Kontent qismiga oʻtish

Imom al-Buxoriy

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Buxoriydan yoʻnaltirildi)
Hadis

Ism

Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim al Buxoriy

Tavalludi

21-iyul 810-yil, Buxoro

Vafoti

1-sentyabr 870-yil(870-09-01)
(60 yoshda), Samarqand

Falsafa maktabi


Imom al-Buxoriy maqbarasi, Samarqand yaqiniga

Buxoriy, Imom al-Buxoriy (arabcha: الإمام البخاري‎; asl ismi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy; arabcha: أبو عبد الله محمد بن إسماعيل بن إبرهيم الجعفي البخاري‎; 810-yil 21-iyul, Buxoro – 870-yil 31-avgust, Samarqand yaqinidagi Hartang qishlogʻi) – islom olamining yirik mutafakkiri, buyuk muhaddis. Muhaddislar imomi, hadis ilmining sultoni deb ham yuritiladi.

Nasl-nasabi va yoshlik davri

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Otasi Ismoil oʻz davrining yetuk muhaddislaridan, Molik ibn Alasning shogirdi va yaqinlaridan biri boʻlib, tijorat ishlari bilan shugʻullangan. Onasi taqvodor, diyonatli, oqila ayol edi. Otasi vafot etgach, uning tarbiyasi volidasi zimmasiga tushgan. U 5—6 yoshidan islomiy ilmlarni, Muhammad paygʻambarning hadislarini oʻrganishga va yodlashga kirishadi. Taniqli muhaddislar – al-Doxiliy, Muhammad ibn Salom al-Poykandiy, Muhammad ibn Yusuf al-Poykandiy, Abdulloh ibn Muhammad al-Masnadiy va boshqalardan saboq olgan.

Safarlar va taʼlim

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Azaddan muhaddislar safarga chiqishdan oldin oʻz yurtidagi roviylardan birorta ham hadis qoldirmasdan yozib olgan boʻlishi va shundan keyingina boshqa shahar yoki mamlakatga safarga otlanishi mumkin edi. Buxoriy 16 yoshga yetguncha, oʻz yurtidagi mashoyixlardan hadis eshitib, yozib olib, xalifalikning turli viloyatlari tomon yoʻl oladi. 825-yil Buxoriy onasi va akasi Ahmad bilan Makkaga kelib, haj ibodatini ado etadi. Onasi va akasini Buxoroga qaytarib, oʻzi Makkada qoladi. Bu yerda faoliyat koʻrsatayotgan mashoyixlarning ilmiy yigʻinida qatnashadi. 827-yil Madinaga boradi. Madinadagi mashhur ulamolardan Ibrohim ibn al-Munzir, Mutrif ibn Abdulloh, Ibrohim ibn Hamza va boshqalar bilan muloqotda boʻlib, ulardan hadislar boʻyicha saboq oladi. Bu vaqtda Muhammad paygʻambarning sahobalari, sahobalarning izdoshlari turli mamlakatga tarqab ketgan edilar. Shunday sharoitda Muhammad paygʻambarning hadislarini toʻplash turli shahar va mamlakatlarga borishni taqozo qilar edi. Bir necha tarixchilarning taʼkidlashicha, Buxoriy Hijoz, Makka, Madina, Toif, Jiddaga qilgan rihlati 6 yil davom etgan. Soʻng Basra, Kufa va Bag‘dodga safar qiladi. Shom va Misrga oʻtadi. Bundan tashqari Xuroson, Marv, Balx, Hirot, Nishopur, Ray, Jibol kabi shaharlarda boʻlib, bu shaharlardagi olimlardan saboq oldi va hadislar toʻpladi.

Xorijiy yurtlardagi safardan keyin Buxoroga qaytgach, hadis ilmini targʻib etishga kirishadi. Ul zotning bu saʼyu koʻshishlari bu vaqtda Buxoroda isbotlanadi. Bu asar Hindiston va Qohirada chop etilgan. Buxoriy yaratgan „Kitob al-Favoid“ („Foydali ashyolar haqida kitob“), „Al-Jomi’ al-kabiyr“ („Katta tayanch“), „Xalq af’ol alibod“, („Alloh bandalari ishlarining tabiati“), „Al-Musnad al-kabiyr“ („Katta tayanch“), „At-Tafsir al-kabiyr“ („Katta tafsir“), „Kitob al-xiba“ („Xayrehson haqida kitob“) va boshqalar asarlarning baʼzilari bizgacha yetib kelmagan, baʼzilari jahonning turli mamlakatlari kutubxonalarida saqlanayotganligi haqida maʼlumotlar bor. Buxoriyning boshqa asarlari orasida „Tafsir al-Qur’on“ („Qur’on tafsiri“) kitobini ham alohida taʼkidlash kerak. Buxoriy asarlari musulmon dunyosining barcha madrasa va dorilfununlarida Muhammad paygʻambar sunnatlari boʻyicha asosiy darslik, qoʻllanma hisoblanadi. Jamoat arboblari, olim-u ulamolar va din peshvolari Buxoriy asarlariga tayanib ish tutadilar.

Oʻzbekistonda Buxoriyning xotirasi munosib tarzda abadiylashtirilgan. Alloma abadiy qoʻnim topgan Chelak tumanidagi Hartang qishlogʻida ulkan yodgorlik majmui ochildi (qarang Buxoriy yodgorlik majmui). Toshkent islom institutiga Buxoriy nomi berilgan. Buxoriyning hayoti va ijodiga bagʻishlab bir necha tillarda kitob-albom, 2 qismli film (1995), „Hadis ilmining sultoni“ nomli 4 qismli kinoqissa (1998) yaratilgan.[1]

Asarlar roʻyxati

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  • Al-Adab al-Mufrad (Adab durdonalari), Toshkent, 1990. 
  • Hadis, 1—4 jildlar (2-nashri), Toshkent, 1997. 
  1. „Imom al-Buxoriy“, Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. (B-harfi). Toshkent: „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2000–2006-yillar.
  • Moziydan taralgan ziyo. Imom al-Buxoriy, Toshkent, 1998. 
  • Uvatov U. Imom al-Buxoriy, Toshkent, 1998. 
  • Madaminov S. Imom Buxoriy ta’rifi, Toshkent, 1996. 
  • Imom al-Buxoriy — muhaddislar sultoni, [nashrga tayyorlovchilar Usmonhoji Temurxon o‘g‘li, Baxtiyor Nabixon ugli], Toshkent, 1998. 
  • Dushan Fayziy Zarafshoniy. Imom al-Buxoriy, Toshkent, 1998. 
  • Babaxanov Sh.Z.. Великие мухаддиси о мире и дружбе между народами, Toshkent, 1998. 
  • Ma’naviyat yulduzlari, [2-nashri], Toshkent.