Koʻkdumaloq neft-gazkondensat koni
Koʻkdumaloq neft-gazkondensat koni — Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumani hududidagi kon. Qarshi shahridan 12 km gʻarbda joylashgan. Koʻrsatilgan hudud geofizik usul bilan ancha oʻrganilgan. 1979—1980-yillarda Janubiy Oʻrtabuloq hududida oʻtkazilgan seysmik razvedka ishlari natijasida Koʻkdumaloq strukturasi mavjudligi aniqlandi va chuqur quduqlar orqali qidiruv ishlarini olib borishga kirishildi.
Qazish ishlarining boshlanishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]1985-yilda sinalgan 2 qudukdagi rif karbonat yotqiziqlaridan koʻp miqdorda kondensat boʻlgan gaz olindi. Keyingi qazish ishlari natijasida Kellovey-Oksford karbonat yotqiziqlarida uzunligi 10 km, eni 4,5 km, balandligi 250 m ga teng kelgan braxiantiklinal koʻrinishdagi rifga mansub struktura borligi aniqlandi. 1986-yilda 3-qudukdan yuqori yura davri karbonat yotqiziklariga mansub sanoat ahamiyatiga ega neft olindi. Konda 18 ta quduq qazilgan. Ulardan 1 tasi parametrik, 3 tasi izlov, 14 tasi razvedka quduqlari. Shulardan 13 tasi mahsuldor. Koʻkdumaloq konidagi quduqlar bu yerda yura, boʻr, paleogen va neogen-toʻrtlamchi davr yotqiziqlarining mavjudligini koʻrsatdi. Quduqlarning chuqurligi 3631 m gacha.
Geologik joylashuvi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Koʻkdumaloq strukturasi Chorjoʻy pogʻovasiga mansub boʻlib, Dengizkoʻl platosining janubi-sharqiy qismida joylashgan. U Alan, Zevardi, Oʻrtabuloq kabi yirik gazkondensat konlari orasidan joy oladi.
Tuzilishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Kellovey-Oksford yotqiziqlarida strukturaning oʻlchamlari kichrayadi hamda boʻyi 7 km, balandligi 67 m ni (manfiy 2000 m li izogipsa boʻyicha) tashkil etadi. Kondagi quduqlarning mahsuldorligi yuqori.
Koʻqdumaloq konidagi mahsulot gaz-kondensat uyumidan iborat boʻlib, uning tagida yaxlit holatdagi neftli qatlam ham bor. Gaz-neft chizigʻi —2771 m va suv-neft chizigʻi —2830 m dan oʻtkazilgan. Kondagi neftning zichli-gi 0,841—0,895 g/sm³ oraligʻida oʻzgaradi, kondensatniki esa 0,799—0,815 g/ sm3 oraligʻidadir. Kondagi neft-gaz kondensat uyumining umumiy qalinligi 275 m ni tashkil etadi, neftli qismining qalinligi esa 59 m ga teng.
Koʻkdumaloq koni qatlamlaridagi suv yuqori minerallashgan, undagi tuz miqdori 106—118g/l, oʻrtacha PO g/l ga tengdir. Suvlarda kalsiy, magniy koʻp, sulfatlar 0,5—0,7 g/l, gidrokar-bonatlar 0.1—0,8 g/l ni tashkil etadi. RN koʻrsatkichi 6—6,8 atrofida oʻzgaradi.
1996-yilgacha konda hammasi boʻlib 103 quduq qazilgan, shulardan, 46 ta neft beruvchi, 13 ta suv haydovchi, 17 ta gaz oluvchi, 17 ta gaz haydovchi, 10 ta kuzatuvchi quduqlar toifasiga mansub. Koʻkdumaloq koni respublika miqyosida olinayotgan neft va kondensatning asosiy qismini beradi.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |