Shoislom Shomuhamedov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Shomuhamedov Shoislom Mahmudovich (1921.16.4, Toshkent) — sharqshunos, eronshunos olim. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi (1978), filologiya fanlari doktori (1968), professor (1970). Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi (1941—42). Oʻrta Osiyo universitetining Sharq fakultetini tugatgan (1952). Shu universitetda oʻqituvchi, dotsent (1958—60), sharq fakulteti dekani (1960—72), universitetning ilmiy ishlar boʻyicha prorektori (1972—85), Sharq fakulteti (1991 yildan Toshkent sharqshunoslik instituti) xorijiy sharq mamlakatlari adabiyoti kafedrasi mudiri (1966— 72), kafedra professori (1985 yildan). Sh. olim, shoir va tarjimon sifatida mumtoz va hozirgi zamon Eron adabiyoti boʻyicha tadqiqotlar, oʻquv qoʻllanmalari, fors-tojik adabiyoti klassiklari asarlaridan tarjimalar va uning oʻz qalamiga mansub sheʼrlar, hikoyalar toʻplamlaridan iborat 90 ga yaqin kitob yaratdi. Sh. tarjimon sifatida oʻnlab sharq shoirlari asarlarining oʻzbek xalqi maʼnaviy mulkiga aylanishiga ulkan hissa qoʻshdi. Xususan, Firdavsiy "Shohnoma"sining 3 jildli yangi tarjimasi va nashri (1975—79) bevosita uning rahbarligi va ishtirokida amalga oshirildi. U hind, arab, rus, ozarbayjon, tojik, turkman shoirlari asarlaridan ham koʻplab namunalarni oʻzbek tiliga tarjima qilgan.

Ijodi[tahrir]

SH. shoir va yozuvchi sifatida bolalar hamda kattalarga atalgan, axloqiy-taʼlimiy, ijtimoiy-falsafiy, maʼrifiy gʻoyalarni targʻib etuvchi oʻnga yaqin sheʼriy va nasriy asarlarini nashr ettirgan. Firdavsiy nomidagi xalqaro mukofot laureati (1973), "El-yurt hurmati" ordeni bilan mukofotlangan (1998).

Manbalar[tahrir]

  • Fors-tojik adabiyoti klassiklari ijodida gumanizm, T., 1968;
  • Xazinalar jilosi, T., 1981;
  • Odamiylik inshosi, T., 1984;
  • Shoh kitob va uning muallifi, T.. 1992;
  • Fidoiylar va ruboiylar, T., 2003;
  • Fors sheʼriyatining shakllari, T., 2004.