Rishton neft-gaz koni
Rishton neft-gaz koni - Fargʻona viloyatidagi kon. Shimoliy Rishton antiklinal burmasida joylashgan. Konning geologik tuzilishini dastlab K.P. Kalitskiy oʻrgangan (1914), soʻng O.A.Rijkov rahbarligida (1941-yildan) geologik sʼyomka ishlari olib borilib, 1950-yilda burmaning jan. qanotida, yuqori boʻr davri yotqiziqlarida gaz borligi aniqlandi. Shimoliy Rishton antiklinal burmasi gʻarbdan sharqqa yoʻnalgan boʻlib, paleozoy (ohaktosh, slanets), yura (qumtosh, gil), boʻr (ohaktosh, yashil gil, kulrang qumtosh), paleogen (yashil gil, oq ohaktosh, dolomit, qumtosh) yotqiziqlaridan tuzilgan. Burmadagi yotqizikdarning umumiy qalinligi 1,5 km dan ortiq. Konning yuqori boʻr davriga mansub yotqiziqlarida neft, yuqori va quyi boʻr, yura davrlariga oid yotqiziqlarida gaz mavjud. Kondagi neftning zichligi 776–779 kg/m³, metan turiga mansub; oltingugurt miqdori 0,16%, parafin 5—5,5%. Gazning zichligi 502–750 kg/m³; tarkibida 0,08% vodorod sulfidi, 68,15—89,1% metan, 2,0—17,5% azot va siyrak gazlar, 0,1 — 4,0% karbonat kislotasi bor.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |