrtacha temperaturasi 18—26° (eng yuqori temperatura 40°). Yillik yogʻin 100–300 mm, togʻaarda 500 mm gacha. Mongoliya Oltoyida muzliklar bor. Yirik daryolari: Selenga, Kerulen, Onon, Dzab-xan va Kobdo. Daryolari qor va muzliklardan suv oladi, bahor va yezda toʻlib oqadi. Yirik koʻllari: UbsuNur, Xirgis-Nur, Xubsugul va Hara-UsNur. M. hududining aksari qismi (60%)da kashtan, shuningdek, qoʻngʻir, togʻlarda qora, vodiylarda oʻtloqi tuproqlar tarqalgan. Oʻsimliklarning 2 mingdan ziyod turi oʻsadi. Mamlakatning shim. va shim.-sharqi dasht, jan. va jan.-sharqi chala choʻl va choʻldan iborat. Chala choʻlda saksovulzorlar uchraydi. M. hududining 10% oʻrmon. Togʻ yon bagʻirlarida tilogʻoch, kedr, qaragʻay va qayinzorlar bor. Hayvonot dunyosi xilma-xil. Sut emizuvchilarning 100 dan ortiq turi uchraydi. Qumsichqon, qoʻshoyoq, tolay quyoni, ondatra, sobol, tiyin, jayran, maral, boʻri, tulki va h.k. bor. Baʼzi hayvonlar (yovvoyi tuya, yovvoyi ot, gobi ayigʻi) M.dan boshqa yerda uchramaydi. Ulan-Bator yaqinida Bogdo-Oʻla qoʻriqxonasi tashkil etilgan.

Aholisining 90% dan ortigʻi mongollar. Mamlakat shim.da buryatlar, shim.-gʻarbda qozoqlar, tuvalar yashaydi. Rasmiy tili — mongol tili. Dindorlar budda dinining lamaizm yoʻnalishiga eʼtiqod qiladi. Shahar aholisi 60%. Yirik shaharlari: Ulan-Bator, Darxan, Erdenet.

Tarixi[tahrir]

M. hududida odamlar quyi paleolit oxiridan yashab keladi. Ilk paleolit davrida matriarxal-urugʻchilik, jez davrida patriarxal-urugʻchilik tuzumlari shakllandi. Miloddan avvalgi 4— 3-asrlardan xususiy mulkchilik vujudga keldi, temir buyumlar yasala boshladi, qabilalar ittifoqi yuzaga keldi. Milodiy 4—10-asrlarda Jujan, Turk, Uy-gʻur, Qirgʻiz xoqonliklari vujudga keldi. 10—12-asrlarda M. hududi Kidonlar saltanati tarkibiga kirdi. 13-asr boshida koʻpgina moʻgʻul qabilalari birlashib, Temuchin hukmronligidagi moʻgʻul davlatini tashkil etdi. 1206 yil moʻgʻul noyonlarining qurultoyida Temuchin buyuk xon — Chingizxon deb eʼlon qilindi. 1211 yil dan Chingizxon va vorislarining bosqinchilik urushlari boshlandi. 13-asr oʻrtalarida Shim. Xitoy, Tangut davlati, Oʻrta Osiyo, Zakavkazye, Eron, Rossiyaning bir kismi Chingizxon qoʻl ostiga oʻtdi. Natijada yirik Moʻgʻullar davlati tashkil topdi. Biroq yagona iqtisodiy bazasi boʻlmagan saltanat bosqinchilik urushlari natijasida vujudga kelgan ichki ziddiyatlar oqibatida parchalanib ketdi. 1368 yil Xitoy, 1380 yilda Rossiya, 14-asrning 2-yarmida Eron, Zakavkazye va Oʻrta Osiyo moʻgʻullar zulmidan ozod boʻldi. 14-asrning oxirgi choragida Moʻgʻullar davlati batamom barham topdi. 15-asrda Esonxon (1440—55 yillarda xonlik qilgan) va Dayanxon (1479—1543 yillarda xonlik qilgan) kabi hukmdorlar birlashgan Moʻgʻul davlatini tiklashga harakat qildilar. Dayanxonning oʻlimidan keyin mamlakat Jan. Moʻgʻuliston va Shim. Moʻgʻulistonga boʻlinib ketdi. Shim. Moʻgʻuliston ham oʻz navbatida Gʻarbiy va Sharqiy qismlarga ajraldi. 16-asrda M. ning uchala qismida jami 200 xonlik boʻlgan. 16-asr oxiriga kelib M.da budda dinining lamaizm yoʻnalishi yoyildi va 17-asr boshida davlat diniga aylandi. 1616 yilda Shim.-Sharqiy Xitoy hududida vujudga kelgan Manjurlar davlati 1634 yil Jan. Moʻgʻulistonni bosib oldi va uni Ichki Mongoliya deb atadi. 1688 yilda Sharqiy Moʻgʻuliston manjurlar asos solgan Sin sulolasi (1644— 1911) hokimiyatini tan oldi. Shundan keyin Sharqiy Moʻgʻuliston (hozirgi M. xududi) Tashqi Mongoliya deb atala boshladi.

M.da yagona mustaqil davlat — Oyrot xonligi ham 1758 yilda manjurlar tomonidan tugatildi va uning yarim milliondan ortiq aholisi qirib tashlandi. Oʻz hukmronligini abadiylashtirish maqsadida Sin sulolasi M.ni tashqi dunyodan ajratish choralarini koʻrdi. 20-asr boshlarida M. Osiyoningeng qoloq mamlakatlaridan biri edi. M.da 19a. oxirida boshlangan milliy ozodlik harakati 20-asr boshlarida yanada kuchaydi. 1911 yil aratlarning yirik qoʻzgʻoloni boʻlib oʻtdi. 1911 yil noyabrda Urga (hozirgi Ulan-Bator)da Sin sulolasi hokimiyati agʻdarilib, mustaqil M. davlati tuzilganligi eʼlon qilindi. Mamlakatdagi lama ibodatxonasining oliy ruhoniysi — Boʻgʻdixon tuzgan hukumat M. suverenitetining davlatlar tomonidan tan olinishi uchun 3 yil dan ortiqroq harakat qildi. 1915 yilda Rossiyaning Kyaxta shahrida chor Rossiyasi, Xitoy va M. vakillarining uch tomonlama konferensiyasi boʻldi, uning qarorlariga muvofiq, M.ning maqomi Xitoy suvereniteti ostidagi va Rossiya homiyligidagi keng muxtoriyat bilan cheklandi. 1919 yilda Xitoy M.ga qoʻshin kiritdi va uning hukmron yuqori tabaqasini muxtoriyat maqomidan voz kechishga majbur qildi. Ammo mongol xalqi mustaqillik uchun kurashni davom ettirdi.

1921 yil iyulda Urga shahrida M. mustaqilligi eʼlon qilindi. 1924 yil 26 noyabrda mamlakat parlamenti — Buyuk xalq kurali Mongoliya Xalq Respublikasi (MXR) tuzilganligini maʼlum qildi va birinchi konstitutsiyani qabul etdi. 1992 yilgacha mamlakat shu nom bilan yuritildi. Shu yili qabul qilingan konstitutsiya kuchga kirgach, M. deb atala boshladi. 1990 yillarning boshlaridan M. taraqqiyotning yangi bosqichiga oʻtdi — markazlashgan rejali iqtisodiyot oʻrniga bozor iqtisodiyoti joriy etila boshladi, bir partiyali siyosiy tizimdan koʻp parti-yali tizimga, totalitar davlatdan huquqiy davlatga aylana boshladi.

M. — 1961 yil dan BMT aʼzosi. OʻzRb-n diplomatiya munosabatlarini 1992 yil 25 yanvarda oʻrnatdi. Milliy bayrami — 11 iyul — Xalq Inqilobi kuni (1921).

Siyosiy partiya va tashkilotlari, kasaba uyushmalari M. xalq-inqilobiy partiyasi, 1921 yilda tuzilgan, 1999 yil martda M. xalq partiyasi uning tarkibiga kirgan; M. milliy demokratik partiyasi, 1992 i. okt.da tashkil etilgan; M. birlashgan konservativ partiyasi, 1993 yilda asos solingan; M. demokratik uygʻonish partiyasi, 1994 yilda tuzilgan; M. "koʻkatparvarlar" partiyasi, 1990 yilda asos solingan; M. ishchi partiyasi, 1992 yilda tuzilgan; M. res-publikachilar partiyasi, 1992 yilda tashkil etilgan; M. sotsialdemokratik partiyasi, 1990 yilda tuzilgan; M. demokratik ittifoqi, partiyalar bloki, 1990 yilda asos solingan; "Vatan", koalitsiya, 1999 yilda tuzilgan, Yangi demokratik sotsialistik partiya bilan M. ishchi partiyasini birlashtiradi; Toʻrt ittifoq federatsiyasi, 1993 yilda tashkil etilgan (M. demokratik ittifoqi, Yangi taraqqiyparvar ittifoq, M. yoshlari ittifoqi va M. talabalari ittifoqidan iborat). M. erkin kasaba uyushmalari ittifoqi, 1990 yil tuzilgan; M. kasaba uyushmalari federatsiyasi, 1927 yil tashkil etilgan.

Xoʻjaligi[tahrir]

M. — agrar-industrial mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi 34%, qishloq xoʻjaligining ulushi 16%.

Qishloq xoʻjaligi[tahrir]

20-asrning 20-yillariga qadar iqtisodiyotning birdan bir tarmogʻi mavjud boʻlib, u ham boʻlsa koʻchmanchi yaylov chorvachiligi edi. Astasekin qishloq xoʻjaligining boshqa tarmoqlari, jumladan, dehqonchilik vujudga keltirildi. Bugʻdoy, kartoshka, sabzavot, yem-xashak yetishtirila boshladi. Chorvachilikda qoʻychilik yetakchi oʻrinda; qoramol, echki, tuya, yilqi, mamlakatning ayrim joylarida qoʻtos, bugu, shahar atrofida choʻchqa va parranda boqiladi. Aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan chorva mol jihatidan M. du-nyoda oldingi oʻrinlardan birini egallaydi. 1991—92 yillarda sobiq 255 qishloq xoʻjaligi birlashmasi (qishloq xoʻjaligi kooperativlari) ak-siyadorlik kompaniyalariga (salkam 400 ta) aylantirildi. Mamlakatda chorvani xususiylashtirish asosan tugallandi. Chorva mollarning 90% xususiylashtirildi. Ilgari dehqonchilik hamda sof zotli va duragay chorva mollari yetishtirish bilan shugʻullanib kelgan koʻp davlat xoʻjaliklari oʻrniga ham aksiyadorlik kompaniyalari tashkil etildi.

Sanoati[tahrir]

M.da dastlab yengil va oziqovqat sanoati, 20-asrning 40—60-yillarida ogʻir sanoat (konchilik, energetika, yogʻochsozlik, qurilish ashyolari, metallsozlik) rivojlandi. Ke-yingi yillarda konchilikka koʻproq eʼtibor qaratildi. M. yer ostida foydali qazilma xazinalari koʻp. Hozircha 30 dan koʻproq turdagi foydali kazilmalarning 500 dan ziyod koni aniqlangan, ular orasida toshkoʻmir, qoʻngʻir va kokslanuvchi kumir, uran, oltin, kumush, mis, molibden, kalay, flyuorit, temir rudasi, fosforit, qimmatbaho toshlar va boshqa konlar ochilgan. Turli qurilish ashyolari, keramzit va keramika gillari, ohaktosh, qum, shagʻal, kaolin, ganch, alebastr, marmar, granit va shahrik.ning katta zaxiralari topilgan. Neft konlari qidirilmoqda. 400 dan koʻproq issiq va sovuq maʼdanli suv manbalari topilgan va urganilgan. Ulardan foydalanish uchun koʻpgina qoʻshma korxona va birlashmalar barpo etilgan. Elektr energiyasi GESlarda hosil qilinadi. Yiliga oʻrtacha 2,2 mlrd. kVtsoat elektr energiya ishlab chiqariladi. Birlashgan energiya tizimi barpo etilgan. Mongoliya sanoatida gusht, un k-tlari, non z-di, gilam f-kasi, poʻstin-moʻyna, oyna va chinni korxonalari, bosmaxonalar bor. Sement, gʻisht, uy bloklari, doridarmon, poyabzal, jun- gazlama ishlab chikariladi.

Transporti[tahrir]

Koʻp yuklar temir yoʻl va avtomobil transportida tashiladi. Transport yoʻli uzunligi — 1,8 ming , avtomobil yoʻllari uz. — 46 ming km. Xubsugul koʻli, Selenga va Orxon daryolarida kema qatnaydi. Havo floti 1956 yildan ishlaydi. Eng katta aeroporti Ulan-Batorda.

Tashqi savdosi[tahrir]

1980-yillarning oxirigacha mamlakat savdosi bir tomonlama, faqat Oʻzaro Iqtisodiy Yordam Kengashi mamlakatlariga yunaltirilgan edi. Asosiy mijozi sobiq SSSR boʻlgan. 1990-yillar boshida M. "ochiq eshik" siyosatini faol utkaza boshladi, boshqa mamlakatlar, chunonchi Yaponiya, AQSH, Germaniya, Jach. Koreya, Singapur, Gonkong va boshqa bilan munosabatlar rivojlandi. Ekspor-tda chorvachilik, konchilik, yengil va oziqovqat sanoati mahsulotlari mu-him urin tutadi. Chetdan mashina-uskunalar, neft mahsulotlari, qora metallar, kimyo mahsulotlari, oziq-ovqat, keng isteʼmol mollari harid qiladi. Tashqi savdodagi mijozlari: MDH davlatlari, Xitoy, Yaponiya. Pul birligi — to'g'rik.

Maorifi, ilmiy va madaniy maʼrifiy muassasalari. 2000 yilda 660 umumiy taʼlim maktabida 381 ming bola, 47 oliy oʻquv yurti, jumladan, 27 ta davlat unti, institut va kollejlarda 60 ixtisoslik buyicha bakalavr, 32 ixtisoslik boʻyicha magistr unvonini olish uchun 26265 talaba taʼlim oldi. Ulan-Bator shahrida Mongoliya FA ish olib boradi. M.da bir qancha i.t. muassasalari ham mavjud. M.da 424 ta ku-tubxona (4,2 mln. asar) bor. Yiriklari: Davlat xalq kutubxonasi, FA va universitet kutubxonalari. Muzeylari: Davlat markaziy muzeyi, Nafis sanʼat muzeyi, Din tarixi muzeyi va boshqa

Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi. M.da bir qancha gaz. va jur.lar nashr etiladi. Asosiylari: "Unen-uu?" ("Haqiqatmi?", haftada Z marta chiqadigan gaz., 1920 yildan; 1996 yil urtalarigacha "Unen" nomi bilan nashr etilgan; 1996 yil sentabrdan hozirgi nomda), "Zalgamjlagch" ("Oʻrinbosar", 2 oyda bir marta chiqadigan jur., 1926 yildan), "Xudulmur" ("Mehnat", haftada 3 marta chiqadigan gaz., 1928 yildan), "Xumuun" ("Inson", gaz., 1990 yildan), "Ardin tur" ("Xalq hokimiyati", yiliga 4 marta chiqadigan jur., 1950 yildan), "Mongolii duu xooloy" ("Mongoliya ovozi", gaz., 1992 yildan), "Mongolii xudoo" ("Mongol qishlogʻi", haftalik gaz., 1970 yildan), "Ardchilal tayme" ("Demokratiya vaqti", gaz., 1993 yildan), "Yertons" ("Koinot" gaz., 1990 yildan), "Sog" ("Mashʼala", 2 oyda bir marta chiqadigan jur., 1994 yildan). Mongol telegraf agentligi (MONSAME), qukumat agentligi, 1921 yilda tuzilgan; Mongoliya ovozi, axborot agentligi, 1992 yilda tashkil etilgan; San-press, axborot agentligi, 1992 yilda asos solingan. Mongol radioasi 1934 yilda, Mongol telekoʻrsatuvi 1967 yilda tashkil etilgan.

Aaabiyoti. Mongol xalq ogʻzaki ijodiyotida qoʻshiq, doston, ertak, madhiya, pandnasihat, afsona, topishmoq, maqollar koʻp. Yozma adabiyoti 12— 13-asrlarda boshlangan. "Argasun xuurch qissasi", "Yetim bolaning toʻqqiz chingiziy baxrdir bilan suhbati", "Togontemurning yigʻisi" kabi asarlar keng tarqalgan. 17-asrda yilnomalar vujudga keldi. 19-asrda yaratilgan "Koʻk kitob" trilogiyasi (muallifi Injinash) va boshqa koʻpgina asarlar xalq orasida mashhur. 20-asrda M. adabiyoti folklorga, adabiy merosning eng yaxshi anʼanalariga tayanib, ilgʻor jahon adabiyoti bilan aloqani kuchaytirib, rivoj topa boshladi. 1929 yilda adiblar toʻgaragi tashkil topdi, u 1930 yilda M. yozuvchilari uyushmasiga aylantirildi. D. Na-sagdorj, S. Damdinsuren kabi yozuvchilar pyesalari, sheʼrlari bilan mongol adabiyoti rivojida muhim rol oʻynadilar. 40— 50-yillarda S. Dashdendev, D. Sevegmid, Ch. Lhamsuren, D. Tarva, B. Baast kabi adiblar tarixiy mavzularda, xalqlar doʻstligi va hamkorligi samaralari toʻgʻrisida asarlar yaratdilar. 50— 60-yillarda yirik polotnoromanlar ijod qilindi. D. Sengee xalq qahramoni haqida "Ayushi" qissasini (1947), B. Rinchen "Choʻl tongi" romanini (1955), Ch. Lodoydam "Oltoyda" romanini (1949) yaratdilar. Bu asarlarda mongol xalqining hayoti yorqin aks ettirildi. B. Basst, M. Gaadamba, S. Ud v a l kabi adiblarning hikoyalari axloq masalalariga, mongol ayollari qismatiga bagʻishlandi. Hozirgi davr adabiyotida S. Gaytav, B. Yavuxulan, Ch. Chimid, D. Purevdorj va boshqa shoirlarning sheʼrlari alohida ajralib turadi. Ja-hon adabiyotining eng yaxshi asarlarini tarjima qilishga alohida ahamiyat berildi. Hamza, Oybek, Gʻ. Gʻulom, Mir-muhsin, Rahmat Fayziy, Turob Toʻla va boshqa oʻzbek yozuvchilarining asarlari mongol tiliga, shuningdek, mongol yozuvchilarining bir qancha asarlari oʻzbek tiliga tarjima qilingan (L. Tudevning "Suxe-Bator" qissasi, D. Na-sagdorjning "Tanlangan asarlari", "Mongol ertaklari" va boshqalar) hududidan jez davrining boshlariga oid qoyalarga oʻyib tushirilgan yoki boʻyoq bilan ishlangan hayvon (ot, qulon, yovvoyi echki, boʻri, ilon)larning tasvirlari topilgan. Xovd somoni (tumani)dagi qoya toshlariga ishlangan odamlar va toʻrtta ot qoʻshilgan toʻrt gʻildirakli arava tasviri ayniqsa diqqatga sazovor. 6—8-asrlarda hunarmandchilik rivojlanib, matolar, kigiz, kuchmanchi chorvadorlar va jangchilarning ot abzallari va qurol-yarogʻlari oʻsimliksimon naqshlar bilan bezatila boshlagan. 6—9-asrlardagi shahar vayronalaridan toshga ishlangan boʻrtma va bosma usulda naqshlangan sopol idishlar topilgan. M.ning turli joylarida gʻisht va guvaladan tiklangan daxmalar tepasiga haykalchalar oʻrnatilgan. 10-asrdagi mamlakat poytaxti Oʻrda Baliq (key-inroq Hara Balgas) harobalari orasida mudofaa istehkomlari, uylar, ibodatxonalar koʻzgatashlanadi. 10—12-asrlarda shaharlar jadal qurildi. Odatda, shahar imoratlari yorugʻlik tushishiga qarab rejalangan, zovurlar va tepaliklar bilan oʻralgan, darvozalari va minoralari boʻlgan. Bir yoki bir necha koʻcha chetlaridagi maʼmuriy binolar, ibodatxonalar va turar joylar atrofi devor bilan oʻralgan. Imoratsiz joylarda aholi va jangchilarning oʻtov hamda chodirlari boʻlgan. Qad. Bars-Xot (10—12-asrlar) shahri kavlanganda budda ibodatxonasi va pagodalari qoldiqlari, maʼbuda va hayvonlarning loydan ishlangan haykalchalari, oʻyma yogʻoch bezaklar va meʼmoriy boʻlaklar chiqqan. 16-asrdan 20a. boshlarigacha shahar va qishloqlardagi asosiy turar joylar yogʻoch sinchli, surma panjara devorli, eshikli oʻtovlardan iborat boʻlgan. Monastir va ibodatxonalar koʻplab qurilgan.

20-asrning 20-yillaridan eski shaharlar (Ulan-Bator) qayta qurilib, yangi shaharlar (Darxan, Nalayxa, SaynShand) barpo etildi. Binolar kurishda 20— 30-yillarda konstruktivizm taʼsiri koʻrindi. 40—50-yillarda binolarning old tomonlari hashamli — kolonnali, milliy bezakli qilib ishlandi (Ulan-Batordagi universitet). 50-yillarning oʻrtalaridan boshlab iqlim hisobga olingan holda binolarni keng va qulay qilib qurishga ahamiyat berildi. 60—90 yillarda qurilishda industrial va yigʻma uysozlik usullaridan keng foydalanildi. Keyingi davrlarda metallsozlik, yogʻoch oʻymakorligi, kashtachilik kabi anʼanaviy tarmoqlar bilan bir qatorda chinni pishirish, kulolchilik, gilamchilik, suyak oʻymakorligi rivoj topa boshladi.

Musiqasi qad. anʼanalarga boy. Qoʻshiqchi, sozanda, xalq dostonlarini kuylovchi baxshilar azaliy xalq ijodiy merosini saqlab qolganlar. Qahramonlar haqidagi rivoyatlarni qoʻshiq qilib aytish qadimdan odat boʻlgan. Xalq aytishuvlari (ikki xonanda basmabas aytadigan qoʻshiqlar) ayniqsa keng ommalashgan. M.da tomoqdan ikki xil tovush chiqarib qoʻshiq aytishning oʻziga xos usuli ham urf boʻlgan. Ishqiy, maishiy, inqilobiy, tarixiy, diniy qoʻshiqlar, safarga chiqqanda aytiladigan va hazil-mutoyiba qoʻshiklari koʻp. Xalq cholgʻu asboblari: limba (nayning bir turi), morinxur va xuchir (torli kamoncha), shanz (chertib chalinadigan asbob), yoochin (changning bir turi) va boshqa

Zamonaviy M. musiqasi 20-asrning 20—30-yillarida vujudga kelib, rivojlana boshladi. "Shive Kyaxta" deb atalgan birinchi partizanlar qoʻshigʻi 1921 yilda ijod qilindi. S. Gonchiksumla, U. Lubsanxurchi va M. Dugorjav kabi kompozitorlar tanilgan. Turli musiqiy janrlar (xor, opera, simfoniya) rivojlana boshladi. Ulan-Batorda Opera va balet teatri o"childi, unda mahalliy va chet el mualliflarining asarlari sahnalashtirildi. M. xalq ashula va raqs ansambli, simfonik orkestr, duxovoy orkestr, aymoq markazlarida musiqali drama teatrlari, Ulan-Batorda musiqalixoreografiya bilim yurti bor.

Teatrning kelib chiqish ildizlari qadim zamonlarga borib taqaladi. Xalq tomoshalarining shakllari xilma-xil boʻlgan. Xonandalarni xurch, baxshilarni uligerch deb ataganlar. Yaxshi niyat tilaguvchi yorolch va magtalchlar baland ovozda gapirayotganda raqs ijro etib turilgan. Biyeleg raqslarida teatr unsurlari koʻzga tashlanadi. Toʻylar, farzand tugʻilishiga bagʻishlangan marosimlar, hosil bayramlarida voqeiy tomoshalar koʻrsatilgan. 17-asrdabu joylarda buddaviylik yoyilishi munosabati bilan vujudga kelgan sam deb atalgan diniy teatrlarga va dunyoviy saroy teatrlariga ham ushbu teatr shakllari kirib keldi. Yangi yil bayrami kunlari koʻchalarda qoʻgʻirchoq spektakllari koʻrsatiladi. 20-asr boshlarida havaskorlik toʻgaraklari rivojlana boshladi. 20-yillarda Ulan-Batorda tashkil etilgan drama toʻgaraklari asosida professional teatrlar vujudga keldi. 1930 yil poytaxtda teatr studiyasi ochildi va oʻsha yiliyoq uning negizida Davlat musiqali drama teatri tashkil etildi. 1948 yildan Ulan-Batorda qoʻgʻir-choq teatri, 1950 yildan Markaziy bolalar teatri ishlaydi. Ularda mongol xalqining tarixi va hozirgi hayotini aks ettiruvchi pyesalar bilan bir qatorda jahon klassikasi durdonalari ham oʻrin olgan.

Kinosi[tahrir]

1935 yil Ulan-Batorda " Mongolkino" studiyasi tashkil qilingach, kino sanʼati rivoj topdi. 1936 yildan hujjatli filmlar chiqarila boshladi. "Norjmaning yoʻli" birinchi badiiy filmi 1938 yilda suratga olinds. "Boʻri galasi" (1939), "Birinchi saboq" (1940), "Ikki chorvador" (1955), "Yoʻlimizdagi toʻgʻanoqlar" (1956), "Qalb amri" (1966), "Toshqin" (1966) kabi filmlar mongol xalqining hayotini tasvirladi. Keyingi yillarda "Kuyov", "Visol", "Motor shovqini", "Dovon ketidan dovon" filmlari yaratildi. Yiliga bir necha badiiy film, 30 ga yaqin qisqa metrajli hujjatli film ishlab chiqariladi.

Oʻzbekiston — Mongoliya munosabatlari[tahrir]

Asosiy maqola: Oʻzbekiston — Mongoliya munosabatlari.

Manbalar[tahrir]