Sintob oltin koni

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Sintob oltin koni - Nurota togʻlarining shimolida Sintobsoyning chap sohilida joylashgan. 1934—35 yillarda ochilgan. 2000-yildan keyin keng qamrovli qidiruv ishlari boshlangan. Kon maydoni gersin davrida hosil boʻlgan Shimoliy Nurota braxiantiklinalining markaziy qismida, besapan svitasining qumtoshslanetsli yotqiziqlaridan, quyi karbonning qora uglerodli qumtosh va alevrolitli qalin qatlami bilan qoplangan quyi devonning karbonatli jinslaridan tuzilgan va bu yotqiziqlar oʻrta karbonning ohaktoshlari bilan yopilgan. Oltinsulfidli mineralizatsiya gidrotermal genezisga mansubdir. Rudalar hosil boʻlishi kvarslanish, seritsitlanish, karbonatlanish kabi oʻzgarishlar bilan bogʻliq. Rudalari qatlamlar orasida tomirlar shaklida joylashgan. Rudaning mahsuliy tarkibi: galenit, sfalerit, xira rudalar, kuprit, oltin, argentit, sof kumush, xalkopirit, pirit, limonit, malaxit, azurit, kovelin, xalkozin, serussit, rux oxrasi, sof mis, bulanjerit, arsenopirit, sheyelit. Asosiy foydali komponentlar — Ai (oʻrtacha tarkibi 4,0 g/t), Ag( 200 g/t), WO,(0,011,2%). Kon qadimdan maʼlum boʻlib, 5—7 va 9— 12-asrlarda rudaning yer yuzasiga yaqin qismlari butunlay qazib olingan.