Qalʼa

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Qalʼa — qadimda va oʻrta asrlarda bino qilingan mustahkam mudofaa istehkomi. Yozma manbalarda Q. qoʻrgʻon, istehkom, hisor va shahar maʼnolarida tilga olinadi. Q.lar, doira, toʻgʻri toʻrtburchak, kvadrat yoki oval tarhli boʻlib, atrofi bal. oʻrtacha 9–10 m, qalinligi 3–4 m. mudofaa devori bilan oʻralgan. Devor tashqarisidan chuqur (2– 3 m) va kengligi 10–15 m li xandaq — zovur kavlangan. Q. devori paxsa va yirik xom gʻishtlardan barpo etilgan. Devor boʻylab moʻlalar, ayniqsa, uning burchak qismlarida esa doira yoki toʻrtburchak shakldagi burjlar qad koʻtarib, ularning bir yoki ikki qator nishon tuynuklari — shinak (tirkash) lari boʻlgan. Q.da bir yoki ikki darvoza boʻlib, ular strategik jihatdan nihoyatda mustahkam (qoʻsh minorali labirintli) qilib qurilgan. Q. ichida aholi turar joylari, ot, ulov va mollar uchun otxona, molxona va qoʻralar boʻlgan. Qamal vaqtlarida esa, zaruriy oziq-ovqat, yemxashak, qurolyarogʻ, kamon oʻqlari va palaxmon toshlari saqlangan.

Q. asosida, keyinchalik shaharlar yuzaga kelib, uning maydoni kengaygan. Baʼzan, Q.lar shahar yoki viloyat hukmdorining qarorgohiga aylantirilib, qasr qad koʻtargan va Q.ning bu qismida hisor, koʻhandiz yoki ark atamalari bilan yuritilgan oliy dargoh shakllangan. Bunday hukmdor qarorgohini yunonlar akropol, rimliklar kapitoliy deb ataganlar. Shu bois Q. deb Xorazmda shahar yoki mustahkam istehkomli qoʻrgʻon — turar joy tushunilgan. Mas, Ayoz qalʼa, Jonbos qalʼa, Bozorqalʼa, Tuproqqalʼa, Qoʻyqirilgan qalʼa va boshqalar shular jumlasidandir. Buxoro va Qashqadaryo vohalarida Q.lar, odatda, qoʻrgʻon deb yuritilgan. Mas, [[Qoʻrgʻoni Romitan, Yerqoʻrgʻon va boshqalar qoʻrgʻonlar ham mustahkam devor bilan oʻralib, bir nechta darvozasi boʻlgan shahar qiyofasidagi Q hisoblangan (q. [[Qoʻrgʻon).

Q.lar shubhasiz, qadimiy va oʻrta asrlarning oʻziga xos meʼmoriy obidasi hisoblanadi. Ular, avvalo, aholi yashaydigan turar joy, mudofaa inshooti, yovgarchilik davrlarida qamaldagi harbiylar qarorgohi, oziq-ovqat va qurolyarogʻ omborxonalari kabi vazifalarni oʻtagan. Oʻzbekistonda qad koʻtargan Q.lar qurilishi uzoq tarixga, oʻz anʼanalari va sermazmun atamalarga ega qadriyatlardan hisoblanadi.