Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti
(TDSHU, ToshDSHU)
Xalqaro nomi Tashkent state university of oriental studies
Asos solingan 1918-yil
Oʻquv yurti turi universitet
Tipi davlat
Sohasi sharqshunoslik
Rektori Rixsiyeva Gulchehra Shavkatovna (2019-yildan)
Fakultetlar 7 ta
Bakalavriat 4 yil
Magistratura 2 yil
Doktorantura bor
Kampusi 4
Manzili Toshkent shahri, Mirobod tumani, Shahrisabz koʻchasi, 25
Vebsayti https://tsuos.uz

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti — Toshkent[1] shahrida joylashgan oliy taʼlim muassasasi. Markaziy Osiyo[2]da yagona sharqshunoslik oliy taʼlim muassasasi. 1918-yilda tashkil topgan Osiyoda birinchi va eng qadimgi sharqshunoslik oliy taʼlim muassasasi. 1991-2020 yillarda institut maqomida edi.

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

1918-yil noyabr oyida Toshkentda Turkiston Sharqshunoslik instituti tashkil etildi. Bu institut Oʻrta Osiyoda yagona ilk sharqshunoslik oliy oʻquv yurti boʻlib, qoʻshni mamlakatlar uchun ham sharqshunoslik fanining turli sohalari boʻyicha malakali mutaxassislar yetishtirib bera boshladi[3]. Mazkur bilim dargohida Turkiston va unga qoʻshni boʻlgan xorijiy sharq mamlakatlarining tarixi, etnografiyasi, geografiyasi, oʻlkashunosligi, islom tarixi va musulmon qonunshunosligi kabi fanlar, sharq xalqlarining tillari va adabiyotlari oʻrgatilgan. Oʻsha yili 1-kursga 234 ta talaba qabul qilingan edi. Institutda sharq tillaridan arab, fors, xitoy, pushtu, urdu, turk va mahalliy tillardan oʻzbek, tojik, qirgʻiz, turkman, tatar hamda Yevropa tillaridan ingliz, nemis va fransuz tillarini oʻqitish yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek, Afgʻoniston, Hindiston, Eron, Sharqiy va Gʻarbiy Turkiston, Buxoro geografiyasi; oʻzbek, qirgʻiz, fors, tojik, qozoq, afgʻon, qoraqalpoq xalqlari etnografiyasi; Oʻrta Osiyo, Eron, Afgʻoniston, Hindiston va qadimgi dunyo tarixi, islom tarixi, shariat qonunlari kabi fanlar oʻqitilgan. 3-kursdan boshlab talabalar ixtisoslikka boʻlinib oʻqitilgan. Taʼlim quyidagi ixtisosliklar boʻyicha taqsimlangan; turkiy tillar, eron filologiyasi, arabshunoslik va islomshunoslik. Shu bilan birga, mahalliy maktablar uchun ona tili va tarix oʻqituvchilari ham tayyorlangan.

Rasmiy maʼlumotlarga qaraganda, 1922-1923 oʻquv yilida Turkiston Sharqshunoslik institutida 210 nafar talaba oʻqigan. Bundan 16 foizigina mahalliy xalq farzandlari boʻlgan. Institutda 5 nafar professor, 21 nafar oʻqituvchi va bir necha lektor va praktikantlar taʼlim va tarbiya ishlarini olib borgan.1922-yilga kelib, institut kutubxonasida 5300 jild kitob va 200 dan ortiq qoʻlyozma asarlar mavjud edi. Turkiston Sharqshunoslik instituti 1924-yilda alohida fakultet sifatida Oʻrta Osiyo davlat universitetiga qoʻshib yuborildi. Uning birinchi dekani etib A.E.Shmidt tayinlandi.

Fakultet faoliyati uzoq davom etmadi. 1930 yilga kelib bu fakultet pedagogika fakultetiga aylantirildi va 1931-yilda uning faoliyati batamom tugatildi. Sharqshunoslik taʼlimi uzoq davom etgan boʻlmasa-da, qisqa davr ichida mazkur ilm dargohidan A.K.Borovkov, V.V.Reshetov, K. Yudaxin, I.A.Kissen. R.L.Nemenova kabi taniqli tilshunos olimlar, R.R.Ivanov, M.R.Ivanova, M.Masson, V.A.Shiglkin, O.A.Suxareva kabi mashhur tarixchi va etnograflar, Muxtor Avezov, Sotim Ulugʻzoda kabi atoqli yozuvchilar hamda D.G.Voronovskiy kabi bir qancha sharqshunos olimlar yetishib chiqdi.

1944-yilda Oʻrta Osiyo davlat universiteti (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti) qoshida qaytadan sharq fakulteta taʼsis etildi. Uning dekani etib tarixchi sharqshunos olim Abdurahmon Hamroev tayinlandi. Fakultetda, oʻquv rejasiga koʻra, Yaqin va Oʻrta Sharq xalqlari tarixi va iqtisodi, tili va adabiyoti oʻqitila boshlandi.

1947-yili fakultet qoshida aspirantura tashkil qilindi. Koʻpgina yosh mutaxassislar Moskva va Leningrad kabi markaziy shaharlarla aspiranturada oʻqib, fan nomzodi ilmiy darajasini olib qaytdilar. Ular oʻz yurtlariga joʻnab ketgan rus sharqshunos olimlarining oʻrnini toʻldirib, sharqshunoslikning turli sohalari boʻyicha dars bera boshladilar.

1944-1947-yillarda fakultetda 4 ta kafedra mavjud boʻlgan. Bular: Eron filologiyasi (1955 yildan Eron-Afgʻon filologiyasi) kafedrasi; Shimoliy hind (keyinchalik hind va hozirda Janubiy va Janubi-sharqiy Osiyo tillari) filologiyasi kafedrasi; Sharqiy Turkiston filologiyasi kafedrasi; Yaqin va Oʻrta Sharq mamlakatlari tarixi kafedrasi. 1949-yilda fakultetning dastlabki talabalari oʻqishni bitirib, hayotga yoʻllanma oldilar. Birinchi qaldirgʻochlar 41 nafardan iborat boʻlib, bugungi kunda ularning koʻpchiligi Respublikada elga tanilgan mashhur olimlar qatoridan joy olgan.

Fakultet kun sayin kengayib, takomillashib bordi. Arab, fors, pushtu, hind, urdu, xitoy, uygʻur, turk tillari bilan bir qatorda ingliz, rus va oʻzbek tillarini oʻrganishga ham katta ahamiyat berib kelindi. Sharq xalqlarining mumtoz va hozirgi zamon adabiyoti boʻyicha talabalarga chuqur bilim berish maqsadida 1965-yilda maxsus Sharq mamlakatlari adabiyoti kafedrasi tashkil etildi. Bir oz vaqt oʻtgach, Gʻarbiy Yevropa tillari kafedrasi tashkil qilinib, fakultet boʻyicha yevropa tillarini oʻqitish jarayoni taʼminlandi. Bu orada sharq tillarini oʻqishini takomillashtirib, talabalarning nutq malakalarini oʻstirish maqsadida fakultetga Eron, Afgʻoniston, Hindiston, arab mamlakatlaridan oʻqituvchilar taklif etila boshlandi. Ular 1-2 yil davomida talabalarga dars berib, ularning azaliy malaka hosil qilishlarida katta yordam koʻrsatdilar. Bu hol talabalarning tilni ham nazariy, ham amaliy jihatdan puxta bilishlariga. imkon tugʻdirdi. Faqat 1960-1970-yillar davomida xorijiy Sharq mamlakatlaridan 10 nafar mutaxassis dars berish uchun taklif etilgan edi. Oʻz navbatida, fakultet oʻqituvchi va talabalari ham chet mamlakatlarga borib, u yerdagi institut va universitetlarda oʻqib, oʻz malakalarini oshirib qaytdilar. 1990-yilda Sharq fakulteti negizida Toshkent Davlat universiteti qoshida Sharqshunoslik instituti tashkil qilindi. 1991-yil 15-iyulda esa bu institut Oʻzbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning farmoni bilan Toshkent davlat sharqshunoslik institutiga aylantirildi[4]. Respublikamizning bugungi ehtiyojlarini inobatga olgan holda, institutda sharqshunoslik sohasidagi turli ixtisosliklar va yoʻnalishlarning doirasi yanada kengaytirildi. Universitet fakultet boʻlgan davrda mutaxassislar faqat filologiya, tarix na iqtisod ixtisoslari boʻyicha tayyorlangan boʻlsa, bugungi kunda bu oʻquv maskanida oʻn ikki mutaxassislik boʻyicha taʼlim berilmoqda. Ilgari fakultetda 7 ta kafedra faoliyat koʻrsatgan boʻlsa, bugungi kunga kelib Sharqshunoslik universitetida 25 ta kafedra faoliyat koʻrsatyapti. Universitet tashkil etilgach, arab, fors, dariy, hind, urdu, xitoy, pushtu va uygʻur tillari bilan bir qatorda yapon, koreys, turk tillari va adabiyoti ham oʻqitila boshlandi. Hozirgi kunda institutda 20 tadan ortiq til oʻqitilmoqda[5].

Fakultetlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida bugungi kunga kelib 7 ta fakultet mavjud.

Sharq filologiyasi va tarjimashunoslik fakulteti[6][tahrir | manbasini tahrirlash]

Sharq filologiyasi va tarjimashunoslik fakultetida sharqshunoslikning oʻzak yoʻnalishlaridan biri filologiya sohasi uzoq yillardan beri oʻqitib kelinadi. Bu yerda soha boʻyicha noyob tajriba maktabi hamda uzoq yillik sharq tillari va adabiyotini oʻqitish anʼanasi shakllangan. Fakultet tarixi mobaynida Sharq va Gʻarb mamlakatlari tillarini mukammal oʻzlashtirgan, Sharq mamlakatlari adabiyoti, madaniyati haqida chuqur bilimlarga ega boʻlgan, zamon talablariga javob bera oladigan malakali sharqshunos mutaxassislarni tayyorlash, sharq filologiyasining turli qirralarini oʻrganish boʻyicha fundamental tadqiqotlarni amalga oshirish izchil yoʻlga tushdi. Fakultet tashkil topgandan boshlab hozirga qadar fakultet bitiruvchilaridan 70 dan oshiq fan doktori, 350 ga yaqin fan nomzodi yetishib chiqdi.

Sharq filologiyasi fakultetining bitiruvchilari orasidan A.Rustamov, U.Karimov, A.Qayumov kabi akademiklar, I.Abdullayev, S.Gʻaniyeva, A.Hayitmetov, P.Qodirov singari davlat mukofoti sohiblari, Q.Mahmudov, Sh.Shomuhamedov, E.Rustamov kabi xalqaro mukofot sohiblari, S.Mirqosimov, F.Teshaboyev, A.Shayxov, S.Inogʻomov, I.Ergashev, A.Usmonov kabi favqulodda va muxtor elchilar yetishib chiqqan. Bugungi kunga kelib eʼtiborli tomoni shundaki, fakultet professor-oʻqituvchilarining koʻpi yoshlar (Xodjayeva N.B., Mirzahmedova H.V., Nuriddinov N.N., Rahmatullayev N.N va b.). Ularni ilmga tortish, ilmiy rahbarlik qilish jamoada yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Fakultetda yolgʻiz dars berish bilan cheklangan oʻqituvchi yoʻq. Keksa boʻlsin, yosh boʻlsin, oʻz pedagogik faoliyati bilan yonma-yon ilmiy ish ham olib boradilar. Bugunga kelib fakultetda 6 ta kafedra faoliyat olib bormoqda. Fakultet dekani: f.f.n., I.Y. Bultakov.

Xitoyshunoslik fakulteti[7][tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A. Karimovning 2014-yil 3-sentyabrdagi PQ-2228 sonli "Toshkent davlat sharqshunoslik institutida Xitoyshunoslik fakultetini ochish toʻgʻrisida"gi[8] Qarori asosida institut rektorining 2014-yil 20-sentyabrdagi 01-243 sonli buyrugʻi bilan Xitoyshunoslik fakulteti tashkil etilgan. Bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha yangidan ishlab chiqilgan davlat taʼlim standarti asosida fan dasturlari va oʻquv rejalari ishlab chiqildi va darslar tashkil etildi. Bugungi kunda fakultetda toʻrtta kafedra faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Shulardan ikkitasi mutaxassis tayyorlovchi kafedralardir. Hozirda fakultet dekani vazifasini PhD., O.M. Ochilov bajarib kelmoqda.

Koreyashunoslik fakulteti[9][tahrir | manbasini tahrirlash]

Toshkent davlat sharqshunoslik institutida 2018-2019-oʻquv yildan Koreyashunoslik fakulteti tashkil etildi. Fakultet tarkibida 3 ta kafedra: „Koreys filologiyasi“, „Koreya iqtisodiyoti va siyosati“ hamda „Koreya tarixi va madaniyati“ kafedralari oʻz faoliyatini boshladi. Fakultet dekani: f.f.d., prof., Sh.R. Usmanova.

Sharq sivilizatsiyasi va tarix fakulteti[10][tahrir | manbasini tahrirlash]

Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining Sharq sivilizatsiyasi va tarix fakultetida uchta mutaxassis tayyorlovchi va ikkita nomutaxassislik kafedralari faoliyat olib boradi. Fakultetda bugungi kunda asosiy shtatda 45 nafar professor-oʻqituvchi faoliyat olib bormoqda. Shundan: 8 nafari fan doktori, professorlar; 19 nafari fan nomzodi (PhD), dotsentlar; 18 nafari katta oʻqituvchi va oʻqituvchilar.

Sharq mamlakatlari iqtisodiyoti, siyosat, turizm fakulteti[11][tahrir | manbasini tahrirlash]

2008-yilda „Xalqaro aloqalar va iqtisod“ fakulteti asosida „Xorijiy mamlakatlar iqtisodiyoti va mamlakatshunoslik“ fakulteti tashkil etildi. 2018-yilda „Xorijiy mamlakatlar iqtisodiyoti va mamlakatshunoslik“ fakulteti asosida „Xorijiy mamlakatlar iqtisodiyoti va siyosati“ fakulteti tashkil etildi. Uning tashkil etilishidan maqsad yurtimizda iqtisodchi-sharqshunos, siyosatchi-sharqshunos kadrlarni tayyorlash, Osiyo-Tinch okeani, Yaqin va Oʻrta Sharq hamda MDH mamlakatlarining ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy, xavfsizlik, harbiy- texnikaviy rivojlanashining oʻziga xos jihatlarini oʻrganadigan, bu boradagi muammolarni tahlil qilish salohiyatiga ega mutaxassislarni yetishtirishdan iborat. Bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha yangidan ishlab chiqilgan davlat taʼlim standarti asosida fan dasturlari va oʻquv rejalari ishlab chiqildi. Fakultetda 45 ta professor-oʻqituvchilar, jumladan 12 nafar fan doktorlari, 10 nafar fan nomzodi, 6 nafar PhD, 7 nafar katta oʻqituvchilar va 10 nafar oʻqituvchilar oʻz pedagogik faoliyatlarini olib borishmoqda. Oʻqituvchi va murabbiylar muntazam ravishda Oʻzbekistondagi hamda xorijiy mamlakatlardagi sharqshunoslikka, iqtisodiy aloqalarga jahon siyosatiga bagʻishlangan konferensiya, simpozium, seminarlarda qatnashadilar. Ular chet ellik hamkasblarini yurtimizdagi milliy iqitisodiyotimizda hamda sharqshunoslik maktabida erishilgan yutuqlar bilan tanishtirmoqdalar va tajriba almashmoqda. Jumladan, fakultetdan 2019-yilda 5 nafar oʻqituvchi xorijga anjumanlarda qatnashish uchun yuborildi. Oʻzbekiston boʻyicha faqat ushbu fakultetda Yaqin, Oʻrta, Uzoq Sharq, MDH va Janubiy Osiyo boʻyicha iqtisodchi-sharqshunos, siyosatchi sharqshunos va turizm boʻyicha mutaxassislar tayyorlanadi. Ular oʻrganayotgan mamlakatlarining tili, madaniyati, tarixi, iqtisodi, siyosati va turizm salohiyati boʻyicha chuqur bilimga ega boʻladilar. Fakultetda oʻqish jarayonidan tashqari mamlakatni yanada chuqurroq oʻrgatish maqsadida bir qancha toʻgaraklar faoliyat yuritib kelmoqda. Hozirda fakultet dekani vazifasini i.f.n. Ch. Q. Xusanov bajarib kelmoqda.

Turkshunoslik fakulteti[12][tahrir | manbasini tahrirlash]

Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida turkiy tillarni oʻrganish dastlab 1990-yilda Oltoyshunoslik nomi bilan tashkil etilgan. 1991- yildan kafedra Turkiy tillar nomi bilan ataldi. 2020-yilda Turkshunoslik fakulteti maqomi berildi. Kafedraga uzoq yillar akademik A.Rustamov rahbarlik qildi. 1999-yildan boshlab f.f.d., prof. Q.Sodiqov, keyinchalik f.f.d., prof. Q.Omonov, f.f.n., dots. J.Shabanov, f.f.d., prof. Z.Xudoyberganova va f.f.n, dots. Oʻ.Lafasov mudirlik qildi.

Yaponshunoslik fakulteti[13][tahrir | manbasini tahrirlash]

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Oʻzbekistonda yapon tilini rivojlantirish boʻyicha yetakchilardan biridir. 1992 yilda tashkil etilgan Yapon filologiyasi kafedrasi yapon tilini oʻqitish boʻyicha nafaqat Oʻzbekistonda, balki Markaziy Osiyodagi birinchi taʼlim muassasasidir. Soʻnggi yillarda yaponshunoslik sohasidagi tadqiqotlar yangi fakultet tashkil qilinishiga sabab boʻldi. 2019-yil 4-dekabr kuni Toshkent Davlat Sharqshunoslik institutida Yaponshunoslik fakultetining tantanali ravishda ochilishi boʻlib oʻtdi. Mazkur fakultetning ochilishi dunyoning yetakchi davlatlaridan biri Yaponiya bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi siyosiy va iqtisodiy aloqalarning rivojlanishi davrida mutaxassislarni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Uning TDSHUda ochilishi yapon tili boʻyicha oʻqitish jarayoni va tadqiqotchilik ishlarini birlashtirish, ushbu sohadagi yoʻnalishlarni muvofiqlashtirish, oʻzbek yaponshunosligi darajasini yangi bosqichga olib chiqish imkoniyatini beradi. Fakultet olida turgan eng dolzarb vazifa nafaqat yapon tilidan taʼlim berish, balki yaponshunoslikni rivojlantirish, yani yapon tilshunosligi, yapon adabiyoti, Yaponiya siyosati, iqtisodi, tarixi, falsafasi, maʼdaniyati sohasida mutahassis va tadqiqotchi kadrlarni tayyorlashdan iboratdir.

Fakultet kafedralari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sharq filologiyasi va tarjimashunoslik fakulteti kafedralari[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Arab filologiyasi kafedrasi
  • Eron-afgʻon filologiyasi kafedrasi
  • Janubiy va Janubi-sharqiy Osiyo tillari kafedrasi
  • Mumtoz filologiya va adabiy manbashunoslik kafedrasi
  • Tarjimashunoslik va xalqaro jurnalistika kafedrasi
  • Sharq mamlakatlari adabiyoti va qiyosiy adabiyotshunoslik kafedrasi

Xitoyshunoslik fakulteti kafedralari[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Xitoy filologiyasi kafedrasi
  • Xitoy tarixi, madaniyati, siyosati va iqtisodiyoti kafedrasi

Koreyashunoslik fakulteti kafedralari[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Koreys filologiyasi kafedrasi
  • Koreya tarixi, madaniyati, siyosati va iqtisodiyoti kafedrasi

Sharq sivilizatsiyasi va tarix kafedralari[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Sharq mamlakatlari tarixi va antropologiyasi kafedrasi
  • Markaziy Osiyo xalqlari tarixi va etnologiyasi kafedrasi
  • Sharq falsafasi va madaniyati kafedrasi
  • Manbashunoslik va tasavvuf germenevtikasi kafedrasi

Sharq mamlakatlari iqtisodiyoti, siyosati va turizm fakulteti kafedralari[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Sharq mamlakatlari iqtisodiyoti kafedrasi
  • Sharq mamlakatlari siyosati va xalqaro munosabatlar kafedrasi
  • Tashqi iqtisodiy faoliyat va turizm kafedrasi
  • Matematika va axborot texnologiyalari kafedrasi

Yaponshunoslik fakulteti kafedralari[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Yapon filologiyasi kafedrasi
  • Yaponiya tarixi, madaniyati, siyosati va iqtisodiyoti kafedrasi

Turkshunoslik fakulteti kafedralari[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Turk filologiyasi kafedrasi
  • Turkiy xalqlar tarixi, madaniyati, siyosati va iqtisodiyoti kafedrasi
  • Oʻzbek tili va adabiyoti kafedrasi
  • Gʻarb tillari kafedrasi

Universitet maqomining berilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

2020 yilda Vatanimiz sharqshunosligi sohasida unutilmas yil boʻldi, chunki Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. M. Mirziyoyev "Sharqshunoslik sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi [14] qarorga imzo chekdi. Qaror bilan Toshkent davlat sharqshunoslik instituti negizida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti tashkil etildi.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi“. www.edu.uz. Qaraldi: 26-Fevral 2019-yil.
  2. Obщestvo | IP „UZINFORM““. www.uzinform.com. Qaraldi: 26-Fevral 2019-yil.
  3. Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti“(aniqlanmagan). Qaraldi: 19-Iyul 2020-yil.
  4. Lex.uz — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi“(aniqlanmagan). Qaraldi: 23-Iyul 2020-yil.
  5. tashgiv. „Toshkent davlat sharqshunoslik instituti“ (7-Fevral 2019-yil). Qaraldi: 26-Fevral 2019-yil.
  6. Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti“(aniqlanmagan). Qaraldi: 19-Iyul 2020-yil.
  7. Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti“(aniqlanmagan). Qaraldi: 19-Iyul 2020-yil.
  8. Lex.uz — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi“(aniqlanmagan). Qaraldi: 23-Iyul 2020-yil.
  9. Toshkent davlat sharqshunoslik instituti“(aniqlanmagan). Qaraldi: 19-Iyul 2020-yil.
  10. Sharq sivilizatsiyasi va tarixi fakulteti“(aniqlanmagan). Qaraldi: 19-Iyul 2020-yil.
  11. Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti“(aniqlanmagan). Qaraldi: 19-Iyul 2020-yil.
  12. Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti“(aniqlanmagan). Qaraldi: 19-Iyul 2020-yil.
  13. Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti“(aniqlanmagan). Qaraldi: 19-Iyul 2020-yil.
  14. Lex.uz — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi“(aniqlanmagan). Qaraldi: 19-Iyul 2020-yil.