Zarafshon okrugi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Zarafshon okrugi
Mamlakat Turkiston general-gubernatorligi
Asos solingan sanasi 1868-yil
Bekor qilingan sanasi 1886-yil
Xaritada

Zarafshon okrugi – Turkiston general-gubernatorligi tarkibiga kirgan tarixiy okrug (1868—1886). Samarqand Rossiya tomonidan bosib olingach (1868), Samarqand va Kattaqoʻrgʻon bekliklari birlashtirilishi natijasida tuzilgan. Keyinchalik Zarafshon okrugiga Panjikent va Zarafshon vodiysi shimolidagi togʻli rayonlar qoʻshilgan. Zarafshon okrugini boshqarish general-gubernator K.P. fon Kaufman tomonidan tasdiqlangan „Muvaqqat nizom“ asosida amalga oshirilgan. 1886-yil 12-iyunda „Turkiston oʻlkasini boshqarish toʻgʻrisida Nizom“ning qabul qilinishi bilan Zarafshon okrugi Samarqand viloyati (oblasti)ga aylantirilgan[1].

Maʼmuriy tuzilish jihatidan Zarafshon okrugi Samarqand va Kattaqoʻrgʻon boʻlimlaridan iborat boʻlgan[2]. 1868-yilning 20-iyulida general A.Abramov boshchiligida tashkillashtirilgan komissiya okrugning Samarqand va Kattaqoʻrgʻon boʻlimlari orasidagi chegaralarni amirlik davrida mavjud boʻlgan Samarqand va Kattaqoʻrgʻon bekliklari davridagi chegaralar asosida belgiladi. Samarqand boʻlimi 11 ta aholi punktini oʻz ichiga olgan uchta tumandan tashkil topgan.  Kattaqoʻrgʻon boʻlimi esa 16 ta qishloq hududini birlashtirgan bir tumandan iborat boʻldi[3]. 1868-yilning avgust oyi boshlarida Panjikent hududlari Zarafshon okrugi tarkibiga qoʻshib olindi[4]. 1870–1871-yillarda Zarafshon daryosining yuqori oqimi boʻylab joylashgan Mohiyon, Farob hamda Qoʻshtut bekliklari okrugning Samarqand boʻlimi tarkibiga kiritildi va markazi Panjikent boʻlgan Togʻli tumanlar boshqarmasi tuzildi. Togʻli tumanlarning Zarafshon okrugiga qoʻshib olinishi natijasida hududning chegaralari uzil-kesil belgilab olingan.

Zarafshon okrugi  hududi va aholisi soni boʻyicha Rossiya imperiyasining Yevropa qismidagi guberniyalarga emas, balki uyezdlarga tenglashtirilgan boʻlishi kerak edi. Ammo tashkil etilgan paytdan boshlab okrug oʻzining boshqaruvi va maqomi  yuzasidan qonunchilik tartibiga muvofiq hech qanday  tasdiqlangan hujjatga ega boʻlmagan. Okrug hududida oʻlka maʼmuriyati tomonidan 1867-yilgi Nizom loyihasi asosida ishlab chiqilgan muvaqqat qoidalar asosida ish koʻrilgan. „Muvaqqat qoidalar“ning 1-moddasiga muvofiq alohida Zarafshon okrugi rasmiy jihatdan Rossiya imperiyasi tarkibiga kirmas, lekin podsho hukumatining maxfiy yoʻriqnomasi asosida bevosita Turkiston oʻlkasi boshligʻiga boʻysunar edi6. Keyinroq Turkiston general-gubernatorining alohida farmoyishlari bilan bu qoidalar toʻldirilib, oʻzgartirilib turilgan. Natijada Zarafshon okrugi boshligʻi viloyatlarning harbiy gubernatorlari bilan teng huquqlar va majburiyatlarga ega edi. Okrug boshligʻi Turkiston general-gubernatoriga bevosita boʻysungan boʻlsa-da, topshiriq va vazifalarni gubernatorlik huzurida tashkil etilgan mahkama va amaldorlar orqali qabul qilgan. Zarafshon okrugida hech qanaqa kollegial muassasa boʻlmagan.  Boshqaruvning hamma organ va vazifalari – maʼmuriyat, politsiya, soliqlar va yigʻimlarni yigʻib olish, aholining arz-daʼvolarini koʻrib chiqish va sudyalik ishlari okrug boshligʻi boʻlgan general A.K.Abramovning ixtiyoriga tashlab qoʻyilgan[5].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. Абашин С.Н., Арапов Д.Ю, Бекмаханова Н.Е. Центральная Азия в составе российской империи. Москва Новое литературное обозрение, 2008 — 96 bet. ISBN 978-5-86793-571-9. 
  3. Alimova D. Самарқанд ва Зарафшон воҳаси тарихи замонавий тадқиқотларда. Cамарқанд ўқишлари. Тошкент: Akademnashr, 2020 — 130-131 bet. ISBN 978-9943-6499-7-2. 
  4. Саидкулов Т.С. Самарканд во второй половине XIX – начале XX веков. Самарканд, 1970 — 98 bet. 
  5. Мўминов Иброҳим. Самарқанд тарихи. 2 томлик. 1-том. Oʻzbekiston SSR Fan nashriyoti — 307 bet.