Imom Buxoriy ordeni

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
„Imom Buxoriy“ ordeni
Mamlakat Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Turi Orden
Taqdirlash asosi Islom dini sivilizatsiyasiga hissa qoʻshgan olimlar ilmiy faoliyatini oʻrganish va keng jamoatchilikka yoyish
Holati topshiriladi
Statistika
Taʼsis sanasi 2022-yil 15-avgust
Navbat
Toʻngʻich mukofot Mustaqillik ordeni
Kenja mukofot Amir Temur ordeni

„Imom Buxoriy“ ordeniOʻzbekiston Respublikasining davlat mukofotlaridan biri. 2022-yil 15-avgustda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan qonun asosida taʼsis etilgan[1].

Orden muhaddis Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim al Buxoriy sharafiga nomlangan.

Bu orden bilan Oʻzbekiston va xorijiy davlatlar fuqarolari markaziy osiyolik tarixiy allomalarning islom sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasini xalqaro hamjamiyatga yetkazganligi, hadislarning ezgu, umuminsoniy gʻoyalarini keng ommaga yoyganligi, markaziy osiyolik allomalarning asarlarini ilmiy izohli tarjima qilgani, ularning islom diniga oid asarlarini toʻplashdagi va ilmiy tadqiqot ishlarini olib borishdagi faol ishtiroki uchun mukofotlanadi[2].

„Imom Buxoriy“ ordeni bilan mukofotlangan shaxsga Oʻzbekiston respublikasi bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdoridagi bir martalik pul mukofoti ham beriladi[2].

Tavsifi[tahrir | manbasini tahrirlash]

„Imom Buxoriy“ ordenining qalinligi 0,15 mikron qalinlikda boʻlib, u 750 probali oltin bilan qoplangan 925 probali kumushdan tayyorlanadi. Orden ikkita qoplamali medalondan iboratdir[2].

Birinchi medalon 42 mm diametrli, sakkiz qirrali yulduz koʻrinishidadir. Yulduz shakli burchaklari orasida qarama-qarshi uchlari oraligʻi 47 mm boʻlgan uchlari yumaloqlangan nur tutamlari joylashtirilgan. Sakkiz qirrali yulduzning ichki qismida yashil rangli emal bilan ishlov berilgan bargsimon shakllar joylashtirilgan. Sakkiz qirrali yulduz 2,5 mm li 72 dona fianit toshlari bilan bezatilgan[2].

Ordenning markazida 28 mm diametrli medalon joylashtirilgan boʻlib, u arqonsimon naqsh bilan hoshiyalangan doira shaklidadir. Doiraning markazida koʻk rangli emal fonida ochiq holatdagi kitob va uning yuqori qismida nur taratayotgan quyosh shakli tasvirlangan. Uning pastki qismida 2 mm li kattalikdagi bosh harflar bilan „ILM — NUR“ soʻzlari yozilgan[2].

Ikkinchi medalonning aylanasi boʻylab oq emal fonida 2,5 mm li bosh harflar bilan „MUHAMMAD IBN ISMOIL IMOM BUXORIY“ yozuvi bitilgan boʻlib, yozuvlar 2,5 mm li ikkita brilliant bilan ajratilgandir[2].

Ordenning orqa tomoniga 2 mm li botiq harflar bilan mukofot raqami yoziladi[2].

Tasvir va yozuvlar boʻrtma shakldadir. Ordenning umumiy ogʻirligi 55 gramm[2].

„Imom Buxoriy“ ordeni eni 24 mm li, yuzasi shoyi lenta bilan qoplangan besh qirrali qadagʻichga kichik ilmoqcha va halqacha yordamida tutashtirilgan[2].

Shoyi lentaning oʻrtasidan 10 mm li yashil rangdagi yoʻl oʻtgan. Uning ikki chetidan 2 mm li ikkita oq chiziq bilan hoshiyalangan. Shoyi lentaning chekka qismlaridan 5 mm li koʻk rangdagi yoʻl oʻtgan[2].

Qadagʻichning orqa tomonida ordenni kiyimga taqish uchun toʻgʻnogʻichsimon moslama mavjud[2].

Yana qarang[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „«Imom Buxoriy» ordeni ta’sis etildi“. Gazeta.uz (2022-yil 16-avgust). Qaraldi: 29-avgust 2022-yil.
  2. 2,00 2,01 2,02 2,03 2,04 2,05 2,06 2,07 2,08 2,09 2,10 „O'zbekiston respublikasining qonuni. "Imom Buxoriy ordeni"ni ta'sis etish to'g'risida“. lex.uz. Lex.uz. Qaraldi: 24-avgust 2022-yil.