Dabiriy
Dabiriy - Kattaqoʻrgʻoniy, Miyno (taxalluslari; asl ismi Ostonaqul Abdushukur oʻgʻli) (1871 — Kattaqoʻrgʻon sh. yaqinidagi Payshanba qishlogʻi — 1939) — shoir, xattot. Buxorodagi Xalifa Husayn madrasasida tahsil koʻrgan. Oʻz qishlogʻi va Buxoro amiri saroyida mirzalik qilgan. "Yosh buxoroliklar"ga qoʻshilib amir Olimxonga qarshi harakatda qatnashgan. 1917 yil oktabr davlat toʻntarishidan keyin yangi usuldagi maktabda muallimlik qilgan, koʻhna qoʻlyozmalarni qidirib topish bilan ham shugʻullangan. Oʻzbek va tojik tillarida ijod qilgan. Navoiy, Fuzuliy, Bedil gʻazallariga muhammaslar bogʻlagan. Devon tuzgan, ammo devoni amir kishilari tomonidan yoqib yuborilgan. Asarlaridan namunalar "Bayozi Valiy", "Bayozi Maxdiy", "Bayozi Muhibbiy" kabi manbalarda saqlangan. Bizgacha 2000 misra sheʼrlari yetib kelgan. Xiromiyning "Chor darvesh" dostonini oʻz qoʻli bilan koʻchirib, muqaddima (sheʼriy taʼrix) va soʻnggi soʻz bilan Kogonda chop ettirgan.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |