„Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sport ustozi“ faxriy unvoni — Olimpiada va Osiyo oʻyinlarining, jahon, Osiyo chempionatlarining, birinchiliklarining, A guruhidagi boshqa xalqaro musobaqalarning, Olimpiada oldi oʻyinlari yoki nogironligi boʻlgan shaxslar umumjahon chempionatlarining chempionlari va sovrindorlarini tayyorlagan, shuningdek jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishda alohida xizmat koʻrsatgan sport ustozlariga beriladi[1][2][3][4].
Koʻkrak nishoni diametri 30 millimetrli doira shaklida boʻladi va 925 probali kumushdan tayyorlanadi. Nishonning qalinligi 2,2 millimetr.
Nishonning hoshiyalangan tekis yuz tomonida yugurish yoʻlkasi fonida yosh sportchi ustozi bilan, pastki oʻng chekkasida dafna novdasi tasvirlangan. Nishonning aylanasi boʻylab “XIZMAT KO’RSATGAN SPORT USTOZI” degan yozuv joy olgan.
Nishonning orqa tomonida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasvirlangan. Tasvirlar va yozuv qabariq.
Koʻkrak nishoni ichki qismiga Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi ranglaridagi shoyi lenta sirilgan qadagʻichga halqa va ilmoqcha yordamida ulanadi.