Sogʻlom turmush medali

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
“Sogʻlom turmush” medali
Mamlakat Oʻzbekiston Oʻzbekiston
Turi Medal
Kimga topshiriladi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin
Taqdirlash asosi aholi orasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirishdagi, jismoniy tarbiya va sport sohasidagi alohida xizmatlari uchun
Holati topshiriladi
Statistika
Taʼsis sanasi 1996-yil 24-aprel

„Sogʻlom turmush“ medali — aholi orasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, ortiqcha vazn va semizlikni bartaraf etish, zararli odatlarning oldini olish, sogʻlom ovqatlanish va shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilishni keng targʻib qilish, aholi orasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirishdagi, jismoniy tarbiya va sport sohasidagi alohida xizmatlarini mukofotlash maqsadida taʼsis etilgan[1].

Kimlarga beriladi[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • sogʻliqni saqlash muassasalari shifokorlari, shu jumladan diyetologlar, jismoniy tarbiya instruktorlari, sogʻliqni saqlash masalalarini va sogʻlom turmush tarzini yorituvchi ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar;
  • jismoniy tarbiya bilan muntazam shugʻullanish va uni kundalik turmush tarziga aylantirish, sogʻlom hayot tarziga qat’iy amal qilish borasida jamoatchilikka shaxsiy namuna boʻlayotgani uchun — fuqarolar, namunali oilalar va sportchilar;
  • ommaviy jismoniy faollik tadbirlarini tizimli tashkil qilish orqali uni umummilliy harakatga aylantirishga qoʻshgan ulkan hissasi uchun — barcha darajadagi tashkilot va idoralar rahbarlari;
  • oʻsib kelayotgan avlod oʻrtasida ommaviy sportni rivojlantirish, uni jismoniy hamda intellektual jihatdan kamol toptirish, ruhiy barkamollikka yetkazish, qobiliyatlarini roʻyobga chiqarish, sogʻlom turmush tarzi koʻnikmalarini shakllantirishga qoʻshgan salmoqli hissasi uchun — sport maktablari, umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim tashkilotlarining rahbarlari, sport trenyerlari, jismoniy tarbiya va sport sohasining boshqa mutaxassislari;
  • sport musobaqalari orqali yoshlarda iroda, matonat, oʻz kuchi va imkoniyatlariga ishonch fazilatlarini mustahkamlash, ularda vatanparvarlik, Vatanga muhabbat va sadoqat tuygʻularini yuksaltirish borasidagi ulkan xizmatlari uchun — mudofaa tizimi vakillari, yuqori natijalarga erishgan sportchilar va ularning trenyerlari, hakamlar va sport tashkilotlarining vakillari;
  • jismoniy tarbiya va sportni respublikamizda yanada rivojlanlantirish va ommalashtirish, sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarini yuqori saviyada tashkillashtirish, sportchilarning oʻquv-yigʻin mashgʻulotlari va xalqaro musobaqalarda munosib ishtirokini ta’minlashga qoʻshgan hissasi uchun — barcha darajadagi hokimlar va ularning oʻrinbosarlari, jismoniy tarbiya va sport tashkilotlari rahbarlari, homiylar, sport federatsiya (uyushma)lariga biriktirilgan korxona va tashkilotlar rahbarlari, shuningdek,boshqa shaxslar ham aholi orasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirishdagi, jismoniy tarbiya va sport sohasidagi alohida xizmatlari uchun mukofotlanishi mumkin.

Tavsifi[tahrir | manbasini tahrirlash]

“Sogʻlom turmush” medali 0,25 mikron qalinlikda oltin qoplangan mis qotishmasidan tayyorlanadi va diametri 34 millimetrli doira shaklida boʻladi. Medalning old tomoni quyi qismida Oʻzbekiston Respublikasining xaritasi aks ettirilgan Yer shari, uning yuqori qismida esa koʻtarilayotgan quyosh nurlari fonida sogʻlom oilaning ramziy tasviri joylashgan.

Medalning aylanasi boʻylab yashil emal fonida “SOGʻLOM TURMUSH” yozuvi, quyi qismida esa sakkiz qirrali yulduzga tutashgan ikkita dafna novdasi joylashgan. Harflar balandligi va yulduzning diametri — 3,2 millimetr. Medalning orqa tomonida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasvirlangan. Quyi qismiga 2 millimetrli oʻlchamdagi botiq shrift bilan medal raqami tushirilgan. Tasvir va yozuvlar — boʻrtma.

Medalning qalinligi — 3 millimetr. Medalning old va orqa tomonlarining chetlari qabariq doira bilan oʻralgan. Medal oq rangli chiziqlar bilan hoshiyalangan yashil rangdagi shoyi lenta qoplangan besh qirrali qadagʻichga ilmoqcha va halqa yordamida ulanadi. Lentaning eni — 24 millimetr, oq rangli hoshiyalarning eni — 1 millimetr. Qadagʻichning orqa tomonida medalni kiyimga taqib qoʻyish uchun toʻgʻnogʻich koʻrinishidagi moslama mavjud.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]