Xiromiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Xiromiy (taxallusi; ismi Mullo Qurbon) (1796, Kitob viloyati Charmgaron guzari — ?) — shoir. Baʼzi manbalarda Mirzo Qurbon, Muhammad Qurbon deb ham tilga olingan. Kenagas urugʻidan. Buxorodagi Mir Arab madrasasida tahsil koʻrgan. Iqtisodiy tanglik tufayli madrasani tugata olmagan, 25 yoshida Kitobga qaytgan. Xattotlik, tabiblik, charmgarlik qilib roʻzgʻor tebratgan. X. Nasrullaxonttg bosqinchilik siyosatiga qarshi kurashuvchilar safida turgan, Kitob mudofaasida qatnashgan.

X. isteʼdodli va sermahsul shoirlardandir. U oʻtmish allomalar ijodidan oʻrgangan, zamondoshlari Shavqiy, Hoziq, Vola va boshqa bilan yaqin ijodiy aloqada boʻlgan. Dastlab Saʼdiy, Navoiy, Zebunniso gʻazallariga muxammaslar bogʻlagan, ularning badiiy mahorat sohasidagi anʼanalarini davom ettirgan.

X. 19-asr hayotidagi yaramas illatlarni, adolatsiz hukmdorlar, noqobil hokimlar, zamin, zamon, kishilar toʻgʻrisidagi qarashlari ifodalangan "Chor darvesh" (1834), "Mahfil oro" (1844—56), "Toʻtinoma" (1854), "Raʼno va Zebo" (1856), "Yusuf va Zulayho" (1862) dostonlarini yozgan. Bularning orasida keng tarqalgani "Chor darvesh" dir. Asar qoliplash usulida yozilgan, qoliplovchi xikoya Ozodbaxt hikoyasi, dir. Ozodbaxt oʻz farzandsizligidan soʻz boshlab, darveshlar sarguzashtini tinglaydi. Doston Ozodbaxtning Baxtiyor ismli farzand koʻrib, parilarning ulugʻ shoiri Malik Shohboz yordamida murodmaqsadlariga yetishi bilan tugaydi.

X.ning hajman eng yirik asari "Toʻtinoma" 12 ming misradan iborat.

Asarning bosh goyasi — vafo va sadoqat. Toʻtining barcha hikoya va qissalari shu gʻoyani asoslash, isbotlashga qaratilgan. "Raʼno va Zebo" dostoni ham qoliplash usulida boʻlib, qoliplovchi hikoya Raʼno va Zebo sarguzashtlaridir. Pok muhabbatni ulugʻlash dostonning asosini tashkil etadi. Unda inson huquqi, ijtimoiy tenglik, adolat, olijanoblik kabi gʻoyalar yoritilgan.

Adabiy merosining umumiy hajmi 30 ming misra atrofida. Asarlari qoʻlyozmalari Oʻzbekiston FA Sharqshunoslik intida ("Chor darvesh", inv.№359, 9251, 1675, 7713, 4819, 7847, 217 (II); "Toʻtinoma", inv. №1795; "Raʼno va Zebo", inv. №217; "Yusuf va Zulayho", inv. №1799) va SamDUning asosiy kutubxonasida saqlanadi.

Manbalar[tahrir]

  • Chor darvesh, T., 1960; Raʼno va Zebo, T., 1962.

Ad.:Qorayev T., Xiromiy Mulla Qurbon, T., 1975; Oʻzbek adabiyoti tarixi [5j.li], 4j., T., 1978.

Begali Qosimov