Bayrut
Bayrut — Livan Respublikasining poytaxti. Oʻrta dengizning sharqiy sohilidagi sertepa yarim orolda joylashgan port. Iqlimi subtropik; yozi issiq va quruq. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi 14°, avgustniki 28°; oʻrtacha yillik yogʻin 900 mm. Aholisi 1,5 mln. kishi (1990, shahar atrofi bilan).
Bayrut miloddan avvalgi 18-asrda Beruta, Berit deb atalgan. Misr qoʻl ostida (miloddan avvalgi 15-asrgacha), soʻngra xettlarga (miloddan avvalgi 14-asr), ossuriyaliklarga tobe boʻlgan. 635 yil arab xalifaligi tarkibiga kiritilgan. Bayrutni 1110-yilda salib yurishi qatnashchilari egalladi. 14 — 15-asrlarda mamluklar qoʻl ostida boʻldi. 1516-yilda esa turklar tasarrufiga oʻtdi. Livan amiri Faxruddin II (1584 — 1635) zamonida rasman mustaqil davlatning markazi edi. 17 — 18-asrlarda Bayrutni Livan amirlari hamda turk voliylari idora qildi. 1860-yil avgustda fransuzlar bosib oldi. 1920-yil 1-sentabrdan fransuzlar mandati ostida "Ulugʻ Livan davlati", 1926-yildan Livan Respublikasining (1943-yil noyabrgacha fransuz mandati ostidagi) markazi. 20-asrning 30 — 50-yillarida Bayrut Livandagi milliy ozodlik harakatining eng yirik markazlaridan biri boʻldi. 1943-yildan mustaqil Livan poytaxti.
Bayrut— yirik port, temir yoʻl va avtomobil yoʻllari tuguni. Yakin va Oʻrta Sharqhamda Yevropa mamlakatlarining tranzit savdolari Bayrut orqali oʻtadi. Mamlakatning savdomoliya markazi. Davlatning 60% sanoat korxonalari shu yerda joylashgan. Toʻqimachilik, trikotaj, koʻn, oziq-ovqat (tamaki va boshqalar), metallsozlik sanoati tarmoqlari rivojlangan. Bayrut orqali chetga sitrus mevalari, olma, zaytun moyi, xom ipak, jun chiqariladi.
Bayrutda meʼmoriy yodgorliklardan Jome al-Umariy masjidi (1291-yilda qayta qurilgan), "Saroy masjidi" (16-asr boshi) va boshqa saqlangan. Bayrut asosan zamonaviy shahar; koʻp qavatli uylar, mehmonxona, bank va boshqa qurilgan. B. markazida 3 katta maydon boʻlib, boshqa shaharlarga boradigan yoʻllar shu yerdan boshlanadi. B.da universitetlar, Milliy kutubxona, Katta meʼmoriy muzey (sanʼat tarixi), Sursok muzeyi (zamonaviy sanʼat), kollejlar va boshqa bor.
Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]
- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
![]() | Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
|
![]() | Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |