Quyon (hayvon)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Quyontovushqonlar oilasiga mansub sut emizuvchi hayvon. Uy Q.larining ajdodi yovvoyi Q.lar hisoblanadi. Madagaskar oroli, Janubiy Amerikaning jan. viloyatlari va Antarktidadan tashqari Yer yuzining hamma qismida tarqalgan. Uy Q.lari yovvoyilariga qaraganda ancha yirik, gavdasi uz. 70 sm gacha (yovvoyilari 44 sm gacha). Q. serpusht, tez yetiladi, goʻsht va moʻyna, tivit olish uchun urchitiladi. Yil mobaynida koʻpaya oladi. Urgʻochisi 3—4 oyligida jinsiy yetiladi, 5—6 oyligida qochiriladi. 28—32 kunda bolalaydi. Yiliga bir Q. 3—6 marta, har safar 5—8 (baʼzan 15 va undan ortiq) bola tugʻadi. Nasldor q. bolalari 30—45 kunlik, vazni 800—900 g boʻlganda onasidan ajratiladi. Tez yetiladigan zotlar 65— 70 kunlik, vazni 1,8–2 kg , kech yetiladiganlari 90—120 kunlik, vazni 2,8–4 kg boʻlganda soʻyiladi. Goʻsht chiqimi 47—60%. Kuzgi tullashdan keyingi qishki terisi eng sifatli hisoblanadi. Jahonda 60 dan ortiq zoti bor. Jun qoplamiga koʻra moʻynali va tivitli zotlarga boʻlinadi. Q. 7— 10 yil yashaydi. Xoʻjalikda foydalanish’ davri 2—3 yil. Asosan, koʻkat, ildizmevalar, sabzi-karam silosi, mayin xashak; don-dun, omuxta yem va boshqa konsentratlar, goʻsht-suyak va baliq uni; mineral qoʻshimchalar — suyak uni, osh tuzi va boʻr bilan boqiladi, xonadonlarda boqilganda oziq-ovqat chiqitlari ham beriladi.