Sulukta koʻmir koni
Sulukta koʻmir koni - Fargʻona vodiysining janubida, Turkiston tizmasining shimoliy yon bagʻrida, Qirgʻizistonning Sulukta shahrida joylashgan koʻmir koni.[1] Sulukta Oʻrta Osiyoning koʻmir qazib chiqariladigan eng qadimgi markazlaridan biridir. Bu yerda koʻmir 11-12-asrlardan beri qazib kelinadi.[2] Sulukta koʻmir konining geologik tuzilishi 1903-yildan boshlab oʻrganilgan. Sovet geologlariga koʻra, Suluktada paleozoy, mezozoy va kaynazoy eralarida hosil boʻlgan yotqiziqlar mavjud.
Asosiy koʻmirli qatlamlarning umumiy qalinligi 35-120 metr. Baʼzi yerlarda 600-750 metr chuqurlikda sanoat ahamiyatiga ega koʻmir qatlamlari bor. Asosiy koʻmir olinadigan qatlamning uzunligi 22 kilometr, qalinligi 0,1-18,0 metrga yetadi.
Sulukta koʻmir konida asosan qoʻngʻir koʻmir bor. Bu koʻmir petrografik jihatdan fuzen-ksilen va klaren koʻmir turlariga mansub. Suluktada avval koʻmir ham ochiq, ham shaxta usulida qazib olingan. Hozir boʻlsa ochiq usulda qazib olish uchun kerak boʻlgan texnikaning yoʻqligi sabab koʻmir faqat shaxta usulida qazib olinadi. Bugungi kunda Sovet davrida faoliyat yuritgan yirik davlat shaxtalari oʻrnini xususiy shaxtalar egallagan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |