Nur-Sulton (Sobiq nomi Astana) — Qozogʻistondagi shahar, Qozogʻiston Respublikasi poytaxti, Oqmoʻla viloyati maʼmuriy markazi. Hozirgi kunda shaharning hududi 200 km2. Ishim daryosining oʻng sohilida joylashgan. Temir yoʻl tuguni. Aeroport bor. Aholisi 792,7752 kishi (2013).
Mashinasozlik va metallni qayta ishlash (qishloq xoʻjalik mashinalari, nasos, vagon remonta, gaz apparaturasi, choʻyan kuyish va boshqa zavodlar), oziq-ovqat (goʻsht, sut, non mahsulotlari, pivo zavodi), yengil (chinni zavodi, tikuvchilik fabrikasi va boshqa) sanoatlari rivojlangan. Gʻisht, temir-beton materiallari, uy-joy qurilish qismlari, asfalt, keramika mahsulotlari ishlab chiqariladi. TETS ishlab turibdi. Elektr uzatkich liniyalari Ostonani Qaragʻandi, Pavlodar, Petropavlovsk, Rudniy bilan bogʻlagan.
Shahar eski qismining koʻchalari toʻgʻri burchak shaklida tuzilgan. Nursultonda 1960-yildan katta qurilish ishlari boshlandi. 1961—92 yillar bosh plani boʻyicha shaharning janubi-sharqiy qismidagi boʻsh yerlarda tipovoy loyiha asosida koʻp qavatli binolar qurilgan, yangi turar joy mikrorayonlari va jamoat binolari (Madaniyat saroyi, 1960—64, meʼmorlar O. Kratsklis, D. Danneberg, P. Fogel), Yoshlar uyi (1974, meʼmor A. T. Polyanskiy va boshqa), "Ishim" mehmonxonasi, telemarkaz va boshqalar barpo etilgan. Ostonada 4 oliy oʻquv yurti, teatr, oʻlkashunoslik va tasviriy sanʼat muzeylari bor. Nur-Sulton 1830-yilda Oqmoʻla qalʼasi sifatida barpo qilingan.
Shaharning nomi 1961-yilgacha Akmolinsk, 1992-yilgacha Selinograd, 1998-yilgacha Oqmola boʻlgan. Nursulton shahri 1997-yildan beri Qozogʻiston Respublikasining poytaxti boʻlib kelmoqda. Undan avval Olma-ota (Almati) shahri mamlakatning poytaxti boʻlgan.
Nur-Sulton shahrining aholisi 2000-yil bilan solishtirganda 169,2-ming kishiga koʻpayib, 2006-yilning boshida 550,2 ming kishiga yetdi. Aholi soni boʻyicha Nur-Sulton Qozogʻistondagi Almati shahridan keyin 2-oʻrinda.